“MARKAZIY OSIYO VA YEVROPA ITTIFOQI” BIRINCHI SAMMITI: AMALIY TASHRIF, BARQAROR HAMKORLIK

Iyun 11, 2025 - 00:54
 0  6
“MARKAZIY OSIYO VA YEVROPA ITTIFOQI” BIRINCHI SAMMITI: AMALIY TASHRIF, BARQAROR HAMKORLIK

2025-yil 20-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar doirasida mamlakat Bosh vaziri Viktor Orban bilan tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazdi. Shu bilan birga, Vengriya rasmiy vakillari, jumladan, Milliy Majlis spikeri Laslo Kever hamda yetakchi bank va kompaniyalar rahbarlari bilan muloqotlar olib borildi.

Vengriya — Dunay daryosining o‘rta oqimida joylashgan, maydoni 93 ming kvadrat kilometr bo‘lgan davlat bo‘lib, maydoni bo‘yicha dunyoda 108-o‘rinda turadi. 2025-yil holatiga ko‘ra, mamlakat aholisi 9 million 652 ming kishini tashkil etadi va bu ko‘rsatkich bilan Vengriya 95-o‘rinni egallaydi. Mamlakat Yevropa Ittifoqi, Yevropa Kengashi, NATO, Jahon banki, Jahon savdo tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va BMT a’zosi hisoblanadi.

O‘zbekiston Prezidenti 21-may kuni Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etib, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Ushbu sammitdan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Sloveniya Prezidenti Natasha Pirts Musarning taklifiga binoan Lyublyanaga yetib bordi.

Sloveniya Respublikasi — Bolqon yarim orolining shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan davlat bo‘lib, maydoni 20,3 ming kvadrat kilometrni tashkil etadi. 2025-yil uchun aholi soni 2 million 117 ming nafarga teng bo‘lib, bu 2024-yildagi 2 million 118 ming kishilik ko‘rsatkichga nisbatan biroz kamaygan. Aholining 55,7 foizini shaharliklar tashkil etadi. Poytaxti — Lyublyana shahri bo‘lib, mamlakat ma’muriy jihatdan 62 ta tumanga bo‘lingan.

Tashrif doirasida ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish, sanoat, farmatsevtika, elektr texnikasi, “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni kuchaytirish hamda madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Ushbu tashrif so‘nggi 20 yil ichida bo‘lib o‘tgan ilk O‘zbekiston–Sloveniya sammiti bo‘lib, ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi bosqichni boshlab berdi.

Davlat rahbarining tashrifi doirasida Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirts Musar, Bosh vaziri Robert Golob hamda Milliy Assambleya raisi Urshka Klakocar-Zupanich bilan mazmunli muzokaralar olib borildi. Uchrashuvlarda siyosat, iqtisodiyot, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, ekologiya, madaniyat, turizm va ta’lim sohalarini qamrab olgan keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi. Tashrif yakunida imzolangan qo‘shma bayonot hamda hukumatlararo va idoralararo bitimlar to‘plami tomonlar o‘rtasidagi ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikni mustahkamladi.

Shuningdek, ikki davlatning 100 ga yaqin yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekiston–Sloveniya biznes forumi o‘tkazildi. Sloveniya tomoni tashrif yakunida Prezidentni Lyublyana xalqaro aeroportida Ichki ishlar vaziri Boshtyan Poklukar boshchiligidagi rasmiylar bilan tantanali ravishda kuzatib qo‘ydi.

E’tiborga molik jihati shundaki, Sloveniya mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbarining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning 1 500 dan ortiq fuqarosi Sloveniyada rasmiy mehnat faoliyatini olib borishi mumkin. Mamlakatda eng kam ish haqi 1 100 yevrodan boshlanadi. Shuningdek, tomonlar Sloveniya standartlariga muvofiq kadrlar tayyorlash va til kurslarini tashkil etishni ko‘zda tutuvchi “yo‘l xaritasi”ni imzoladilar.

2025-yil holatiga ko‘ra, Sloveniyada ishsizlik darajasi tarixiy jihatdan eng past ko‘rsatkichda — 3,2−3,5 foiz atrofida qayd etilgan. Iqtisodiyotning yuqori bandlik darajasi esa mahalliy mehnat bozorida malakali mutaxassislar tanqisligiga olib kelgan. Ayniqsa, qurilish, xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, mehmonxona va restoran biznesi, ishlab chiqarish, ta’lim hamda axborot texnologiyalari sohalarida kadrlar yetishmovchiligi yaqqol sezilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Vengriya va Sloveniya davlatlariga amalga oshirgan rasmiy tashrifi Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy ifodasi sifatida e’tirof etiladi. Tashrif ikki tomonlama Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik bitimlari (EPCA) asosida o‘zaro ishonch, manfaat va barqaror taraqqiyotga asoslangan yangi bosqichni boshlab berdi. “Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitidan keyingi bu tashrif barqaror va bardavom hamkorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim qadam bo‘lib xizmat qildi.

 

Xayitov Abdimannon Buxarovich
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Mehnat iqtisodiyoti kafedrasi professori, iqtisod fanlari nomzodi