2025-YILDA DUNYO SAYYOHLARI NIMANI TANLAMOQDA? TURIZMDAGI ENG YANGI TENDENSIYALAR VA O‘ZBEKISTON UCHUN IMKONIYATLAR

Bugungi kunda turizm sohasi rivojlangan mamlakatlarning iqtisodiyotida strategik “driver”ga, ya’ni iqtisodiy o‘sish va diversifikatsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylangan. Turizm nafaqat valyuta tushumlarini oshirish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, madaniyatlararo almashinuvni kuchaytirish va milliy brendni jahon miqyosida ilgari surish vositasi sifatida ham muhim rol o‘ynamoqda. Ayniqsa, jahon bozorida raqobat kuchayib borayotgan bir paytda, bu sektor barqaror rivojlanishning ajralmas elementi sifatida qaralmoqda. Shu ma’noda, turizm sohasi Yangi O‘zbekiston sharoitida ham iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanishga ulgurgan. Raqamli transformatsiya, zamonaviy xizmatlar sifati, transport-logistika tizimi va inson kapitalining salohiyati turizmni yuksak darajaga olib chiqishda hal qiluvchi omillar bo‘lib xizmat qilmoqda.
2025-yilga kelib global turizm bozori jiddiy tarkibiy o‘zgarishlarga duch kelmoqda. Sayyohlar endilikda sayohatni faqat hordiq chiqarish vositasi sifatida emas, balki sog‘liqni tiklash, yangi madaniyatlarni o‘rganish, ekologik tozalikni his qilish va sarguzasht izlash imkoniyati sifatida ham ko‘rmoqda. Bu o‘zgaruvchan ehtiyojlar turizm xizmatlariga bo‘lgan talab va yondashuvlarni tubdan yangilamoqda. Xususan, madaniy turizm, ekoturizm, sog‘lomlashtiruvchi sayohatlar, sarguzashtli turlar va raqamli nomadlik kabi yo‘nalishlar jahon bozorida eng ommabop segmentlarga aylangan.
So‘nggi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Frantsiya, Ispaniya, AQSh va Turkiya an’anaviy tarzda sayyohlar oqimini jalb etishda yetakchi pozitsiyalarni saqlab qolmoqda. Biroq, kutilmagan tarzda Norvegiyaning Tromso shahri, Xitoyning Sanya kurorti va Marokashning Agadir shahri ham xalqaro sayyohlar uchun yangi kashfiyot nuqtalariga aylanmoqda. Aynan shunday holatlar global sayyohning xulq-atvori va ustuvorliklarida yuz berayotgan o‘zgarishlarni tasdiqlaydi.
2025-yilda eng ko‘p talab qilinayotgan turizm turlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi. Birinchidan, madaniy turizm kuchli o‘sishni namoyish qilmoqda. Sayyohlar qadimiy shaharlar, arxeologik obyektlar, etnografik muzeylar va mahalliy urf-odatlar bilan bevosita tanishishni istashmoqda. UNESCO merosi ro‘yxatiga kiritilgan obyektlarga bo‘lgan qiziqish tobora ortmoqda, bu esa O‘zbekistonning Buxoro, Samarqand, Xiva kabi bebaho tarixiy shaharlarini jahon sayyohligi xaritasida yuksak o‘rinlarga olib chiqmoqda.
Ikkinchidan, ekoturizm va tabiat turizmi bugungi kunning eng aktual yo‘nalishlaridan biridir. Atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda sayohat qilishga intilish, sayyohlarni ekologik xavfsiz hududlarga, tabiiy bog‘lar va milliy rezervatlarga yo‘naltirmoqda. Norvegiyadagi shimoliy nurlarni tomosha qilish, Kanada va Yangi Zelandiyadagi bioxilma-xillikni o‘rganish, hamda Gruziya, Nepal kabi mamlakatlardagi tog‘li marshrutlar bunga yaqqol misoldir.
