O‘ZBEKISTONDA ISHBILARMONLIK MUHITINI YAXSHILASH — IQTISODIY MUAMMOLARGA YECHIM SIFATIDA

Iyun 20, 2025 - 02:52
 0  14
O‘ZBEKISTONDA ISHBILARMONLIK MUHITINI YAXSHILASH — IQTISODIY MUAMMOLARGA YECHIM SIFATIDA

So‘nggi yillarda O‘zbekiston jadal islohotlar yo‘lini tanlab, iqtisodiy barqarorlik, investitsion jozibadorlik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. Ushbu jarayonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash nafaqat biznes vakillarining, balki butun jamiyatning iqtisodiy farovonligi uchun hal qiluvchi omilga aylanmoqda.

Ishbilarmonlik muhiti nima va nega muhim

Ishbilarmonlik muhiti – bu tadbirkorlik faoliyati uchun zarur bo‘lgan huquqiy, iqtisodiy va institutsional shart-sharoitlar majmui. Boshqacha aytganda, bu muhit qanchalik qulay bo‘lsa, biznes yuritish shunchalik osonlashadi, ish o‘rinlari ko‘payadi va milliy ishlab chiqarish rag’batlanadi.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, ishbilarmonlik muhiti sust bo‘lgan mamlakatlarda korrupsiya avj oladi, byurokratik to‘siqlar kuchayadi va tashqi investitsiyalar oqimi kamayadi. Bu esa ishsizlik, norozilik va iqtisodiy qoloqlik kabi muammolarni keltirib chiqaradi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonda bu muhitni takomillashtirish – muhim strategik vazifa bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar

So‘nggi yetti yilda amalga oshirilgan islohotlar ichida quyidagilar ayniqsa e’tiborga molik:

·  Tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni soddalashtirildi. Endilikda onlayn tarzda bir necha soatda yangi korxona ochish imkoniyati mavjud.

·    Litsenziya va ruxsat berish tartiblari qisqartirildi. Bu esa tadbirkorlarga tezkor qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

·  Sud-huquq sohasida mustaqillik kuchaytirildi. Bu biznes nizolarini adolatli hal qilishda muhim kafolat bo‘lib xizmat qiladi.

·  Davlat-xususiy sheriklik (DXSh) instituti rivojlanmoqda, bu esa infratuzilma, sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi sohalarda xususiy kapitalni jalb etishga yo‘l ochmoqda.

 Ishbilarmonlik muhitining ijobiy natijalari

2024 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 1 283 trillion so‘mga yetdi, inflyatsiya esa 9,8 foizgacha pasaydi. Xorijiy investitsiyalar hajmi yildan-yilga ortmoqda. Mamlakat Doing Business reytingida ilgari past o‘rinlarda bo‘lgan bo‘lsa, hozirda tadbirkorlikni boshlash va mulk huquqini himoya qilish borasida sezilarli o‘sishga erishmoqda.

Ishbilarmonlik muhitining oqsayotgan jihatlari

O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish borasida so‘nggi yillarda sezilarli yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, hali hamon oqsayotgan jihatlar yo’q emas. Jumladan:

·   Kredit resurslarining qimmatligi va murakkabligi. Tijorat banklari kredit stavkalari ko‘plab tadbirkorlar uchun, ayniqsa boshlang‘ich bosqichdagi bizneslar uchun hamon yuqoriligicha qolmoqda. Kredit olishda talab qilinadigan garov qiymatlari amalda mavjud aktivlardan ancha yuqori.

·  Ijaraga olinadigan davlat yer va bino-inshootlar bilan bog‘liq noaniqliklar. Davlat mulkini ijaraga olishda ochiq-oshkoralik yetarli emas. Ko‘plab tadbirkorlar doimiy asosda foydalanayotgan yer yoki bino uchun aniq huquqiy asosga ega emas.

·  Elektr energiyasi va kommunal xizmatlardagi uzilishlar. Ayniqsa, kichik va o‘rta ishlab chiqarish korxonalari uchun energiya uzilishi yoki past kuchlanish jiddiy to‘siqdir.

Nima qilish kerak?

Iqtisodiy muammolar, xususan, ishsizlik, norasmiy bandlik, daromadlar tengsizligi kabi holatlarga qarshi samarali yechim sifatida qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Bu borada quyidagi chora-tadbirlarga ustuvorlik berish maqsadga muvofiq:

·  Hududiy “biznes iqlimi indeksini” joriy etish, ya’ni har bir viloyat, tuman darajasida tadbirkorlik muhitini baholab, sog‘lom raqobat uyg‘otish.

·    Soliq tizimini barqaror va bashoratli qilish orqali xususiy sektor ishonchini mustahkamlash.

·  Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot mexanizmlarini kuchaytirish, ular bilan siyosatga ta’sir o‘tkazuvchi maslahatlashuv jarayonlarini doimiy yo‘lga qo‘yish.

·    Kichik biznes uchun davlat kafolati va foiz subsidiyasiga asoslangan ball tizimli kreditlash modeli joriy etilishi zarur.

·  Davlat mulkini shaffof elektron auksion orqali ijaraga berish va samarali foydalangan tadbirkorga mulkka aylantirish huquqi berilishi lozim.

·  Tadbirkorlar uchun alohida kafolatli energiya ta’minot zonalari tashkil etilib, muqobil energiya tizimlariga subsidiya ajratilishi kerak.

Xulosa qilib aytganda, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bu iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, aholi bandligini oshirish va ijtimoiy farovonlikni ta’minlashning eng muhim kalitidir. O‘zbekiston bu borada to‘g‘ri yo‘ldan bormoqda. Ammo islohotlar izchil va barqaror davom etmasa, erishilgan yutuqlar barbod bo‘lishi mumkin. Shuning uchun davlat siyosati va tadbirkorlar manfaatlari o‘rtasida doimiy uyg‘unlikka erishish zarur.

                                                                 

Nabieva Nilufar

TDIU, “Iqtisodiy va molivaviy” xavfsizlik kafedrasi katta oqituvchisi