JISMONIY SHAXSLARGA KREDITLAR AJRATISHDA FUQAROLAR MA’NAVIYATI

Bugungi tez sur’atlarda rivojlanayotgan moliyaviy tizim sharoitida jismoniy shaxslar uchun kreditlar — aholi ehtiyojlarini qondirish, turmush darajasini yaxshilash va iqtisodiy faollikni oshirishning muhim vositasiga aylangan. O‘zbekiston Respublikasi bank tizimi hamda mikroqarz tashkilotlari tomonidan aholiga turli maqsadlarga (iste’mol, ipoteka, ta’lim, kichik biznesni boshlash) mo‘ljallangan kredit mahsulotlari keng taklif qilinmoqda. Biroq bu xizmatlardan samarali foydalanish jarayonida fuqarolarning moliyaviy savodxonligi, kredit madaniyati va eng muhimi — ma’naviy-axloqiy qarashlari asosiy omil sifatida maydonga chiqmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev 2023-yil 2-iyundagi PQ-183-sonli qarorida bank-mijoz munosabatlariga ilg‘or yondashuvlarni joriy etish, moliyaviy xizmatlar sifati va ishonchliligini oshirish, shuningdek, aholining bu xizmatlarga nisbatan madaniy va ma’naviy yondashuvini shakllantirish zarurligini ta’kidlagan edi. Shu boisdan, fuqarolarning kreditga nisbatan yondashuvini ma’naviy-me’yoriy asosda tahlil qilish bugungi kun ilmiy izlanishlarida dolzarb mavzulardan biri hisoblanadi.
Fuqarolarning ma’naviy dunyosi — bu ularning axloqiy qadriyatlari, mas’uliyat hissi, halollik, vijdonlilik va ijtimoiy burchga bo‘lgan munosabati bilan chambarchas bog‘liq. Ayniqsa, kredit olish va to‘lash jarayonida fuqaroning o‘z zimmasidagi majburiyatlarga qanday yondashishi — bu nafaqat moliyaviy, balki ma’naviy madaniyat darajasining ko‘rsatkichi sifatida baholanadi. Bank kreditlarini qaytarmaslik, ularni boshqa maqsadlarda ishlatish, yolg‘on ma’lumot berish kabi holatlar asosan ma’naviy yetarli darajada shakllanmagan shaxslar orasida uchraydi.
Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda jismoniy shaxslarga kredit ajratish mexanizmlarini takomillashtirishda faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar emas, balki fuqaroning axloqiy obro‘si, ma’naviy qadriyatlari va ijtimoiy mas’uliyatini baholash mezonlarini ham joriy etish zarurati yuzaga kelmoqda. G‘arb mamlakatlarida allaqachon etika reytingi yoki shaxsiy sodiqlik indeksi singari vositalar mavjud bo‘lib, ular kredit ajratishda hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekistonda esa bunday yondashuvni joriy etish uchun mavjud ijtimoiy-ma’naviy resurslar, milliy mentalitet, diniy va oilaviy qadriyatlar zamin bo‘la oladi.
Kreditni qaytarmaslikning asosiy sabablari: Sotsiologik tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, kreditni o‘z vaqtida to‘lamaslikning eng muhim sabablari quyidagilardan iborat:
1. Ishsizlik va daromad yetishmovchiligi (41%)
2. Kreditni boshqa maqsadga sarflash (28%)
3. Ma’naviy mas’uliyatning pastligi, beparvolik (19%)
4. Kredit olishda yolg‘on ma’lumot taqdim etish (12%)
Bu raqamlar iqtisodiy sabablar bilan bir qatorda, shaxsiy axloqiy qarashlarning, mas’uliyat hissining ham hal qiluvchi o‘rin tutishini ko‘rsatadi.
Ma’naviy qadriyatlar va diniy e’tiqod ta’siri: Ko‘pchilik fuqarolar uchun qarz olish va to‘lash diniy jihatdan ham katta mas’uliyat hisoblanadi. Islom dinida qarz vaqtida qaytarilishi lozimligi haqida ko‘plab hadislarda qayd etilgan. Respondentlarning 74% kredit olishda diniy qadriyatlarni inobatga olishini, 61% esa kreditni qaytarmaslikni gunoh deb bilishini bildirgan.
