AMERIKA BIZNESI VA O‘ZBEKISTON: HAQIQIY STRATEGIK SHERIKLIKKA YO‘L OCHILDI

Iyun 11, 2025 - 12:22
 0  4
AMERIKA BIZNESI VA O‘ZBEKISTON: HAQIQIY STRATEGIK SHERIKLIKKA YO‘L OCHILDI

O‘zbekiston o‘zining yangi taraqqiyot bosqichida xalqaro maydonda munosib o‘rin egallash, mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va yangi ish o‘rinlari yaratish borasida dadil qadamlar tashlamoqda. Shu yo‘lda muhim tayanchlardan biri – xalqaro hamkorlik, jumladan, yirik tashqi investitsiyalarni jalb qilish hisoblanadi.

Shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan Xalqaro investitsiya forumi arafasida bo‘lib o‘tgan muhim uchrashuv – buning yaqqol isbotidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlarining yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan o‘tkazgan uchrashuvi nafaqat ishbilarmon doiralar, balki butun xalqimiz uchun muhim siyosiy-iqtisodiy ahamiyatga ega voqelik bo‘ldi.

Ushbu uchrashuvda AQSh Davlat kotibi yordamchisi Erik Meyer, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi vitse-prezidenti Brez Betani hamda “Boeing”, “Visa”, “NASDAQ”, “Franklin Templeton”, “Coca-Cola”, “Air Products” va “Morgan Stanley” kabi dunyo miqyosidagi korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi. Bu esa o‘z navbatida, AQSh biznesining O‘zbekistonga bo‘lgan ishonch va qiziqish darajasi yuqori ekanini namoyon etdi.

Innovatsiya, texnologiya va raqamli taraqqiyot – hamkorlik markazida

Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, bu uchrashuv Amerikaning yetakchi biznes doiralari O‘zbekistondagi faoliyatni kengaytirishga jiddiy qarayotganini ko‘rsatadi. Uchrashuvda nafaqat umumiy hamkorlik masalalari, balki aniq loyihalar, strategik istiqbollar muhokama qilindi.

Xususan, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, strategik ahamiyatga ega materiallarni qayta ishlash, energetika va transport infratuzilmasini yangilash kabi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa O‘zbekistonning nafaqat xomashyo manbai, balki yuqori texnologiyali klasterga aylanayotganini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalq manfaatlarini ko‘zlab qilinmoqda. Ish o‘rinlarining ko‘payishi, mahalliy mahsulotning eksportbop bo‘lishi, yangi texnologiyalardan aholi xabardorligi va foydalanishi – buning aniq misolidir.

Amerika biznesining ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalar nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki inson kapitali, zamonaviy bilim va tajribalarni yurtimizga olib kelishga ham xizmat qiladi.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan tashqi siyosat, jumladan, AQSh bilan iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, O‘zbekistonni xalqaro moliyaviy va texnologik bozorlarga yanada yaqinlashtirmoqda. Bu yo‘lda nafaqat hukumat, balki xususiy sektor, ilmiy-tadqiqot muassasalari va tadbirkorlar ham faol ishtirok etishlari lozim. Chunki har bir yangi investitsiya – bu yangi zavod, yangi maktab, yangi imkoniyat demakdir.

O‘zbekiston o‘zining yangi tarixini yozmoqda. Bu tarixda AQSh biznesi bilan strategik hamkorlik muhim sahifalardan biri bo‘ladi. Hamkorlik – xalq uchun, farovon hayot uchun, yangi taraqqiyot bosqichi uchun xizmat qilmog‘i darkor.

Xulosa qilib aytganda, bunday uchrashuvlar nafaqat davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi, balki yosh tadqiqotchilar, ishbilarmonlar va mutaxassislar uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Agar biz innovatsion iqtisodiyot qurmoqchi bo‘lsak, bunda xalqaro hamkorlik — asosiy tayanch nuqta bo‘lib xizmat qilishi lozim.

O‘zbekistonning Amerika bilan hamkorligida inson kapitaliga investitsiya, ilmiy salohiyatni rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va o‘zaro ishonch asosiy ustuvor yo‘nalishlar bo‘lib qolishi darkor. Faqat shundagina bunday hamkorlik xalq farovonligi va barqaror taraqqiyotga xizmat qiladi.

 

Qorriyeva Shahnoza Safarbayevna
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Mehnat iqtisodiyoti” kafedrasi katta o‘qituvchisi