Uchinchidan, wellness turizmi, ya’ni sog‘lomlashtiruvchi sayohatlar bozori jadal rivojlanmoqda. 2025-yil davomida ushbu yo‘nalishning umumiy qiymati 1,4 trillion AQSh dollarigacha yetishi kutilmoqda. Meksika, Tailand, Vengriya va BAA davlatlarida “med cation” — ya’ni tibbiy xizmatlar bilan uyg‘unlashtirilgan hashamatli dam olish turlari keng tarqalgan. SPA markazlar, balneologik kurortlar, terapevtik dasturlar va ruhiy salomatlik markazlari aynan shu segmentga xizmat qiladi.
To‘rtinchidan, sarguzasht turizmi ham ommalashib bormoqda. Adrenalinni sevadigan sayyohlar uchun tog‘ sporti, rafting, diving, paragliding, speleoturizm va trekking kabi faol yo‘nalishlar tobora ko‘proq talab qilinmoqda. Hilton kompaniyasining global tahliliga ko‘ra, 2025-yilda sayyohlarning 70 foizi passiv dam olish o‘rniga faol sayohatni tanlamoqda.
Beshinchidan, zamonaviy raqamli iqtisodiyot fonida shakllanayotgan digital nomad turizmi ham keskin o‘sish sur’atiga ega. Masofaviy ishni sayohat bilan birlashtirish g‘oyasi Bali, Tbilisi, Lissabon, Bangkok kabi shaharlarda infratuzilmaning moslashuviga olib kelmoqda. AQShda 18,1 million kishi o‘zini raqamli ko‘chmanchi sifatida tanlagani, bu yo‘nalishning global ommalashuvini tasdiqlaydi.
Shunday xalqaro fon qarshisida mamlakatlar o‘z milliy turizm strategiyalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lmoqda. O‘zbekiston esa boy tarixiy merosi, tabiat manzaralari, ziyorat turizmi imkoniyatlari, shifobaxsh resurslari va mehmondo‘st xalqi bilan global maydonda o‘zining mustahkam o‘rnini egallash salohiyatiga ega. Shu bois, hozirgi xalqaro tendensiyalarni chuqur tahlil qilish, ulardan oqilona foydalanish va milliy strategiyalarni yangi talablar asosida takomillashtirish zarur.
O‘zbekiston uchun amaliy tavsiyalar quyidagicha: madaniy turizmni rivojlantirish maqsadida qadimiy shaharlar bo‘ylab tematik marshrutlar tashkil etish; wellness yo‘nalishida mineral vannalar, SPA va sanatoriy markazlarini joriy etish; ekoturizm va sarguzasht turizmi uchun Chorvoq, Aydar-Arnasay kabi hududlarda zamonaviy infratuzilmani kengaytirish; digital nomadlar uchun yuqori tezlikdagi internet, ko‘p tilli xizmatlar, coworking zonalari va viza soddalashtirish mexanizmlarini yaratish; med cation konsepsiyasini Ipak yo‘li madaniyati, tarixiy obidalar va davolovchi manbalar bilan uyg‘unlashtirib, eksportbop sayohat paketlarini ishlab chiqish lozim.
Xulosa qilib aytganda, 2025 yilda turizm sohasi sezilarli darajada diversifikatsiyalashmoqda. Zamonaviy sayyohlar endi faqatgina hordiq emas, balki bilim, sog‘liq, tajriba va sifatli muhit izlaydi. O‘zbekiston esa bu talablarni qondirish uchun yetarlicha salohiyatga ega: faqat strategik yondashuv, ilg‘or boshqaruv, xalqaro integratsiya va innovatsion xizmatlar tizimini yo‘lga qo‘yish zarur. Ana shunda mamlakatimiz turizm orqali iqtisodiy yuksalishning yangi bosqichiga ko‘tariladi.
Xushnazarova Maxzuna Gulamjonovna
TDIU “Turizm va mehmonxona biznesi” kafedrasi katta o‘qituvchisi