IV – TOSHKENT XALQARO INVESTITSIYA FORUMI: YANGI O‘ZBEKISTON TARAQQIYOTINING KATTA QADAMI

Iyun 30, 2025 - 02:18
 0  12
IV – TOSHKENT XALQARO INVESTITSIYA FORUMI: YANGI O‘ZBEKISTON TARAQQIYOTINING KATTA QADAMI

Xalqaro kongress markazida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan IV – Toshkent xalqaro investitsiya forumi mamlakatimiz iqtisodiy diplomatiyasining yangi bosqichini belgilaydigan tarixiy voqea bo‘ldi. 2025-yil 10–12-iyun kunlari o‘tkazilgan mazkur forumda 3000 dan ziyod mehmon ishtirok etdi. Bu raqam oddiy statistika emas, balki O‘zbekistonga bo‘lgan jahon hamjamiyatining e’tiborining keskin oshganligini ko‘rsatadigan muhim dalildir.

Forumning birinchi va eng muhim xususiyati – ilk bor investitsiya ko‘rgazmasi tashkil qilinayotganidadir. Bu nafaqat xorijiy investorlar, balki mahalliy yirik xususiy kompaniyalar uchun ham noyob imkoniyat yaratmoqda. Milliy korxonalarimiz o‘z salohiyatini jahon miqyosida namoyish etish va xalqaro investorlar bilan bevosita aloqalar o‘rnatish imkoniga ega bo‘lmoqda. Shu bilan birga, forum doirasida panel muhokamalari va uchrashuvlar tashkil etilib, turli sohalarda amaliy hamkorlik istiqbollari keng muhokama qilindi.

Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi mazkur forum yildan-yilga kuchayib borayotgan an’ananing mantiqiy davomi bo‘lib xizmat qilmoqda. “Hech shubhasiz, bugungi xalqaro investitsiya forumi va sermahsul muzokaralar amaliy hamkorligimizni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqishiga ishonaman”, degan so‘zlari orqali Prezidentimiz ushbu tadbirga bo‘lgan katta ishonch va umidni ifoda etdi. Bu so‘zlar orqali yillar davomida olib borilgan izchil siyosatning samaralari yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Forumning alohida ahamiyatli qismlaridan biri 11-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tganidir. Mazkur uchrashuv hukumat va xorijiy investorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashning samarali mexanizmi sifatida xizmat qilmoqda. Unda mamlakatdagi investitsiya muhitini yanada yaxshilash istiqbollari hamda O‘zbekistonning investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

Statistik ma’lumotlarga murojaat qilsak, 2022-yildan beri o‘tkazilgan uchta forumda umumiy qiymati 44 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan 357 ta investitsiya kelishuvi imzolangan. Bu – xalqimiz farovonligi yo‘lidagi muhim yutuqdir. O‘tgan yili III – Toshkent xalqaro investitsiya forumida 93 ta mamlakatdan 2,5 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashgan va forum doirasida 26,6 milliard AQSh dollarilik bitimlar imzolangan. Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv jarayoni jadallik bilan kechayotganini isbotlaydi.

“Biz mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yo‘ldagi to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun qat’iy qadamlar tashladik”, degan Prezidentimizning so‘zlari yillar davomida olib borilgan izchil siyosatning amaliy natijasi sifatida talqin etiladi. Haqiqatan ham, global iqtisodiy muhitdagi beqarorlik sharoitida O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini saqlab qolishi – Yangi O‘zbekiston siyosatining barqarorligidan dalolat beradi.

Dunyo tartibotida chuqur transformatsiya jarayonlari kechayotgan bir davrda, tovar va xizmatlar yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar, xalqaro savdo hajmining qisqarishi va investitsiya oqimlarining kamayishi fonida mamlakatimizning barqaror rivojlanishi alohida e’tirof etilishi zarur. Xalqaro investitsiya tashkilotlari tomonidan O‘zbekistonga bildirilayotgan katta qiziqish, loyihalarimizda ishtirok etishga tayyorlik, ayniqsa fransuz investorlarining mamlakatimizga sarmoya kiritish istagi va hatto forumda qatnashish uchun taklifnoma so‘raganligi bunga yaqqol misoldir.

To‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat iqtisodiy tadbir, balki O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi mavqeini mustahkamlash vositasidir. Ushbu forum orqali biz dunyoga Yangi O‘zbekiston – barqaror, ishonchli va istiqbolli hamkor sifatida tanilmoqdamiz. Har bir imzolangan bitim – xalqimiz farovonligi yo‘lidagi muhim qadamlardan biri, har bir yangi investitsiya loyihasi esa farzandlarimiz kelajagining poydevoridir. Shu sababli, bugungi forum faqat iqtisodiy voqea emas, balki milliy faxr manbaidir.

To‘xtayeva Xurshida Farhodovna
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Mehnat iqtisodiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi