OLIY TA’LIMDA GLOBAL STANDARTLAR SARI: O‘ZBEKISTON TAJRIBASI VA YANGI YO‘NALISHLAR

Iyun 21, 2025 - 05:50
Iyun 21, 2025 - 05:51
 0  3
OLIY TA’LIMDA GLOBAL STANDARTLAR SARI: O‘ZBEKISTON TAJRIBASI VA YANGI YO‘NALISHLAR

O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi jahon tendensiyalariga mos ravishda tubdan isloh qilinmoqda. Mamlakatda ta’lim sifatini oshirish, xalqaro standartlarga javob beradigan mutaxassislar tayyorlash va ilmiy salohiyatni rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni kengaytirish va xalqaro ta’lim tajribalarini joriy etish bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Bugungi kunga kelib, O‘zbekistonda 35 dan ortiq xorijiy universitetlarning filiallari ochildi. Ushbu ta’lim muassasalari xalqaro darajadagi mutaxassislarni tayyorlashda muhim rol o‘ynamoqda. Shuningdek, dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari joriy qilinib, ikki diplom olish tizimi rivojlanmoqda. Xususan, “Top-500” reytingidagi universitetlar bilan kamida 50 ta qo‘shma dastur ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida dunyoning yetakchi ilmiy maktablari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 3 trillion so‘m ajratilib, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalari kengaytirildi. Shu bilan birga, yosh olimlarni xalqaro loyihalarda ishtirok etishga rag‘batlantirish maqsadida 5 mingdan ortiq tadqiqotchilarga qo‘llab-quvvatlov mexanizmlari joriy qilindi. O‘zbekistonda oliy ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida 10 ta universitet dunyoning eng nufuzli “Top-1000” reytingiga kiritilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 30 ta universitetning ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilmoqda. Bu esa O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini global miqyosda tan olinadigan darajaga olib chiqishiga xizmat qiladi. Xulosa qilib aytganda, yurtimizda oliy ta’lim tizimidagi islohotlar mamlakatni xalqaro ta’lim makoniga integratsiya qilish, yosh avlodga sifatli bilim berish va ilmiy salohiyatni oshirishga qaratilgan. Xalqaro tajriba asosida olib borilayotgan bu o‘zgarishlar natijasida mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi jahon standartlariga mos ravishda taraqqiy etib, global ilm-fan va innovatsiyalar maydonida munosib o‘rin egallaydi.

 

Yusupov Komaliddin Baxtiyor o‘g‘li
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti,
 Iqtisodiyot va menejment kafedrasi assistenti.

 

Xoldorov Sardor Umarovich
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti,

Iqtisodiyot va menejment kafedrasi  katta o‘qituvchisi.