Industrial rivojlanish va ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish sari: Xorazm tajribasi

may 3, 2025 - 20:04
may 3, 2025 - 20:24
 0  52
Industrial rivojlanish va ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish sari: Xorazm tajribasi

Suv resurslarining tanqisligi sharoitida Xorazm viloyatida innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali sanoat va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga erishilmoqda. Shu bilan birga, turizm sohasida hududiy infratuzilmalarning institutsional asosda shakllantirilishi ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, ochiq osmon ostidagi muzey – noyob tarixiy yodgorliklar va madaniy meros obyektlariga ega bo‘lgan Xorazm viloyati bugungi kunda nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki jahon miqyosida turistik salohiyatga ega hudud sifatida ajralib turadi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ulkan islohotlar doirasida hududda transport infratuzilmasi, shaharsozlik loyihalari va ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha kompleks yondashuvlar yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yil 2-may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida ishga tushirilgan yangi obyektlar, yirik transport infratuzilmalari, shaharsozlik loyihalari va hududni kompleks rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishdi.

Rasmiy tashrif viloyatdagi iqtisodiy o‘sish, aholi bandligini ta’minlash va infratuzilmaviy imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiluvchi muhim bosqich bo‘lib xizmat qildi.

Ta’kidlash joizki, 2024-yilda viloyatda 7 mingdan ortiq yangi tadbirkor o‘z faoliyatini boshlagan, 47 ta korxona kichikdan o‘rtacha toifaga o‘tgan, 10 dan ortiq tadbirkorning yillik aylanmasi 200 milliard so‘mdan oshgan. Natijada, bir yil davomida viloyatda 290 ming fuqaro ish bilan ta’minlangan. Biroq, shunga qaramay, Xorazmda kambag‘allik darajasi hanuz 12 foiz atrofida saqlanib qolmoqda, 45 mingdan ziyod fuqaro ish qidirmoqda. Hozirda viloyatda yillik aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan atigi bitta yirik korxona faoliyat yuritayotgani ham iqtisodiy salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarishda hali dolzarb vazifalar mavjudligini ko‘rsatadi.

Xorazm viloyati turizm yo‘nalishida yetakchi hududlardan biri hisoblanadi. Hozirda 40 dan ortiq hunarmandchilik yo‘nalishlari rivojlangan bo‘lib, sayyohlar tomonidan mahsulot tayyorlash jarayonlariga yuqori qiziqish kuzatilmoqda. Biroq xalqaro darajadagi brend mehmonxonalar mavjud emas. Shu bois, yil yakunigacha umumiy quvvati 2,5 ming o‘rinli 40 ta yangi mehmonxonani foydalanishga topshirish, ulardan kamida 2 tasini xalqaro brend ostida tashkil etish, shuningdek, mehmonxona xodimlari va 100 nafar gid tayyorlash, ularni kamida beshta talab yuqori bo‘lgan xorijiy tilda o‘qitish rejalashtirilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda, turistik oqimni oshirishda transport infratuzilmasining muhim ahamiyat kasb etishi, ayniqsa, mahalliy aviaqatnovlarning 95 foizi “O‘zbekiston Havo yo‘llari” va “Silk Avia”ga tegishli bo‘lishiga qaramay, narx va qulaylik bo‘yicha mavjud muammolar ham tanqidiy muhokama qilindi.

Prezidentimizning alohida e’tibori sababli 2025-yilda viloyatda umumiy qiymati 200 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 91 ta loyiha amalga oshirilishi, 2 million xorijiy va 10 million mahalliy sayyohni jalb qilish orqali turizm eksportini 700 million dollardan oshirish, bu sohada 100 mingta yangi ish o‘rni yaratish belgilab berildi. Bu esa iqtisodiy faollikni oshirish va hududiy ijtimoiy muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi.

Viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmini 60 trillion so‘mdan oshirish, sanoat ishlab chiqarishini 6,5 foizga, savdo va xizmatlar hajmini 15 foizga oshirish, jami 265 ming aholini band qilish, 104 ming nafar fuqaro kambag‘allikdan chiqarish asosiy vazifalar etib belgilandi. Shu bilan birga, yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshgan tadbirkorlar sonini 50 nafarga, 500 milliarddan oshgan tadbirkorlar sonini esa 10 nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Xususiylashtirish dasturi doirasida viloyatda 2025-yilda 41 ta davlat mulki obyektlari, 350 gektar yer maydoni ochiq savdolarga chiqarilishi bu yo‘nalishdagi islohotlarning amaliy ifodasidir.

Yana bir muhim jihat – 900 million dollar qiymatga ega bo‘lgan 12 ta yirik va 480 ta hududiy investitsiya loyihalarini ishga tushirish, 65 turdagi mahsulot va 5 turdagi uskunalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali mahalliylashtirish hajmini 1,7 trillion so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 510 million dollar hajmda eksportni ta’minlash va 1,5 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali hududda yangi, barqaror va daromadli ish o‘rinlarini yaratishga erishiladi.

Ruziyeva Dilobar Isomjonovna
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
"Yashil" iqtisodiyot kafedrasi professori, iqtisod fanlari doktori