Oʻzbekiston terma jamoasi Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasida 7 ta medalga sazovor boʻldi

may 16, 2025 - 11:41
 0  10
Oʻzbekiston terma jamoasi Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasida 7 ta medalga sazovor boʻldi

Joriy yilning 5–13-may kunlari Braziliyadagi San-Paulu shahrida 59-marotaba oʻtkazilgan Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasi jahonda eʼtirof etilgan eng nufuzli fan tanlovlaridan biri sifatida yana bir bor xalqaro ilm-fan hamjamiyatining diqqat markazida boʻldi. Ushbu nufuzli musobaqada dunyoning 40 mamlakatidan kelgan 192 nafar iqtidorli oʻquvchi kimyo fanidan bilim va koʻnikmalarini namoyon etdi. Olimpiada 7 kun davom etdi va ishtirokchilar nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliy kimyoviy tajribalar orqali ham oʻz mahoratlarini namoyish etishdi.

Ayni paytda oʻzbekistonlik yoshlar uchun ham ushbu olimpiada tarixiy natijalarni taqdim etdi. Oʻzbekiston terma jamoasi ushbu xalqaro maydonda munosib ishtirok etib, umumiy hisobda 7 ta medalni — 1 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Bu mamlakatimiz taʼlim tizimi, ayniqsa tabiiy fanlar boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tizimli yondashuv natijasidir.

Alohida qayd etish joizki, tarixda ilk bor Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Xalqaro va Jahon fan olimpiadalari doirasida oltin medalga sazovor boʻldi. Bu yurtdoshimiz, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyining sobiq oʻquvchisi Boltaev Behzodning yutugʻi boʻlib, u mazkur terma jamoaga rahbarlik qilgan. Boltaev Behzod nafaqat yuqori intellektual salohiyati, balki yosh avlodni ilmiy izlanish va innovatsion yondashuvga ruhlantirishdagi fidoyiligi bilan ham koʻpchilikni oʻziga rom etmoqda. Uning saʼy-harakatlari yuksak natija berib, butun jamoa olqishga sazovor boʻldi.

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi direktori Ortiqboy Eshonqulovning taʼkidlashicha, mazkur muvaffaqiyat Oʻzbekiston taʼlim tizimida fanni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni kashf etish va ularni xalqaro olimpiadalarga puxta tayyorlashdagi izchil va samarali siyosatning amaldagi ifodasidir.

Ushbu muvaffaqiyat nafaqat taʼlim sohasi xodimlari, balki keng jamoatchilik uchun ham ilmiy-maʼrifiy ruhlantiruvchi voqea sifatida xizmat qiladi. Bunday xalqaro tan olingan natijalar — kelajakda yurtimizning ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Ortiqboy ISHONQULOV
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti
qoshidagi akademik litseyi direktori, professor,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat 
koʻrsatgan yoshlar murabbiysi