Xalqaro turizmni rivojlantirish mamlakat iqtisodiy imidjini oshiradi

aprel 15, 2025 - 09:20
aprel 28, 2025 - 10:28
 0  22
Xalqaro turizmni rivojlantirish mamlakat iqtisodiy imidjini oshiradi

Jamiyat taraqqiyotida turizm sohasi qadim zamonlardan buyon muhim o‘rin egallab kelgan. O‘zbekiston hududidan o‘tgan mashhur savdo yo‘llaridan biri – Buyuk Ipak yo‘li orqali asrlar davomida mintaqa xalqlari o‘rtasida savdo-sotiq, madaniy aloqalar, ilm-fan va ziyorat turizmi rivoj topgan. Buyuk Ipak yo‘li Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajargan bo‘lib, o‘zaro iqtisodiy, siyosiy hamda madaniy aloqalarni rivojlantirishda muhim rol o‘ynagan.

Joriy yil 14-aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev  “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazining master-rejasi taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda ta’kidlanganidek, mamlakatimizdagi qulay investitsiya muhiti tufayli barcha sohalarga ilg‘or g‘oyalar kirib kelmoqda, yangi majmualar barpo etilmoqda. Xususan, turizmda so‘nggi yillarda 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. O‘tgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshdi. Birgina Toshkent viloyatining Bo‘stonliq hududida Amirsoy va “Ugam River” kabi kurortlar, “Beldirsoy – Chimyon – Nanay” turizm maskanlari tashkil etildi. Bunday rivojlanish sur’ati chet ellik investorlarni ham o‘ziga tortmoqda. Jumladan, Chorvoq suv ombori bo‘yida “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazi qurilishi haqida avval xabar berilgan edi. Bu galgi taqdimotda ushbu yirik loyihaning bir nechta xorijiy kompaniyalar ishtirokida ishlab chiqilgan master-rejasi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash joizki, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil davomida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda tashrif buyurgan xorijiy fuqarolar soni 8 181,4 ming nafarni tashkil etgan. Ularning 4 077,1 ming nafari ayollarni (49,8 foiz), 4 104,3 ming nafari esa erkaklarni (50,2 foiz) tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2023-yilda mamlakatimizga 6,6 million nafar xorijlik sayyoh tashrif buyurgan edi. Bu esa bir yilda 1,8 million nafarga o‘sish kuzatilganini anglatadi. Turistlarning asosiy qismini esa qo‘shni davlatlar – Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston hamda Rossiya fuqarolari tashkil qilgan.

O‘zbekiston turizmni rivojlantirishda beqiyos salohiyatga ega bo‘lgan davlatlardan biridir. Mamlakat hududida 7 400 dan ortiq madaniy meros obyektlari mavjud bo‘lib, ularning 209 tasi YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bu esa O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va sivilizatsiyalar chorrahasida joylashganini yana bir bor tasdiqlaydi. Mamlakatda 11 ta milliy bog‘ va davlat qo‘riqxonasi, 12 ta qo‘riqlanadigan hudud, 106 ta muzey, hamda sayyohlar uchun qiziqarli bo‘lgan ko‘plab boshqa tabiiy, madaniy va ilmiy obyektlar faoliyat yuritmoqda. Buyuk Ipak yo‘li xususida to‘xtalsak, u nafaqat savdo yo‘li, balki tarixchilar, olimlar, talaba-yoshlar, sayyohlar va ziyoratchilar uchun ilmiy-ma’naviy va ma’rifatparvarlik yo‘li ham bo‘lgan. Ushbu yo‘l orqali harakatlangan karvonlar faqatgina tovar ayirboshlash bilan cheklanmay, balki bilim, ilm-fan yutuqlari, tajriba, diniy va madaniy qadriyatlarni ham olib kelishgan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Buyuk Ipak yo‘lining har bir bo‘lagi sivilizatsiyalar chorrahasiga aylangan bo‘lib, yo‘l bo‘ylab o‘tgan har bir karvon madaniy va iqtisodiy almashinuvning muhim halqasiga aylangan.

