MAHALLA – YANGI O‘ZBEKISTONNING IJTIMOIY TAYANCHI

Bugungi O‘zbekiston yangilanish va taraqqiyot davrini boshdan kechirmoqda. Bu jarayonda davlat va jamiyat o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajarayotgan eng muhim institutlardan biri bu – mahalla tizimidir. Aynan mahalla xalqimizning ma’naviy ildizlari, tarixiy qadriyatlari va o‘zaro birdamlik tamoyillarini mujassam etgan noyob tuzilmadir.
Mahalla – xalq bilan muloqot maydoni.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mahalla instituti tubdan isloh qilinib, uni kuchli ijtimoiy boshqaruv bo‘g‘iniga aylantirish yo‘lida katta qadamlar qo‘yildi. “Mahalla raisi – xalq ishonchini qozongan inson bo‘lishi kerak” degan g‘oya amalda o‘z tasdig‘ini topmoqda. Mahalla endilikda nafaqat xonadon muammosini hal qiluvchi, balki odamlarning dardini tinglab, ijtimoiy adolatni ta’minlovchi maskanga aylanyapti.
Bugun har bir mahallada “Mahalla yettiligi” faoliyat yuritib, fuqarolarning bandligi, ijtimoiy himoyasi, huquqiy maslahatlar, yoshlar va ayollar bilan ishlash masalalariga bevosita e’tibor qaratmoqda. Bu – xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
E’tirof etish lozimki, so’nggi yillarda mahalla tizimining davlat boshqaruvidagi o‘rni qayta ko‘rib chiqildi. Xususan:
· 3 mingdan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inlarida binolar ta’mirlandi yoki yangidan qurildi.
· Mahalla yettiligi faoliyati takomillashtirilib, jamoatchilik nazorati kuchaytirildi.
· Ayollar daftari asosida 1 million nafardan ortiq xotin-qizning bandligiga ko’maklashildi, tibbiy yordam, imtiyozli kredit va ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.
· Yoshlar daftari orqali 200 mingdan ortiq yoshga ta’lim olish, ish topish va tadbirkorlikni boshlash imkoniyati yaratildi.
· Temir daftar orqali qariyb 450 mingga yaqin ehtiyojmand oila aniqlanib, ularga manzilli yordam ko‘rsatildi.
· Mahalla axborot tizimi ishga tushirildi.
· Elektron ro‘yxatlar, onlayn murojaatlar va statistik hisobotlar avtomatlashtirildi.
· Aholining muammolari va ijtimoiy holatini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati yaratildi. Bu esa yordam va xizmatlarni oshkora, tezkor va manzilli qilishda muhim vositaga aylandi.
Bundan tashqari, yoshlar tarbiyasida mahalla roli kun sayin ortib bormoqda va bugungi O‘zbekiston yoshlariga e’tibor davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Jumladan:
· “Mahallada 5 tashabbus” doirasida 45 mingga yaqin sport va madaniy tadbirlar o‘tkazildi;
· Yoshlar yetakchilari faoliyati orqali minglab yoshlar ijtimoiy loyihalarga jalb qilindi;
· Jinoyatchilik va yot g‘oyalarga qarshi kurashishda mahalla profilaktika inspektorlarining roli kuchaytirildi.
Xulosa o‘rnida, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga asoslanadi. Bu jarayonda mahalla – inson va jamiyat o‘rtasidagi eng muhim bo’g’im sifatida doimo e’tiborda bo‘lishi lozim. Zero, kuchli jamiyat – kuchli mahalladan boshlanadi. Bugun O‘zbekiston yangilanish va taraqqiyot sari dadil odimlamoqda. Mahalla bugun nafaqat an’analarni saqlab qolayotgan ijtimoiy maskan, balki zamonaviy boshqaruv, raqamli xizmatlar, ijtimoiy adolat va xalq bilan ochiq muloqotning amaliy maydoniga hamda mustahkam ijtimoiy tayanch, xalqparvarlik maktabi, birdamlik va bunyodkorlik timsoliga aylanmoqda.
Viqorjon Bahriddinov
Makroiqtisodiy siyosat va prognozlashtirish kafedrasi dotsenti,
PhD. TDIU