IJTIMOIY HIMOYA TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH – BARQAROR VA ADOLATLI JAMIYAT POYDEVORI

Joriy yil 29–aprel kuni mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslar va takliflar bo‘yicha taqdimot bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilib, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutuvchi yangi yondashuv va mexanizmlar muhokama etildi. Bu jarayon O‘zbekistonda inson qadri ustuvorlik darajasiga ko‘tarilganining yana bir yaqqol dalili sifatida namoyon bo‘ldi.
Yurtimiz xalqining azaliy qadriyatlaridan sanalgan mehr-oqibat, saxovat, insonparvarlik tamoyillari ijtimoiy siyosatning asosiy mezoniga aylantirilmoqda. Davlat rahbari taqdimotda kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirishga doir takliflar bilan tanishar ekan, bu yo‘nalishlarda amaliy chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekistonda ijtimoiy davlat qurilishiga yo‘l olingani fuqarolarning hayotida sezilarli o‘zgarishlarni yuzaga chiqarmoqda. Davlat boshqaruvi tizimi inson manfaatlariga xizmat qilish, uning ehtiyoj va talablarini inobatga olish tamoyili asosida qayta shakllantirilmoqda. Prezident tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi shunday o‘zgarishlarning amaldagi ifodasidir. Mazkur dastur mehnatga layoqatli shaxslarning ish bilan ta’minlanishi, ta’limga kengroq kirish imkoniyati yaratilishi, tibbiy xizmatdan samarali foydalanish, kasb-hunarga ega bo‘lish kabi qator yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Taqdim etilgan loyihalarda kambag‘al oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini hisobga olgan holda, ularni uch toifaga ajratib qo‘llab-quvvatlash mexanizmi taklif qilindi. Bu orqali jamiyatdagi ijtimoiy adolatni ta’minlash, ehtiyojmand qatlamni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish maqsad qilingan. Ushbu oilalar uchun 100 dan ortiq turdagi xizmat, yordam va imtiyozlar nazarda tutilgan bo‘lib, “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kirish tartibi alohida normativ-huquqiy hujjat sifatida shakllantiriladi. Har bir oila uchun individual rivojlanish rejasi tuzilib, ularni kambag‘allikdan chiqarishga xizmat qiluvchi manzilli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Ijtimoiy islohotlarning asosiy maqsadi aholining doimiy daromadga ega bo‘lishi uchun imkoniyatlar yaratishdir. Shu maqsadda, maktabda ta’lim olayotgan farzandlar uzaytirilgan kun guruhlariga bepul jalb etiladi, a’lo bahoga o‘qigan bolalar uchun oromgohlarda hordiq chiqarish imkoni yaratiladi. Kambag‘al oilalardan chiqqan a’lo baholik talaba-qizlarga esa bazaviy stipendiyaning ikki baravari miqdorida maxsus stipendiya to‘lanishi nazarda tutilmoqda. Bu kabi imtiyozlar ijtimoiy tenglikni ta’minlash bilan birga, kambag‘allik davriyligini uzishga xizmat qiladi.
Ijtimoiy tenglik va inson huquqlarini ta’minlashda nogironligi bo‘lgan fuqarolarni jamiyat hayotiga faol jalb etish alohida ahamiyatga ega. Taqdimotda ushbu toifadagi fuqarolarni ish bilan ta’minlashni rag‘batlantirish uchun qator mexanizmlar ishlab chiqilgani ma’lum qilindi. Jumladan, bunday fuqarolarni ishga qabul qilgan yengil sanoat korxonalariga soliq imtiyozlari berilishi, ijtimoiy soliq stavkasi pasaytirilishi, tadbirkorlarga 500 million so‘mgacha davlat subsidiyalari ajratilishi belgilangan. Bu, o‘z navbatida, inklyuziv iqtisodiy muhit shakllanishi va ijtimoiy davlat modeli takomillashuvini ko‘rsatadi.
Ijtimoiy adolatni qaror toptirishning yana bir muhim yo‘nalishi – ta’lim va mehnatda inklyuzivlikni ta’minlashdir. Shu maqsadda nogironligi bor shaxslar uchun texnikumlarda maxsus inklyuziv guruhlar tashkil etildi. Shu bilan birga, bunday shaxslar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulot va xizmatlarni elektron savdo platformalari orqali sotish imkoniyati kengaytiriladi. Bu esa ularning iqtisodiy faolligini oshirib, daromad manbalari ko‘lamini kengaytiradi.
Muhtoj insonlarga qarash faqat ijtimoiy vazifa emas, balki ma’naviy burch hamdir. Shu bois, taqdimotda “Faol hayotga qadam” dasturini amalga oshirish taklif qilindi.
Ushbu dastur asosida kunduzgi qatnov asosidagi ijtimoiy xizmatlar, uyda tibbiy yordam ko‘rsatish, maishiy yumushlarda ko‘maklashish, jismoniy faollikni tiklash va kasalliklarning oldini olish kabi ko‘p qirrali xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu xizmatlar inson qadrini yuksaltirish va jamiyatda hech kim e’tibordan chetda qolmasligini ta’minlashga qaratilgan.
Xulosa o‘rnida, joriy qilingan va taklif etilgan ijtimoiy siyosat chora-tadbirlari mamlakatimizda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, inson qadrini e’zozlash va har bir fuqaroga munosib hayot tarzini yaratishda muhim qadamdir. Bu islohotlar, shubhasiz, O‘zbekistonni ijtimoiy adolat va farovonlik yo‘lida yanada olg‘a boshlaydi.
Umida ZAYNITDINOVA