O‘ZBEKISTON VA BOLGARIYA O‘RTASIDAGI SAVDO-IQTISODIY VA INVESTITSIYAVIY HAMKORLIK ISTIQBOLLARI

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan ochiq tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha izchil islohotlar O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi davlatlari, jumladan Bolgariya Respublikasi bilan ham aloqalarini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Xususan, ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarni chuqurlashtirish bugungi kunning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasida 1992-yilda diplomatik aloqalar o‘rnatilgan bo‘lib, ayni vaqtda ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi yil sayin oshib bormoqda. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 60 million AQSH dollaridan oshdi. Biroq mavjud salohiyat va imkoniyatlardan kelib chiqib, bu raqamni bir necha barobarga oshirish real maqsad sifatida belgilangan.
O‘zbekistonning eksport salohiyati ayniqsa to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, kimyo sanoati, qurilish materiallari va elektronika sohalarida yuqori bo‘lib, Bolgariya bozorlarida ushbu mahsulotlarga talab ortib bormoqda. Shu bilan birga, Bolgariya O‘zbekiston uchun farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, mashinasozlik va turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasida muhim hamkor bo‘la oladi. Joriy yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Bolgariya ishbilarmonlar forumi doirasida umumiy qiymati 150 million dollarlik 12 ta hamkorlik loyihasini amalga oshirish bo‘yicha memorandumlar imzolandi. Bu loyihalar energetika, oziq-ovqat sanoati, logistika, sog‘liqni saqlash va axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan. Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasida qulay logistika yo‘nalishlarini tashkil etish, O‘zbekistondan Bolgariyaga va undan boshqa Yevropa davlatlariga eksportni soddalashtirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar ilgari surilmoqda. Ayniqsa, Bolgariyaning “Plovdiv” sanoat zonasi va O‘zbekistonning “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sarmoyadorlar uchun soliq imtiyozlari va erkin harakatlanish imkoniyatlarini taqdim etish orqali innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Energetika sohasida hamkorlik istiqbollari alohida ahamiyatga ega. Bolgariya kompaniyalari O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishda ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda. Bu borada Navoiy va Buxoro viloyatlarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik ham ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning tarkibiy qismiga aylanmoqda. Bolgariyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni yildan yilga ortib borayotgani, qo‘shma akademik dasturlar va almashinuvlar tashkil etilayotgani ikki tomonlama do‘stona munosabatlarni mustahkamlayapti.
Kelgusida O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish orqali ikki tomonlama savdo hajmini 300 million dollarga yetkazish, qo‘shma korxonalar sonini uch barobar oshirish, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini sezilarli darajada kuchaytirish rejalashtirilgan. Bu esa nafaqat mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, balki mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotga xizmat qilishga xizmat qiladi.
Adilova Marguba Tursunaliyevna