Banklar siyosatida ma’naviy mezonlar yo‘qligi: Aksariyat tijorat banklarida mijozni baholashda faqat moliyaviy ko‘rsatkichlar e’tiborga olinadi. O‘zbekiston bank amaliyotida hozircha shaxsiy mezonlar, ijtimoiy obro‘, sodiqlik tarixi kabi “yumshoq” mezonlar baholovchi algoritmlarga kiritilmagan.
Mamlakatimizda hozirgi kunda moliyaviy xizmatlar bozori kengayib, banklar va mikroqarz tashkilotlari jismoniy shaxslar uchun turli yo‘nalishlarda kredit mahsulotlarini taqdim etmoqda. Biroq kredit olish madaniyati, moliyaviy intizom va qarzni o‘z vaqtida to‘lash masalalarida hali ko‘plab muammolar mavjud. Ayniqsa, kreditni boshqa maqsadga sarflash, yolg‘on ma’lumot berish, qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik kabi holatlar aholining ma’naviy-axloqiy darajasi bilan bog‘liq bo‘lib, bu jarayonda halollik, vijdonlilik va mas’uliyat kabi insoniy fazilatlarning bevosita roli mavjud.
Shuningdek, islomiy va milliy qadriyatlarga asoslangan dunyoqarashga ega aholining katta qismi qarz olishni ijtimoiy va diniy mas’uliyat deb biladi. Ammo mavjud bank amaliyotida ushbu jihatlar yetarlicha e’tiborga olinmayapti. Aksariyat tijorat banklari va kredit tashkilotlari mijozlarni baholashda faqat daromad, ish joyi, kredit tarixiga tayanmoqda. Fuqaroning axloqiy obro‘si, sodiqlik darajasi, jamiyatdagi roli kabi “yumshoq omillar” inobatga olinmaydi. Bu esa kredit ajratishdagi xavf darajasini oshirib, banklar uchun kredit portfeli sifatining yomonlashuviga olib kelmoqda. Shu sababli, jismoniy shaxslarga kredit ajratish tizimini takomillashtirishda quyidagi jihatlar muhim o‘rin tutadi:
1.Ma’naviy baholash mezonlarini joriy etish: Kredit so‘rovlarini ko‘rib chiqishda fuqaroning axloqiy obro‘si, mahalla yoki jamoa tomonidan berilgan tavsiyanomalar, sodiqlik indeksi kabi ko‘rsatkichlar inobatga olinishi kerak.
2.Moliyaviy-ma’naviy savodxonlikni oshirish: Kredit olish, unga mas’uliyat bilan yondashish, qarzni shartnomaga binoan o‘z vaqtida to‘lash kabi masalalarda diniy-axloqiy tarbiya bilan integratsiyalashgan o‘quv dasturlarini amalga oshirish zarur.
3.Islomiy moliya vositalarini kengaytirish: Aholining ishonchini oshirish uchun foizsiz, shaffof va halol moliyaviy xizmatlar (murabaha, ijara, mudaraba va boshqalar)ni keng joriy etish maqsadga muvofiq.
4.Bank-mijoz o‘rtasidagi ijtimoiy mas’uliyatni kuchaytirish: Banklar o‘z faoliyatida nafaqat foyda olish, balki ijtimoiy barqarorlik va ma’naviy ishonchni ta’minlashga ham xizmat qilishi kerak.
5.Jamoaviy kafolat va ijtimoiy monitoring tizimini joriy etish: Mahalla, kasaba uyushmalari yoki boshqa fuqarolik jamiyati institutlari orqali kredit oluvchilarning ijtimoiy obro‘si, ma’naviy yondashuvi monitoring qilib borilishi mumkin.
Tojiyev Raxmatilla Raxmanovich
“Bank ishi” kafedrasi professori,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti