INVESTITSIYALAR TINCHLIK VA BARQARORLIKNING KAFOLATI

2025-yil 10-iyun kuni Toshkent shahrida – mamlakatimiz bilan hamkor davlatlarning yuqori martabali vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, biznes olamining yirik namoyandalari ishtirokida to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur forumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev ishtirok etdi. U o‘z ma’ruzasida qayd etgan muammolardan kelib chiqib, sherik davlatlarni ochiq va keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikka chaqirdi. Ya’ni, forumning asosiy mavzusi bo‘lgan investitsiyalar – faqat iqtisodiy taraqqiyotning emas, balki tinchlik va barqarorlikning kafolati ekanligi dolzarbligidan kelib chiqib, kelajakda hamkor davlatlar va sheriklar bilan birgalikda shunday investitsiya muhitini yaratish zarurligini, aynan investitsiya muhiti daromad keltirish bilan birga, inson qadrini ulug‘laydigan, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlaydigan va jamiyat ravnaqiga xizmat qiladigan mustahkam poydevorga aylanishi kerakligini ta’kidladi.
Darhaqiqat, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining 92-maqsadida an’anaviy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, global ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlariga qo‘shilish bilan bog‘liq yo‘nalishlarni belgilash o‘z navbatida hamkor davlatlarning muammolarni birgalikda hal etishini talab etadi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev hozirda dunyo iqtisodiyoti yangi davr va o‘zgarishlar ostonasida turganini, bu esa o‘z navbatida barqaror rivojlanish yo‘lidan bormoqchi bo‘lgan davlatlarni kelgusida quyidagi to‘rtta muhim yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikda ishlashga undashini ta’kidladi:
-
birinchidan, “yashil” iqtisodiyot modeliga o‘tish;
-
ikkinchidan, raqamli texnologiya va sun’iy intellekt iqtisodiyotning “drayveri”ga aylanayotganligi;
-
uchinchidan, bugungi sharoitda moliyaviy tizim va texnologiyalar keskin o‘zgarayotganligi;
-
to‘rtinchidan, sanoatning yangi bosqichi – “to‘rtinchi sanoat inqilobi” texnologik minerallarga talabni bir necha barobar oshirayotganligi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev Yangi O‘zbekiston – investitsiyalar uchun katta imkoniyatlar mamlakati ekanligini ta’kidlab, quyidagi choralarni forum ishtirokchilari e’tiboriga havola etdi:
-
birinchidan, global ishlab chiqarish zanjirlarida har bir davlat uchun teng sharoitni ta’minlaydigan ishonchli qoidalar bo‘lishi shart va zarur;
-
ikkinchidan, mamlakatimizda xorijiy sarmoyadorlarga yanada qulay muhit yaratish;
-
uchinchidan, biz davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda ularni yurtimiz farovonligiga xizmat qiluvchi yirik aktivlarga aylantirish yo‘lini tanlaganmiz;
-
to‘rtinchidan, biz transport va logistika sohasini iqtisodiyotimizning qon tomiri sifatida ko‘ramiz;
-
beshinchidan, so‘nggi yillarda qo‘shnilarimiz bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va do‘stona siyosat natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi hamkorlik muhiti shakllanganligi;
-
oltinchidan, biz Markaziy Osiyoda “Investitsiya va savdo uchun yaxlit hudud konsepsiyasi”ni ilgari surishni taklif qilamiz.
2025-yil 10-iyunda o‘tkazilgan to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi – bugungi global muammolarning mamlakatlar taraqqiyotiga bevosita va bilvosita ta’siri va tahdidi sezilarli darajada namoyon bo‘layotgan hozirgi davrda, sherik davlatlarning birgalikdagi hamkorliklari yo‘lidagi kelajak istiqboli uchun eng adolatli va barqaror yo‘ldir.
Xayitov Abdumannon Buxarovich
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti,
Mehnat iqtisodiyoti kafedrasi professori,
Iqtisod fanlari nomzodi