ISLOHOTLAR SAMARASI: O‘SISH RAQAMLARDA, FAROVONLIK HAYOTDA

O‘zbekiston iqtisodiyoti so‘nggi yillarda ulkan o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat raqamlarda, balki har bir inson hayotida o‘z ifodasini topmoqda.
2024-yil yakuniga qadar mamlakat yalpi ichki mahsuloti 6,2%ga oshdi. Sanoatda o‘sish 12,1%ni tashkil etdi. Qishloq xo‘jaligida zamonaviy sug‘orish texnologiyalari joriy etilib, hosildorlik va samaradorlik oshdi. Mamlakat eksport salohiyati 24 milliard dollarga yetdi.
O‘tgan yil davomida 1 millionga yaqin fuqaro ish bilan ta’minlandi. “Temir daftar” va boshqa ijtimoiy dasturlar orqali 2 million fuqaroga aniq va manzilli yordam ko‘rsatildi. Kambag‘allik darajasi 11,9%ga tushdi.
O‘zbekistonga 2024-yilda 6 million sayyoh tashrif buyurdi. 2025-yilda bu raqam 10 millionga yetkazilishi maqsad qilingan. Turizm eksportini 1 milliard dollardan oshirish, yangi mehmonxonalar va infratuzilma yaratish — kun tartibidagi masalalardir.
So‘nggi ikki yilda yuzlab yangi maktab va ta’lim markazlari foydalanishga topshirildi. Talabalar soni 2017-yildagi 300 mingdan 2024-yilda 1,1 millionga yetdi. Davlat ta’limni modernizatsiya qilish, kadrlar sifatini oshirish va ta’limning hayot bilan bog‘liqligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda.
So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni kuzatar ekanman, islohot degani faqat yangilangan qonun, yangi qaror yoki statistika emasligini yanada chuqur anglayapman. Bu o‘zgarishlarning markazida inson – uning hayoti, qadri va imkoniyatlari turibdi.
Har bir yangi ish o‘rni — bu yana bir oilada barqarorlik. Har bir ta’mirlangan maktab — bu yuzlab bolalarning kelajakka ishonch bilan qarashi. Har bir tadbirkorga berilgan imtiyoz — bu butun jamiyatda harakat va ijod muhitining kengayishi demak.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, davlat xalq uchun ishlashi kerak — bu so‘zlar endi faqat shior emas. Joylarda amaliy natija bor. Fuqaro davlat muassasasiga murojaat qilganda, uning muammosi eshitiladi, yechimi izlanadi va natija bo‘ladi.
Men, tahlilchi va kuzatuvchi sifatida, shunday bir jarayonning ichida yashayapmanki, bu faqat iqtisodiy o‘sish emas, balki — milliy uyg‘onish. Jamiyat faollashdi. Insonlar o‘z so‘ziga, mehnatiga, imkoniyatiga ishonishni o‘rganayapti. Yangi O‘zbekiston — bu faqat davlat emas, bu yangi fuqaro, yangi tafakkur, yangi munosabatdir.
Albatta, muammolar ham bor. Har bir islohotda qarshiliklar, to‘siqlar, ishonchsizliklar ham bo‘ladi. Lekin eng muhimi — endi bizda ularni yashirish emas, hal etishga siyosiy iroda va jamiyatning qo‘llab-quvvati bor.
Shuning uchun ham, kelajakka ishonch bilan qarayapmiz. Chunki bugun qo‘yilayotgan har bir tamal toshi — ertangi barkamol jamiyatning poydevori hisoblanadi.
Abdumalikova Guli-Ra’no