OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA XOTIN-QIZLARNI HAR TOMONLAMA QOʻLLAB-QUVVATLASH USTUVOR VAZIFA

Iyun 11, 2025 - 01:05
 0  11
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA XOTIN-QIZLARNI HAR TOMONLAMA QOʻLLAB-QUVVATLASH USTUVOR VAZIFA

Qanchalik qiyin boʻlmasin, biz qoʻshimcha imkoniyat topib, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xotin-qizlarimizning oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishlari uchun sharoit yaratmoqdamiz va bu ishlarimiz albatta davom etadi. Chunki ayollarning, xususan, qiz bolaning oʻqib, oliy ma’lumotli boʻlishi, kasb-hunar egallashi oila baxti, farzandlar kamoli uchun, shu asosda butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi.

 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning oʻz intilishi va qobiliyatlarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar ta’minlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ham aynan shu maqsadga qaratilgan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022–2026-yillarga moʻljallangan “Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-60-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan taraqqiyot strategiyasining 69-maqsadida “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash” vazifasi belgilangan boʻlib, unda quyidagilarni amalga oshirish koʻzda tutilgan:
— jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zoʻravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash;
— gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qoʻllab-quvvatlashga doir islohotlarni amalga oshirish;
— xotin-qizlarning ta’lim va kasbiy koʻnikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama koʻmaklashish, tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini toʻgʻri yoʻnaltirish;
— hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda xotin-qizlarga koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish;
— turar joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini koʻpaytirish borasida tizimli chora-tadbirlarni belgilash;
— ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam koʻrsatish, ularni manzilli qoʻllab-quvvatlash;
— “Ayollar daftari” bilan manzilli ishlash, mutasaddi tashkilotlar tomonidan xotin-qizlarning muammolari oʻz vaqtida bartaraf etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish.

Dunyo boʻyicha xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish masalasi turlicha koʻrsatkichlarda namoyon boʻlayotgan boʻlsa, yurtimizda bu boradagi natijalar rivojlangan yoki oʻtish davridagi mamlakatlardagi holatdan ancha yuqoridir. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning ijtimoiy shart-sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish borasidagi islohotlar hozirgi kunda oʻzining ijobiy natijasini bermoqda.

Shuningdek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili”da amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, xotin-qizlarni mehnat bozorida raqobatbardosh kasb-hunar turlariga oʻqitish orqali bandligini ta’minlashga koʻmaklashish hamda ular oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 2025-yilda 139 396 nafar xotin-qizni kasb-hunarga oʻqitish, 220 980 nafar xotin-qizga ishga joylashishga koʻmaklashish, 134 400 nafar xotin-qizni tadbirkorlikka oʻqitish choralarini koʻrish rejalashtirilgan.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mehnat faoliyatining deyarli barcha jabhalarida yangi ish oʻrinlarini yaratish uchun yuqori imkoniyatga egalik xususiyati bilan ajralib turadi. Respublikamizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, jumladan, bu faoliyat uchun zarur boʻlgan qonunlar va me’yoriy hujjatlar qabul qilingan, ijtimoiy infratuzilmalar tashkil etilgan. Bizningcha, ish bilan bandlikni oshirishda kichik biznes va tadbirkorlik sohalariga xotin-qizlarni yoʻnaltirish bugungi islohotlar jadallashgan davrda har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zamonaviy mehnat munosabatlarining moslashuvchan yangi shakllarini joriy etish, jumladan masofaviy mehnat, frilans, autsorsing, autstaffing tizimida ham biznes komponentlarini qoʻllash mumkin.

Keyingi yillar davomida butun dunyoda xotin-qizlar tadbirkorligi keng tus olib, jahon iqtisodiyotiga katta hissa qoʻshayotgani inkor etib boʻlmaydi. Masalan, AQSh va Kanadada kichik biznesning uchdan bir qismi xotin-qizlar qo‘lida, Fransiyada tadbirkor xotin-qizlar erkak tadbirkorlardan uch barobar koʻp. Umuman olganda, rivojlangan davlatlarda tadbirkor xotin-qizlar barcha tadbirkorlarning 50,5–75,5 foizini tashkil etmoqda. Shu oʻrinda respublikamizda ham hukumatimiz tomonidan xotin-qizlar tadbirkorligiga alohida e’tibor va gʻamxoʻrlik ko‘rsatilmoqda. Ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, oʻz biznesini yoʻlga qo‘ygan tadbirkor xotin-qizlar soni 200 mingdan oshdi. Iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida ayollar ulushi 50 foizga yaqinni tashkil etmoqda. Kichik biznes subyektlarining 150 mingdan ziyodini, fermer xoʻjaliklarining 4 ming 550 dan ortigʻini xotin-qizlar boshqarmoqda.

E’tirof etish kerakki, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida xotin-qizlar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish va ularning bandligini ta’minlash boʻyicha maxsus komissiya faoliyati samarali tashkil etilgan. Ayniqsa, komissiya har bir hududda “favqulodda holat” rejimida ish olib borib, “mutlaqo yangicha yondashuvlar va tizim asosida” xotin-qizlarni kasbga oʻrgatish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi ko‘rinib turibdi. Tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, mehnat bozori talab qilayotgan raqobatbardosh kasblarga oʻqitish sifati va samarasini oshirish hamda hududlarda ushbu faoliyatni yoʻlga qoʻyishning tashkiliy mexanizmlarini yanada takomillashtirish — xotin-qizlar bandligining istiqbolli yoʻnalishlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bizningcha, xotin-qizlarning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishlari uchun yashil taraqqiyotga erishish bo‘yicha yondoshuvlarni kengaytirish, kasbiy-malakaviy layoqatlarini oshirish, tadbirkorlikning zamonaviy yoʻnalishlariga oʻrgatuvchi kasbiy markazlar faoliyatini keng targ‘ib qilish, mamlakatda makro va mikro darajada yashil standartlarga rioya qiladigan, mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda resurslardan tejab-tergab foydalanish ko‘nikmasini yanada mustahkamlash muvofiq bo‘ladi.

Bozorova Saxobat Abdujapparovna
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
"Mehnat iqtisodiyoti" kafedrasi dotsenti, PhD