Mazkur yo‘l bo‘ylab joylashgan karvon yo‘llari infratuzilmasining rivojlanganligi tarixiy sarchashmalar – sirdobalar (suv saqlash inshootlari) orqali yaqqol namoyon bo‘ladi. Sirdobalar, asosan, qor va yomg‘ir suvlarini to‘plash maqsadida bunyod etilgan bo‘lib, karvonlarning suv ehtiyojini qondirishda beqiyos xizmat qilgan. Ularning mavjudligi karvonlarning uzluksiz harakati uchun qulay sharoit yaratgan. Bugungi kunda ham O‘zbekistonning turli hududlarida ushbu sirdobalarning me’moriy namunasi sifatida saqlanib qolganligi ularning tarixiy va amaliy ahamiyatini tasdiqlaydi va jahon sayyohlarida katta qiziqish uyg‘otib kelmoqda.
Buyuk Ipak yo‘li nafaqat savdo yo‘li, balki tarixiy infratuzilma, madaniy muloqot, xalqaro munosabatlar va iqtisodiy integratsiyaning muhim omili sifatida e’tirof etiladi. Karvonlar orqali olib kirilgan va olib chiqilgan mahsulotlar eksport-import munosabatlarining dastlabki shakllaridan biri sifatida davlatlararo iqtisodiy aloqalarning shakllanishiga asos bo‘lgan. Bu jarayon orqali O‘zbekiston hududida tibbiy, tijorat aloqalari kuchaygan, mahalliy hunarmandchilik, dehqonchilik, bozorlar va xizmat ko‘rsatish sohalarida jadal taraqqiyot kuzatilgan.

Azal-azaldan turizm rivojlangan O‘zbekiston bugungi kunda bu sohani innovatsion yondashuvlar asosida qayta tashkil etish, mavjud infratuzilmalarni diversifikatsiya qilish hamda ularni zamonaviy xalqaro standartlarga moslashtirish orqali milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga kuchli turtki bermoqda. Xususan, turizm siyosatida yangi avlod texnologiyalarini joriy etish, raqamlashtirilgan xizmatlarni ommalashtirish, sohalararo integratsiya va davlat-xususiy sheriklik asosidagi tashabbuslarni kengaytirish orqali tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu esa turizmning ichki yalpi mahsulotdagi ulushini sezilarli darajada oshirish, iqtisodiyotda xizmatlar sektorining nisbiy og‘irligini kuchaytirish imkonini bermoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev taqdimotda ta’kidlaganidek, yangi turistik hududlarni rivojlantirishda klaster tamoyillari asosida yondashuv joriy qilinmoqda. Jumladan, zamonaviy turizm markazi 10 ta kichik hududga bo‘linadi. Har bir hududda piyoda yurish imkoniyatiga ega bo‘lgan ko‘ngilochar maskanlar, savdo nuqtalari, servis xizmatlari va dam olish infratuzilmalari barpo etiladi. Bular zamonaviy shaharsozlik va ekologik barqarorlik mezonlariga to‘la javob beradigan tarzda rejalashtirilmoqda. Ikki qirg‘oq orasida quriladigan zamonaviy ko‘prik esa tashrif buyuruvchilarning hududlararo erkin harakatlanishini yengillashtiradi. Suv bo‘ylarida xushmanzara xiyobonlar, ekologik toza plyajlar, ochiq havodagi dam olish maskanlari; tepaliklarda esa zamonaviy mehmonxonalar, kottejlar, oilaviy uylar, milliy va xalqaro taomlar taqdim etiladigan restoranlar, turli madaniy tadbirlar uchun sahnalar va maydonchalar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Yangi markazda zamonaviy madaniyat markazlari, ta’lim muassasalari, tibbiy xizmat ko‘rsatish obyektlari, sport majmualari kabi ko‘p funksiyali infratuzilma yaratish ko‘zda tutilgan. Hududni nafaqat qisqa muddatli sayyohlik maskani, balki yil davomida doimiy yashash, ta’lim olish va mehnat faoliyati olib borish uchun jozibador hududga aylantiradi. Natijada, turizm endilikda faqat mavsumiy daromad manbai emas, balki uzluksiz ijtimoiy-iqtisodiy faollik maydoniga aylanmoqda. Taqdimotda ushbu yirik loyiha barcha tashrif buyuruvchilar uchun qulaylik yaratishi lozimligi ilgari surilib, butun majmua zamonaviy logistika, muhandislik-kommunikatsiya va axborot infratuzilmalari bilan to‘liq ta’minlanishi kerakligi qayd etildi. Ishchan yondashuv loyiha samarasini keskin oshirish bilan birga, servis sifati, ekologik xavfsizlik va investitsion jozibadorlik darajasini ham ta’minlaydi. Bunday qulay imkoniyatlar, tarixiy-madaniy obidalarni iqtisodiyotga faol integratsiya qilish orqali salmoqli va jadal qo‘shimcha qiymat yaratish garovidir.

Sherzod SINDAROV
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.