O‘zbekistonda yuk tashish sohasida kichik bizneslar orqali o‘sish kuzatilmoqda

may 4, 2025 - 10:28
 0  23
O‘zbekistonda yuk tashish sohasida kichik bizneslar orqali o‘sish kuzatilmoqda

O‘zbekiston transport-logistika tizimi iqtisodiy islohotlar fonida jadal rivojlanmoqda. Bu jarayonda kichik biznes subyektlari muhim harakatlantiruvchi kuch sifatida maydonga chiqmoqda. So‘nggi yillarda ushbu sektor ichki logistika imkoniyatlarini kengaytirishda, bozor mexanizmlarining faollashuvida va tashqi iqtisodiy faoliyatda milliy mustaqillikni ta’minlashda muhim omilga aylandi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda kichik biznes subyektlari mamlakatda umumiy yuk tashish hajmining 50,8 foizini ta’minladi. Bu ko‘rsatkich ularning nafaqat son jihatdan, balki samaradorlik nuqtai nazaridan ham logistika tizimidagi rolini mustahkamlab borayotganini anglatadi. Xususan, avtomobil transporti sohasida kichik bizneslar yetakchilik qilayotgan yo‘nalishda yuk aylanmasi 9,2 foizga oshib, umumiy tashish hajmining 74,9 foizini tashkil etdi. Ushbu o‘sish bozordagi talabga tezkor javob bera olish, arzonroq xizmat ko‘rsatish va mintaqaviy yetkazib berish zanjirlarida moslashuvchanlik kabi ustunliklar bilan izohlanadi.

O‘zbekiston hukumati yuk tashish sohasida kichik bizneslarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Muhim tashabbuslardan biri xalqaro yuk tashish xizmatlarini ko‘rsatuvchi mahalliy ekspeditorlik kompaniyalarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod etish siyosatidir. Bu esa ushbu kompaniyalar ulushini hozirgi 10 foizdan 45–50 foizgacha oshirish imkonini yaratadi. Shuningdek, chegaralardagi tartib-taomillarni soddalashtirish, elektron navbat tizimi, transport vositalarining onlayn monitoringi kabi mexanizmlar joriy etilmoqda. Ular yuk tashish vaqtini sezilarli darajada 20 daqiqagacha qisqartirishga xizmat qilmoqda.

Davlat strategiyasida transport infratuzilmasini kengaytirish, temir yo‘l va avtomobil yo‘llarini modernizatsiya qilish, multimodal transport yechimlarini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar asosiy ustuvorliklardan biri sifatida belgilangan. Jumladan, 2025-yilgacha xalqaro yuk tashish hajmini ikki baravarga oshirish, transport xizmatlari eksportidan 3 milliard AQSH dollari daromad olish rejalashtirilgan.

Hukumat tashabbusi asosida avtomobil yo‘llari bo‘yidagi bo‘sh yer maydonlari zamonaviy xizmat ko‘rsatish obyektlari kafe, avtoxizmat, dam olish maskanlari va logistika xizmatlarini ko‘rsatish nuqtalarini tashkil etish uchun kichik tadbirkorlarga ajratilmoqda. Natijada 72 ta yangi xizmat ko‘rsatish maskani barpo etilishi kutilmoqda.

Kichik bizneslar yuk tashish sohasidagi o‘sishi bilan bir qatorda, butun mamlakat iqtisodiyotiga ham sezilarli hissa qo‘shmoqda. 2024-yilda kichik korxonalar O‘zbekiston YAIMining 48,5 foizini ta’minladi. Bu esa ularning iqtisodiy barqarorlik va ichki ishlab chiqarish zanjirlarida tutgan o‘rnini yaqqol namoyon etadi. Shu bilan birga, logistika sohasining kengayishi hududiy iqtisodiy faollikni rag‘batlantiradi, yangi ish o‘rinlari yaratadi va O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi tranzit markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zbekistonning transport-logistika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, kichik bizneslarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va infratuzilma loyihalarining bosqichma-bosqich amalga oshirilishi yuk tashish tizimining sifat jihatdan yangi bosqichga chiqishiga zamin yaratmoqda. Kichik bizneslar boshchiligidagi yuk tashish sektori yaqin yillarda mamlakatning strategik tashqi savdo yo‘nalishlarida asosiy tayanchga aylanishi kutilmoqda.

Uzoq muddatli istiqbolda, bu yo‘nalishda davlat–xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan logistika markazlari, raqamlashtirilgan monitoring tizimlari va “yashil transport” texnologiyalarini joriy etish orqali O‘zbekiston butun mintaqa uchun ilg‘or logistika modeli sifatida namuna bo‘lishi mumkin.

Sevara Aytieva
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Biznes boshqaruvi” kafedrasi dotsenti, PhD