TOSHKENT VILOYATI – HUDUDIY RIVOJLANISHNING YANGI IQTISODIY DRAYVERI: ISLOHOTLAR NATIJADORLIGI VA ISTIQBOLLAR

aprel 11, 2026 - 00:01
aprel 11, 2026 - 00:06
 0  2
TOSHKENT VILOYATI – HUDUDIY RIVOJLANISHNING YANGI IQTISODIY DRAYVERI: ISLOHOTLAR NATIJADORLIGI VA ISTIQBOLLAR

Joriy yil 8-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar hududiy rivojlanish doirasidan chiqib, butun milliy iqtisodiyotning hozirgi holati va istiqbolini baholash imkonini beradi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida hududiy rivojlanish masalasi strategik ahamiyat kasb etayotgani, ayniqsa, Toshkent viloyatini iqtisodiy faollik markaziga aylantirish zarurligi yig‘ilishda alohida ta’kidlandi.

Toshkent viloyatining poytaxtga tutash hududda joylashgani uning iqtisodiy tabiatini keskin farqlaydi. Bu yerda mehnat resurslari erkin harakat qiladi, kapital tezroq aylanadi, talab esa doimiy ravishda yuqori darajada shakllanadi. Shu bois, viloyatni oddiy ma’muriy birlik sifatida emas, balki iqtisodiy o‘sishni tortuvchi markaz sifatida baholash maqsadga muvofiq. Yig‘ilishda ham aynan shu jihatga urg‘u berilib, hududning investitsiya, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarurligi qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda viloyatda kuzatilayotgan o‘sish tasodifiy emas, balki izchil olib borilayotgan iqtisodiy siyosat natijasidir. Yalpi hududiy mahsulotning 7,1 foizga oshgani, xizmatlar hajmining 15,2 foizga kengaygani iqtisodiyot tarkibida chuqur siljishlar yuz berayotganini anglatadi. Xizmatlar ulushining keskin ortishi aholi daromadlari va iste’mol xulqidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lsa, sanoat va qurilishdagi faollik ishlab chiqarish bazasining kengayayotganidan dalolat beradi.

Investitsiya oqimlari viloyat iqtisodiyotining asosiy tayanchiga aylanib bormoqda. 115 ta loyiha ishga tushirilgani, 14 ta sanoat zonasi barpo etilgani va yuz minglab ish o‘rinlari yaratilgani iqtisodiy tizim ichki harakatining jadallashganini ko‘rsatadi. Kapital kirib kelgan hududda ishlab chiqarish kengayadi, ishlab chiqarish kengaygan sari esa yangi talab va yangi imkoniyatlar yuzaga keladi. Shu jihatdan, investitsiya siyosati nafaqat o‘sishni, balki iqtisodiy muvozanatni ham ta’minlaydigan omilga aylanmoqda.

Sanoat siyosatida xomashyo eksportidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga o‘tish ustuvor yo‘nalish sifatida shakllanmoqda. Bu yondashuv qo‘shilgan qiymatni oshirish, eksport tarkibini boyitish va tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni mustahkamlash imkonini beradi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish quvvatlarini hududlarga joylashtirish bandlikni kengaytiradi, biroq ekologik muvozanatni saqlash masalasi ham doimiy nazoratni talab qiladi.

Qishloq xo‘jaligida esa samaradorlikni oshirish zarurati tobora yaqqol sezilmoqda. Past daromadli ekinlar o‘rniga yuqori rentabelli mahsulotlarga o‘tish masalasi iqtisodiy zarurat sifatida shakllangan. Bu yondashuv fermer daromadini oshirish bilan birga, hududiy iqtisodiyotning umumiy barqarorligini ham mustahkamlaydi.

Raqamli texnologiyalarni keng joriy etish iqtisodiy boshqaruv sifatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Sun’iy intellekt asosida hududiy tahlil olib borish imkoniyati resurslardan oqilona foydalanish va investitsiya qarorlarini aniqroq qabul qilishga xizmat qiladi. Yig‘ilishda bu yo‘nalish iqtisodiy samaradorlikni oshiruvchi muhim vosita sifatida baholandi.

Mehnat bozorida yuz berayotgan o‘zgarishlar ham tizimli xarakter kasb etmoqda. Yangi ish o‘rinlari yaratish, norasmiy bandlikni qisqartirish va aholini kasbga tayyorlash masalalari iqtisodiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Bu yondashuv qisqa muddatli natijadan ko‘ra uzoq muddatli barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan.

Muxtasar qilib aytganda, Toshkent viloyati iqtisodiyotining yaqin istiqboldagi rivoji investitsiya faolligining saqlanib qolishi bilan chambarchas bog‘liq. Sanoat va xizmatlar sohasida yuqori o‘sish sur’atlari davom etishi kutiladi, bu esa yalpi hududiy mahsulot hajmining izchil ortishini ta’minlaydi. Yangi loyihalar ishga tushirilishi natijasida ish o‘rinlari ko‘payadi, aholi daromadlari ortadi va ichki talab mustahkamlanadi. Eksport tarkibining kengayishi tashqi iqtisodiy barqarorlikni kuchaytiradi. Texnologik yangilanish mehnat unumdorligini oshirib, iqtisodiyotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. Qishloq xo‘jaligida yo‘nalishlarning yangilanishi esa qishloq hududlarida daromadlarning oshishiga va kambag‘allikning qisqarishiga xizmat qiladi. Shu tariqa, Toshkent viloyati yaqin yillarda nafaqat iqtisodiy o‘sish hududi, balki samarali rivojlanish modeli sifatida shakllanishi mumkin.

Saidaxmedova Nodira Ilhomovna,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori