“MIRAKI” XALQARO TURISTIK MARKAZI: QASHQADARYO VILOYATINING REKREATSION SALOHIYATINI RIVOJLANTIRISHDA INNOVATSION YONDASHUV

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida joylashgan “Miraki” xalqaro turistik markazi so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan eng yirik, zamonaviy va strategik loyihalardan biri hisoblanadi. Mazkur loyiha Qashqadaryoning tabiiy boyliklarga boy, betakror landshaftlarga ega Miraki qishlog‘ida joylashgan bo‘lib, bu hudud qadimiy tarixiy merosi, salqin iqlimi va o‘ziga xos geografik joylashuvi bilan ajralib turadi. Shahrisabz shahri yaqinida joylashgan ushbu maskan, nafaqat ichki, balki xorijiy turistlar uchun ham jozibali bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
“Miraki” turistik markazi konsepsiyasida zamonaviy mehmonxonalar, tog‘ sporti majmualari, sog‘lomlashtirish maskanlari, oilaviy dam olish zonalari, eko-turizm va agro-turizm yo‘nalishlari, madaniy-ko‘ngilochar markazlar va servis xizmatlari tizimi yaratiladi. Bundan tashqari, ushbu hududda mahalliy aholining bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Loyiha doirasida yo‘l va kommunikatsiya infratuzilmasi yaxshilanadi, ekologik muvozanat saqlangan holda hududning tabiiy boyliklari asrab-avaylanadi va ulardan turizm maqsadlarida samarali foydalaniladi. Turizmni yanada rivojlantirish maqsadida xalqaro investorlar jalb qilinishi, mahalliy mahsulotlar va milliy hunarmandchilik namunalari asosida suvenirlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistonning eng istiqbolli turizm markazlaridan biri bo‘lishi rejalashtirilgan “Miraki” xalqaro turistik zonasi Shahrisabz tumanida, tabiiy va tarixiy boyliklarga boy hududda joylashgan. Ushbu loyiha nafaqat hudud infratuzilmasini modernizatsiya qilish, balki minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va turizm xizmatlarini xalqaro darajaga olib chiqishga qaratilgan.
“Miraki” turistik zonasining umumiy maydoni 240 gektarni tashkil etib, bu katta hududda 117 ta turli yo‘nalishdagi loyiha amalga oshirilmoqda. Bu loyihalarning umumiy qiymati 400 million AQSh dollariga teng bo‘lib, ularga xorijiy va mahalliy investorlar jalb etilgan. Loyiha yakunida 1700 dan ortiq doimiy ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu mahalliy aholi uchun katta ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega.
“Miraki” zonasida ekologik turizm konsepsiyasiga katta e’tibor qaratilgan. Xususan, Oqsuv daryosi bo‘ylab ikki qirg‘oqni o‘z ichiga olgan 10 kilometrlik ekologik yo‘lak (eko yo‘lak) barpo etilgan. Ushbu yo‘lak piyoda yurish va velosiped haydash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, sayyohlar ushbu yo‘nalishda yurib, tog‘li hududlarning tabiiy go‘zalligi, o‘simlik va hayvonot dunyosi bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa nafaqat jismoniy sog‘lomlik, balki ruhiy dam olish uchun ham katta ahamiyat kasb etadi.
Mahalliy aholi va sayyohlar uchun qulay muhit yaratish maqsadida “Miraki” zonasida bir qator ijtimoiy obyektlar barpo etilgan. Jumladan:
-zamonaviy bolalar o‘yingohlari bolajonlar uchun xavfsiz va qiziqarli dam olish maskanlariga aylangan;
- ko‘ngilochar bog‘lar barcha yosh toifasidagi mehmonlar uchun mo‘ljallangan;
-nuroniylar uchun dam olish zonalari esa keksalar salomatligini saqlash va rohatlanishlariga xizmat qiladi;
- oilaviy mehmon uylari mahalliy koloritni aks ettirgan holda, o‘zaro iliqlik va mehmondo‘stlik muhitida xizmat ko‘rsatadi;
- ko‘chma savdo shohobchalari orqali hunarmandchilik mahsulotlari va milliy taomlar turistlarga taklif etiladi.
Ushbu obyektlar nafaqat hududning umumiy qiyofasini zamonaviylashtiradi, balki tashrif buyuruvchilar uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratadi. Shu tariqa, “Miraki” turistik zonasi ekologiya, iqtisodiyot va ijtimoiy barqarorlikni uyg‘unlashtirgan holda kompleks rivojlanayotgan yirik loyihaga aylanmoqda.
N. Y. Shaymanova
kafedrasi assistenti