Oliy ta’lim, kasb-hunar ta’limi qamrovi va kadrlar tayyorlashda institutsional yondashuv samarasi

may 3, 2025 - 13:11
 0  20
Oliy ta’lim, kasb-hunar ta’limi qamrovi va kadrlar tayyorlashda institutsional yondashuv samarasi

Aholining oliy ta’lim bilan keng qamrab olinishi, yoshlarning kasb-hunarga yo‘naltirilgan holda tayyorlanishi mamlakatda iqtisodiy barqarorlikning muhim tayanchlaridan biridir.

Joriy yil 30-aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy va kasbiy ta’limda sifatni oshirish, nodavlat ta’lim xizmatlari tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda ta’lim sohasini chuqur isloh qilish, xususiy sektorni rivojlantirish va inson kapitali sifatini oshirishga qaratilgan strategik tashabbuslar muhokama qilindi.

Hozirgi sharoitda iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari – sanoat, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va xizmat ko‘rsatish sohalarining taraqqiyoti bevosita malakali kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasiga bog‘liq. Shu sababli, ta’lim tizimidagi transformatsion islohotlar nafaqat ijtimoiy barqarorlik, balki iqtisodiy o‘sishning ham asosiy omili sifatida qaralmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ta’limni zamon talablariga moslashtirish va uni mehnat bozori ehtiyojlariga yo‘naltirish strategik ahamiyatga ega.

So‘nggi sakkiz yil davomida ta’lim tizimini diversifikatsiyalash hamda xususiy sektorni faol jalb etish maqsadida keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy imkoniyatlar yaratildi. Xususan, 71 ta xususiy oliy ta’lim muassasasi hamda 51 ta texnikum tashkil etildi. Ayni paytda ushbu muassasalarda 500 ming nafarga yaqin talaba va o‘quvchi tahsil olmoqda. Bu orqali oliy ta’lim bilan qamrov 2016-yildagi 9 foizdan 2024-yilga kelib 42 foizga yetkazildi. Bu esa o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda kadrlar salohiyatini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, Prezident tomonidan nodavlat ta’lim muassasalarida ta’lim sifati har doim ham bir xil darajada emasligi tanqidiy nuqtai nazardan tilga olindi. Ayrim tashkilotlarda dasturiy metodologiya va pedagogik salohiyat yetarlicha rivojlanmagan bo‘lib, bu holat ta’lim samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu boisdan davlat tomonidan ta’lim sifatini boshqarish va monitoring qilish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yig‘ilish davomida nodavlat ta’lim tashkilotlarida qabul mezonlari, o‘quv rejalari, jarayonlarning metodik tashkil etilishi va ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, ta’limning mazmunini real mehnat bozori talablari bilan uzviy bog‘lash, amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv tizimini joriy etish, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni keng tatbiq etish ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rsatildi.

Shuningdek, nodavlat ta’lim xizmatlarini tartibga solish, litsenziyalash va akkreditatsiya jarayonlarini takomillashtirishga doir yangi takliflar ilgari surildi. Jumladan, ikki bosqichli litsenziyalash tizimini joriy qilish, ta’lim dasturlarini maxsus akkreditatsiyadan o‘tkazish, har besh yilda esa davlat akkreditatsiyasining kompleks baholashini o‘tkazish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu esa sifat kafolatini ta’minlab, sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda ta’lim sifatini baholashda mustaqil tashqi nazorat mexanizmini joriy etish bo‘yicha taklif ilgari surildi. Jumladan, ta’lim sifatini mustaqil baholaydigan, ilmiy asoslangan va xalqaro andozalarga mos faoliyat yurituvchi institutsional tuzilmani tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Bu orqali ta’lim muassasalari faoliyatining shaffofligi ta’minlanadi va ularning xalqaro tizimlarga integratsiyasi kuchayadi.

Xulosa qilib aytganda, ilgari surilgan islohotlar milliy ta’lim tizimini zamonaviy, samarali va global raqobatbardosh holatga keltirishni ko‘zlaydi. Nodavlat ta’lim xizmatlarini rivojlantirish orqali malakali kadrlar tayyorlash tizimini mustahkamlash, ta’limda sifat va samaradorlikni oshirish orqali mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shish imkoniyati yaratiladi.

Dilafruz Nasirxo‘jayeva
TDIU Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi professori,
iqtisod fanlari doktori