OB DARYOSI SUVINI O‘RTA OSIYOGA UZATISHGA YANGICHA QARASHLAR

O‘zbekistonning umumiy suv resurslari yiliga 50–60 km³ ni tashkil qiladi, shundan respublika hududida atigi 12,2 km³ suv resurslari hosil bo‘ladi, qolgan qismi esa tashqaridan – Tyanshan va Pomir-Oloy tog‘laridan yozda qor va muzliklarning erishidan paydo bo‘ladi. Suv resurslarining katta qismi paxta dalalarini sug‘orishda ishlatiladi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston yil davomida suv resurslarining 169 foizini iste’mol qiladi, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida esa suv iste’moli ancha past – Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 33%, Qirg‘izistonda – 50%, Tojikistonda – 62 foizga yetadi. Ekspertlarning taxminiy hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda yer namligining kamayishi tufayli yo‘qotishlar yiliga $5 milliardni, ya’ni YAIMning qariyb 6 foizini tashkil etadi, 2040-yilga kelib, suv resurslariga talab uch barobarga ortadi. Iqtisodiy zarar oxir-oqibat mintaqaviy YAIMning 11 foizga (ya’ni O‘zbekistonda $22 milliard) ga yetishi mumkin.
Agar 1960-yilgacha taxminan 55 km³ suv yoki o‘rtacha yillik oqimning 45–50 foizi Orol dengiziga kirgan bo‘lsa, 1990-yilga kelib, oqim 6–12 km³ gacha kamaydi va quruq yillarda u nolga yaqinlashdi. So‘nggi 50 yil ichida iqlim va antropogen o‘zgarishlar tufayli Sirdaryo va Amudaryo o‘z hajmining 20 foizini yo‘qotdi. Bu holat chang bo‘ronlar va qurgoqchilikka olib kelmoqda va suv tanqisligi muammosini yanada kuchaytirmoqda. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi 15 yil ichida suv resurslarining hajmi 48 foizga, ya’ni 2008-yildagi kishi boshiga 3048 m³dan 2023-yil boshidagi 1589 m³ga kamaydi.
Hozirgi qiyin geosiyosiy va iqtisodiy vaziyat nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun Yevrosiyo hududida, ertami-kechmi Sibir daryolari oqimini Yevrosiyo manfaatlari nuqtai nazaridan Janubiy mintaqalarga o‘tkazish loyihasini ko‘rib chiqish g‘oyasiga qaytishni nafaqat alohida mamlakatlar, balki kengroq global manfaatlar ham talab qilmoqda.
Suv muammolarini yechishda Ob – O‘rta Osiyo Kanali loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib, bu – Ob daryosidan Orol dengiziga suv kanalini qurishni anglatadi (1-Rasm). Kanal suv kemalari navigatsiyasiga to‘liq imkon berishi shart. Kanalning to‘g‘ri chiziq bo‘yicha uzunligi 1904 km, kengligi 100–150 m, chuqurligi 18 m, quvvati 1630–2430 m³/s bo‘lishi rejalashtirilgan, qurilish davri 2028–2037-yillar. Kanal nasos stansiyalarini elektr ta’minotini yangi quriladigan Chelyabinsk va Jizzax AESlar va suv omborlaridan chiqariladigan suvga quriladigan GESlar tomonidan amalga oshirish mo‘ljallangan.
1-Rasm. “Ob – O‘rta Osiyo” kanali xarita-sxemasi
Kanal orqali uzatiladigan suv hajmi yiliga taxminan 61 km³ ni tashkil qiladi, shundan: Rossiya (Uralning Janubi)ga – 4; Qozog‘iston (Janubiy G‘arb mintaqalari)ga – 4; O‘zbekistonga – 15, Turkmanistonga – 6, loyiha yo‘qotishlari – 6; Orol dengizini to‘ldirishga – 13, Kaspiy dengiziga – 13. Loyiha amalga oshirilishi uchun La-Mansh tunneli va Suvaysh kanalini qurish tajribalaridan foydalanib, hukumatning kuchli ko‘magi bilan aksioner kapitalni jalb qilgan holda $78 mlrd AQSh dollari miqdorida investitsiyalarni jalb qilish taxmin qilinmoqda.
Ikkinchi bosqichda loyihaning asosiy qismi Dashoguz va Turkmanboshiga davom etadi. Uchinchi bosqichda loyihani davom ettirish Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston hukumatlari tomonidan hududlarni sug‘orish tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Kelajakda uzunligi 450 km bo‘lgan Kaspiy dengizi – Fors ko‘rfazi kanalining qurilishi juda jozibali bo‘lib qoladi. Bunday kanal Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlarini chetlab o‘tib, Hind okeaniga eng qisqa yo‘l bo‘ladi deb taxmin qilinmoqda. U hatto Suvaysh kanali bilan raqobatlasha oladi. Bunda kemaning o‘tishi uchun kanal qurilishining 2 ta yechimi mavjud:
(1) Kaspiy suvini olib o‘tish;
(2) Dashoguzdan ichimlik suvini Gorgan, Isfahon orqali Bender Naxshahrga o‘tish.
Pirovardida Markaziy Osiyo mamlakatlarining bepoyon yerlarida yangi texnologiyalardan foydalangan holda nisbatan arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, yengil va oziq-ovqat sanoatining har turli keng assortimentdagi raqobatbardosh mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratiladi. Shunday qilib, bu makonda o‘zlarining ichki ehtiyojlarini ham, Rossiya, Belarus va boshqa strategik sheriklarning ehtiyojlarini ham to‘la qondira oladigan barqaror va ishonchli oziq-ovqat bazasini shakllantirish uchun kerakli sharoitlar yaratiladi.
Loyihani texnik-iqtisodiy asoslanishi bo‘yicha olib boriladigan hisobotlarga ko‘ra, kanal uchun yer maydonlarini ajratish, nasos stansiyalari, kanal va suv omborlarini qurish, ular atrofida yo‘l va himoya inshootlarini barpo etish, kanalni ekspluatatsiya qilish va boshqa ishlar anchagina xarajatlarni talab qiladi, ammo bu sarflar bilan bog‘liq xavf-xatar va yo‘qotishlar yuqorida sanab o‘tilgan ulkan kümülyativ samaralar tufayli taxminan 6–8 yil ichida to‘la qoplanadi.
O‘ljaboyev Kamol O‘ljaboyevich,
Iqtisodiyot fanlari doktori, professor,
“TRANS EKO” XK bosh direktori;
Yarashova Vasila Kamalovna
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Yashil” iqtisodiyot kafedrasi professori, DSc