YASHIL IQTISODIYOT VA EKOLOGIK ONG HAMDA BARQAROR TARAQQIYOTDA MA’NAVIYATNING ROLI

Global miqyosda kuchayib borayotgan ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishlari, resurslarning chegaralanganligi va atrof-muhitga bo‘lgan befarqlik insoniyatni yangi yo‘nalishlar sari yetaklamoqda. Ana shunday dolzarb yo‘nalishlardan biri — yashil iqtisodiyot tamoyillarini barqaror rivojlanish konsepsiyasi bilan uyg‘un holda amalga oshirishdir. Yashil iqtisodiyot – bu atrof-muhitga zarar yetkazmasdan iqtisodiy o‘sishga erishish, resurslardan oqilona foydalanish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va ijtimoiy adolatni mustahkamlashga yo‘naltirilgan yondashuvdir. Biroq, ekologik barqarorlikka erishish faqat texnologik yangiliklar, iqtisodiy islohotlar yoki huquqiy choralar bilan emas, balki insonlarning ma’naviyati, dunyoqarashi va ichki ekologik ongini shakllantirish bilan ham chambarchas bog‘liqdir. Inson tabiat bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan mavjudot sifatida uni asrash, unga zarar yetkazmaslik, avlodlar oldidagi mas’uliyatni his etish kabi qadriyatlar asosida yashashi zarur. Aynan shu jihatlar yashil iqtisodiyotni rivojlantirishda ma’naviyatning o‘rni beqiyos ekanligini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi “Yashil iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi”ni qabul qilgan holda, ekologik barqarorlikni faqat iqtisodiy yoki texnik chora-tadbirlar bilan emas, balki aholi orasida ekologik madaniyatni, ekologik tarbiyani, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qilish orqali ham rivojlantirishga intilmoqda. Bu jarayonda yosh avlodga ma’naviy-axloqiy tarbiya berish, tabiatga mehr-oqibatli munosabatni shakllantirish, ekologik ongni yuksaltirish ustuvor yo‘nalishlardan biridir.
O‘zbekiston tajribasi
O‘zbekiston Respublikasi “Yashil makon” umumxalq harakatini boshlab, nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy yangilanishga ham urg‘u bermoqda. Bu tashabbus orqali fuqarolarning ekologik ongini uyg‘otish, avlodlar oldidagi ma’naviy mas’uliyatni anglatish, “tabiat — bizning jamiyatdagi hamrohimiz” degan tushunchani mustahkamlash maqsad qilingan.
2024-yilda O‘zbekistonda 227 million tupdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Bu ko‘kalamzorlashtirish ishlari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirildi Shuningdek, 2024-yilning bahor mavsumida 130 million tupdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazildi. Bu ekologik ta’limning amaliy ifodasi bo‘lib, jamiyatda “ma’naviyat orqali tabiatga e’tibor” tamoyilining shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Ma’naviyat va ekologik madaniyat
O‘zbekistonning ma’naviy qadriyatlarida tabiatni asrash – ajdodlarimizning urf-odatlarida ham muhim o‘rin tutgan. Mahalliy aholi orasida “daraxt ekkaning savobi bor”, “tuproqga hurmat – rizqga hurmat” degan iboralar yashil tafakkurga asos bo‘ladi. Bu qadriyatlarni zamonaviy yashil iqtisodiy tamoyillar bilan uyg‘unlashtirish orqali barqaror taraqqiyotga erishish mumkin.
Ekologik ongni yuksaltirish mexanizmlari
Yoshlar orasida ekologik madaniyatni oshirishda quyidagi mexanizmlar muhim ahamiyat kasb etmoqda:
ü maktab va oliy ta’lim muassasalarida ekologik tarbiya darslari;
ü madaniyat markazlarida tabiatni asrashga doir targ‘ibot;
ü OAV orqali ekologik ongni oshiruvchi ijtimoiy roliklar;
ü ekologik festivallar, tanlovlar va ekologik sayohatlar.
Yashil iqtisodiyotga o‘tish — bu nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy taraqqiyotga asoslangan jamiyat qurishni nazarda tutadi. Atrof-muhitga e’tibor, resurslarga ehtiyotkorlik, tabiiy boyliklarni asrash – bularning barchasi inson ma’naviy olami bilan bog‘liqdir. O‘zbekiston tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, ekologik ongni oshirish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirishda ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlash muhim rol o‘ynaydi.
Kelgusida ekologik ta’lim va tarbiya, diniy-ma’naviy yondashuvlar va davlat siyosatini uyg‘unlashtirish orqali barqaror rivojlanish sari yanada samarali qadamlar tashlash mumkin. Ma’naviyat – bu yashil taraqqiyotning ichki dvigateli, uni anglagan jamiyat ekologik inqirozlardan qochadi, yashil iqtisodiyot orqali farovonlikka erishadi.
Sattorova Nasiba G‘anijon qizi