O‘ZBEKISTONDA YOSHLARGA OID DAVLAT SIYOSATI: USTUVOR YO‘NALISH VA AMALIY NATIJALAR

Iyun 11, 2025 - 00:59
 0  4
O‘ZBEKISTONDA YOSHLARGA OID DAVLAT SIYOSATI: USTUVOR YO‘NALISH VA AMALIY NATIJALAR

Bugungi globallashuv davrida har bir davlatning taraqqiyoti, eng avvalo, yosh avlodning bilimga chanqoqligi, faolligi va bandligiga bog‘liq. Shu bois O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati alohida e’tibor bilan amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yoshlar bilan ishlashda tamoman yangi, amaliy tizim yaratilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqlarida bir necha bor yoshlarning ijtimoiy hayotdagi ishtiroki va ularning bandligi masalasini ustuvor vazifa sifatida qayd etgan. Jumladan, 2021-yil 30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan “Yoshlar kuni”dagi nutqida shunday degan edi:

“Endi har bir rahbar yoshlar ovozini eshitsin, ularni tinglasin. Ularning muammosiga befarq bo‘lmasin. Davlat organlari eshigini ochib qo‘ysin. Yoshlar bizga dardini bemalol ayta oladigan tizimni yaratishimiz kerak. Bu biz uchun, jamiyat uchun ham foyda keltiradi.”

Yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli choralar natijasida 2023-yilda “Yoshlar daftari” orqali 814 mingdan ortiq yigit-qizga bandlik bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi. 8 563 nafar yoshlarga 34,1 milliard so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy ko‘mak ajratildi. Bu esa davlatning yoshlar uchun yaratgan real imkoniyatlaridan dalolat beradi.

Yoshlarning zamonaviy kasblarga yo‘naltirilishi ham davlat siyosatining muhim tarkibiy qismidir. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida minglab yoshlar axborot texnologiyalari bo‘yicha bepul ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Respublikada faoliyat yuritayotgan 17 ta IT-park va “Yoshlar texnoparklari”da minglab yoshlar startaplar va innovatsion loyihalar ustida ishlamoqda.

Bundan tashqari, Prezident tashabbusi bilan joylarda tashkil etilgan “Yoshlar sanoat zonalari” orqali ko‘plab yosh tadbirkorlarga yer ajratilib, soliq va kredit imtiyozlari berilmoqda. 2024-yilda “Yoshlar bandligi va tadbirkorligi yili” deb e’lon qilinishi bejiz emas: bu qaror yoshlarni ish bilan ta’minlashni mutlaq yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim huquqiy asos bo‘ldi.

Hududiy sektor rahbarlari endilikda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul etib belgilangan. Har bir tuman va shaharda yoshlar bilan muloqotlar asosida ularning muammolari ro‘yxatga olinib, individual yondashuv asosida yechimlar ishlab chiqilmoqda. Misol uchun, Farg‘ona viloyatida “Yoshlar ishlari” sektori doirasida 15 mingdan ortiq yoshga kasbga yo‘naltirish va ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatildi.

Yana bir muhim jihat – yoshlar uchun qishloq joylarda ham teng imkoniyatlar yaratishdir. 2023-yil yakuni bo‘yicha, chekka hududlardagi 280 mingdan ziyod yosh uchun “mahallabay” yondashuv orqali bandlik loyihalari amalga oshirildi. Bu orqali ularning katta shaharlarga ish izlab ketishining oldi olindi.

Bularning barchasi O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati real va samarali tarzda olib borilayotganini, bu siyosat faqat qog‘ozdagi strategiya emas, balki har bir yosh uchun hayotdagi o‘zgarishlar, imkoniyatlar va istiqbolli kelajak eshigi ekani yaqqol isbotidir.

 

Doniyorova Fotimabonu Alisher qizi
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Inson resurslarini boshqarish” kafedrasi dotsenti, PhD