O‘ZBEKISTONDA XORIJIY INVESTORLAR BILAN MULOQOT YANGI BOSQICHGA CHIQMOQDA

O‘zbekiston so‘nggi yillarda xorijiy investitsiyalarni jalb etish, ochiq va barqaror iqtisodiy makon yaratish yo‘lida sezilarli yutuqlarga erishdi. Xususan, 2017–2024 yillar davomida mamlakatga jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 4 barobarga oshib, 2024-yilda 11 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.
Shu o‘rinda, 2025-yil 11-iyun kuni Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkaziladigan Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi mamlakat investitsion siyosatida yangi bosqichni boshlab beradi. Bu kengash xorijiy sarmoyadorlar bilan ochiq, tizimli va amaliy muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan muhim platforma hisoblanadi.
Mazkur tadbirda dunyodagi yetakchi 40 dan ortiq kompaniya va moliyaviy institutlar, jumladan: Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Saudiya Arabistonining ACWA Power, Yaponiyaning Mitsubishi Corporation, Xitoyning Huawei, Fransiyaning TotalEnergies kabi yirik xorijiy kompaniyalar vakillari ishtirok etadi.
Bu tashkilotlar umumiy qiymati 20 milliard AQSh dollaridan ortiq investitsion portfelga ega bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishda O‘zbekiston bilan sheriklik qilmoqda.
Yalpi majlis doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 dan ortiq yirik xorijiy kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazib Energetika bo’yicha 5 milliard dollarlik yangi “yashil” energiya loyihalari, Raqamli iqtisodiyot bo’yicha– 500 million dollarlik IT markazlari va raqamli xizmatlar infratuzilmasini joriy qilish, temiryo‘l va aviatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, eksportbop agrosanoat mahsulotlarni qayta ishlash va saqlash korxonalari barpo etish kabi sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish bo’yicha kelishuvlarga erishildi.
2024-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Doing Business indeksida mintaqadagi eng tez o‘sayotgan va islohotlarga sodiq davlat sifatida baholandi. Bugungi kunda mamlakatda 70 dan ortiq davlatdan kelgan investorlar faoliyat yuritmoqda, ular tomonidan umumiy qiymati 50 milliard dollardan ortiq bo‘lgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, oxirgi uch yilda investorlar uchun 250 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar yangilandi va soddalashtirildi, 10 ga yaqin bojxona va soliq imtiyozlari joriy qilindi. Endilikda xorijiy investorlar uchun maxsus “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etilgan.
Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisi – bu shunchaki muloqot emas, balki yirik loyihalar, huquqiy islohotlar va barqaror hamkorlik uchun real bosqichdir. Raqamlar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston bugun nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham jiddiy iqtisodiy sherikka aylanmoqda.
Investitsion ochiqlik, barqaror siyosiy iqlim va islohotlarga sodiqlik — aynan shu omillar O‘zbekistonni xorijiy investorlar uchun tobora jozibador mamlakatga aylantirmoqda.
Xoldorov Sardor Umarovich
Yusupov Komalatdin Baxtiyor o‘g‘li