O‘ZBEKISTON IQTISODIYOTINI TARKIBIY O‘ZGARTIRISHDA KIMYO SANOATINING O‘RNI

Kimyo sanoati, uning innovatsion rivoji va diversifikatsiyasi har bir davlatning iqtisodiy mustahkamligi va o‘sishida muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotidagi o‘rni va raqobatbardoshligini oshirishda kimyo sanoatini modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni joriy etish va diversifikatsiya qilishning ahamiyati ortib bormoqda. O‘zbekiston hukumati shu yo‘nalishda jahon amaliyotidan samarali foydalanib, sohani kengaytirish va rivojlantirish borasida bir qator islohotlarni amalga oshirmoqda. O‘zbekiston kimyo mahsulotlari dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlariga, jumladan, Qozog‘iston, Tojikiston, Janubiy Koreya, Yaponiya va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Bu esa tashqi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, valyuta tushumini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bozor sharoitlarining sezilarli o‘zgaruvchanligi bilan jahon iqtisodiyoti rivojlanishining turli bosqichlari o‘z tendensiyalari va modellariga, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatida juda ko‘p turli xil xavf-xatarlarga ega. Zamonaviy sharoitda mega darajadagi ijtimoiy-iqtisodiy tizimning rivojlanishi sezilarli beqarorlik, korxonalar faoliyatida ko‘plab inqirozli hodisalarning mavjudligi bilan tavsiflanadi. Bu esa bozor iqtisodiyotining barcha sub’yektlariga, jumladan, sanoat korxonalariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning faol rivojlanishini sekinlashtiradi. Aynan shuning uchun ham ko‘p yillik iqtisodiy tajribaga tayangan holda zamonaviy kompaniyalar xavf va yo‘qotishlarning oldini olish uchun o‘z sohalarini faol ravishda diversifikatsiya qilmoqdalar.
Jahon banki, shuningdek, boshqa xalqaro moliya institutlari tomonidan kimyo sanoatiga ajratilgan kreditlar va grantlar mamlakatimizning ushbu sohadagi investitsiya salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Jahon bankining O‘zbekistonga ajratgan 500 million AQSh dollari miqdoridagi kredit mablag‘lari kimyo sanoatini rivojlantirishga, yangi texnologiyalarni joriy qilish va eksport salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan. Bu mablag‘lar asosan sanoatni raqamlashtirish, avtomatlashtirish va yangi ishlab chiqarish tarmoqlarini tashkil etish uchun ajratilgan bo‘lib, bu jarayonlar mamlakatimiz iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishga hissa qo‘shmoqda.
Shuningdek, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Xitoy Eximbank kabi global moliya institutlari ham O‘zbekistonning kimyo sanoatini rivojlantirishga doir bir qator loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ushbu mablag‘lar orqali kimyo sanoatining global raqobatga kirishish imkoniyatlari kengaymoqda, mamlakatimizning sanoat infratuzilmasi mustahkamlanmoqda.
Kimyo sanoatini diversifikatsiya qilish, shuningdek, mamlakatning import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshiradi, yangi ish o‘rinlarini yaratadi va o‘z navbatida iqtisodiyotda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarning ishlab chiqarilishi orqali barqaror o‘sishga erishiladi. Bu yo‘nalishdagi islohotlar nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021–yil 13–fevraldagi PQ–4992–sonli farmoni O‘zbekistonning kimyo sanoatini diversifikatsiya qilish borasida amalga oshirilgan islohotlar asosida xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilganini ko‘rsatadi. Shuningdek, Prezidentimiz “Sanoatni rivojlantirish va modernizatsiya qilish” mavzusidagi nutqida ta’kidlanganidek, kimyo sanoatining rivoji nafaqat iqtisodiy, balki ekologik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda ham muhim rol o‘ynaydi. Sohadagi islohotlarning amalga oshirilishi natijasida “2024–yilgacha kimyo sanoati eksportining hajmi ikki baravar oshirilishi” vazifasi qo‘yilgan va bu ish muvaffaqiyatli bajarildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston hukumati tomonidan joriy etilgan “Sanoatni zamonaviylashtirish” dasturi asosida kimyo sanoatini yangilash va diversifikatsiya qilishga qaratilgan 2,3 milliard AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar ajratildi. Ushbu mablag‘larning asosiy qismi, ya’ni 1,4 milliard AQSh dollari, kimyo sanoatining qayta ishlash tarmoqlarini rivojlantirish va yangi ishlab chiqarish liniyalarini tashkil etishga yo‘naltirilgan.
Hozirda yurtimizda “Yashil iqtisodiyot” yo‘nalishida ekologik toza texnologiyalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Chunki Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek “Agar biz kimyo sanoatini diversifikatsiya qilmasak, xalqaro bozorda raqobatga barham beramiz” degan edi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatning iqtisodiy mustahkamligini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishga yordam beradi.
O‘zbekistonda kimyo sanoatini diversifikatsiya qilish mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, importga qaramlikni kamaytirish va eksport salohiyatini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi. Kimyo sanoatini diversifikatsiya qilish asosiy maqsadlari ishlab chiqarish bazasini kengaytirish, import o‘rnini bosish va mahalliylashtirish, investitsiyalarni jalb qilish va innovatsiyalarni joriy etish hamda raqamlashtirish va samaradorlikni oshirishni sanab o‘tishimiz mumkin.
Joriy yilning 22 aprel kuni davlatimiz rahbari kimyo sanoatini diversifikatsiya qilish bo‘yicha rejalar bilin tanishib, islohotlar natijasida tarmoqda bozor tamoyillari joriy etilib, investitsiyalarga keng yo‘l ochilganini ta’kidladilar. Ishlab chiqarish zanjirini kengaytirish uchun Navoiy, Farg‘ona, Qo‘ng‘irotda 3 ta kimyoviy klaster, Chirchiq va Jizzaxda 2 ta texnopark tashkil etildi. Qo‘qon superfosfat zavodi to‘liq modernizatsiya qilindi. So‘nggi besh yilda 23 ta yangi korxona ochilib, 4 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi. Tarmoqqa xalqaro brendlar kirib keldi, kichik tonnajli mahsulotlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Bularning samarasida kimyo sanoatida ishlab chiqarish 1,5 barobar o‘sdi. Joriy yil birinchi chorakda tarmoqda 181 million dollarlik investitsiya o‘zlashtirilgan, 39 million dollarlik 3 ta loyiha ishga tushirilgan. Ikkinchi chorakda 170 million dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirish hisobidan “yashil” vodorod va sian tuzlari korxonalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston kimyo sanoatining diversifikatsiyasi hamda tarmoqni rivojlantirish uchun belgilab berilgan yo‘nalishalarni amalaga oshirish nafaqat tarmoqda keskin o‘sishni, balki yangi ishchi o‘rinlarini yaratish, kimyo sanoatini mamlakatimiz rivojiga qo‘shgan hissasini oshishiga, iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish va xalqaro maydonda mamlakat raqobatbardoshligini oshirishga olib kelishiga ishonchimiz komil.
Bexzodjon Shermuxamedov