TOSHKENT INVESTITSIYA FORUMI - OʻZBEKISTONNING SARMOYADORLAR BILAN OCHIQ MULOQOT MAYDONI

O‘zbekiston bugun global iqtisodiy hamkorlikda o‘zining yangi sahifasini ochmoqda. O‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqmoqda. Bu strategik hujjatda 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmini 200 milliard AQSh dollariga yetkazish rejalashtirilgan. Albatta, bu kabi ulkan maqsadlarga faqat ichki resurslar bilan erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham xorijiy investitsiyalarni jalb etish O‘zbekiston iqtisodiy siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Toshkent – xalqaro investorlar e’tiborida
Bu borada Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi ayni maqsadlarga xizmat qilayotgan eng muhim global maydonlardan biriga aylandi. U mamlakatimizning ochiqligi, ishonchliligi va sarmoyalar uchun qulay muhit yaratishga intilayotganini butun dunyoga namoyish etmoqda.
Forumning o‘tkazilishi natijalariga ko‘ra uning ahamiyati tobora ortib borayotgani yaqqol sezilmoqda. Ma’lumotlarga ko’ra, III Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi doirasida 93 ta mamlakatdan 2,500 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi va 26,6 milliard dollarlik investitsion bitimlar imzolandi. Bu raqamlar mamlakatimizga bo‘lgan ishonch darajasining yuqori ekanini ko‘rsatadi deyish mumkin.
Bundan tashqari, ushbu forum doirasida bugunga qadar 357 ta investitsion kelishuv imzolangan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 44 milliard AQSh dollariga teng. Bugungi kunga kelib ushbu kelishuvlardan 57 tasi to‘liq amalga oshirildi va foydalanishga topshirildi, yana 263 tasi bo‘yicha loyihalashtirish va qurilish ishlari davom etmoqda. Forum orqali O‘zbekiston o‘zining eng yirik iqtisodiy hamkorlarini aniqlab olmoqda. Bugungi kunga kelib loyihalarning eng katta qismi Saudiya Arabistoni bilan bog‘liq bo‘lib, ular bilan 10,7 milliard dollarlik bitimlar imzolangan. Undan keyingi o‘rinlarda Xitoy (7 mlrd), Rossiya (5,5 mlrd), BAA (4,6 mlrd), Turkiya (3,6 mlrd), Germaniya (3,4 mlrd) va Fransiya (2 mlrd) kabi mamlakatlar turibdi. Bu hamkorliklar nafaqat iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi, balki texnologiyalar, boshqaruv va innovatsiyalar almashinuviga ham xizmat qiladi.
IV Forum — yangi bosqich va yangi imkoniyatlar
2025 yil 10–12 iyun kunlari IV Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi o‘tkazildi. Bu yilgi forumning o‘ziga xos jihati shundaki, ilk bor investitsiya ko‘rgazmasi sifatida tashkil etildi. Unda 100 mamlakatdan 7,5 mingdan ortiq vakillar, jumladan, davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va global biznes vakillari, yetakchi xalqaro kompaniyalar va moliyaviy institutlar rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda hukumat vakillari va xorijiy sarmoyadorlar mamlakatdagi investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, tartib-taomillarni soddalashtirish va yangi tashabbuslarni ishlab chiqish masalalarini muhokama qilishadi. Bu ochiq muloqot formati O‘zbekistonning biznes yuritishdagi ochiqligi va islohotlarga tayyorligini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda bugungi kunda O‘zbekiston jahon sarmoyadorlari nigohida barqaror, ochiq va istiqbolli mamlakat sifatida namoyon bo‘lmoqda. Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumi bu imijni yanada mustahkamlash, iqtisodiy islohotlarni amaliyotga joriy etish va xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Aytish mumkinki, 2030-yilga borib 200 milliard dollar YAIMga erishish yo‘lida bunday forumlar — taraqqiyotga sarmoya, xalqaro hamkorlikka ishonch, yangi O‘zbekiston qurilishiga poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Viqorjon Bahriddinov
Makroiqtisodiy siyosat va prognozlashtirish
kafedrasi dotsenti, PhD. TDIU