XORAZM VILOYATIDA TO‘QIMACHILIK VA TIKUV-TRIKOTAJ SANOATINING RIVOJLANISHI

Iyun 11, 2025 - 00:40
 0  8
XORAZM VILOYATIDA TO‘QIMACHILIK VA TIKUV-TRIKOTAJ SANOATINING RIVOJLANISHI

To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining eng muhim va istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida ajralib turadi. Ushbu soha ayniqsa keyingi yillarda jadal rivojlanib, respublika sanoatining “drayver” tarmog‘iga aylandi. Bu borada Xorazm viloyati ham to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatining hududiy rivojida salmoqli o‘rin egallab kelmoqda.

Prezidentimiz tomonidan soha rivoji uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar va tizimli islohotlar tufayli to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatining o‘sishi keskin sur’atlar bilan davom etmoqda. Natijada, ilgari asosan xom-ashyo eksportiga tayanilgan bo‘lsa, bugungi kunda tayyor mahsulotlar eksporti ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda Xorazm viloyatida 60 ta to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari faoliyat yuritmoqda. Ushbu korxonalarda yiliga 68 ming tonna ip-kalava, 56,6 million kvadrat metr ip gazlama, 59,4 million kvadrat metr gazlamani bo‘yash, 17 ming tonna mato ishlab chiqarish, 7,8 ming tonna matoni bo‘yash hamda 75 million donadan ortiq tayyor trikotaj mahsulotlari va 86 million juft paypoq ishlab chiqarish quvvatlari yo‘lga qo‘yilgan. Bu ko‘rsatkichlar viloyatda yetishtirilgan paxta tolasini qayta ishlash darajasining 25 foizdan 74 foizgacha ortganini ko‘rsatmoqda. Xuddi shuningdek, ip-kalava qayta ishlash hajmi ham 13 ming tonnadan 19 ming tonnaga yetgan.

Joriy yilning 2-may kuni davlat rahbarining Xorazm viloyatiga qilgan tashrifi doirasida “Urganch klaster” korxonalarining faoliyati bilan tanishildi. Mazkur klaster tashkil etilganiga bor-yo‘g‘i besh yil bo‘lgan bo‘lishiga qaramasdan, u to‘qimachilik ishlab chiqarishning barcha bosqichlarini – paxta yetishtirishdan tortib, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq texnologik zanjirni o‘z ichiga olgan yirik kompleksga aylangan. Klaster tizimida 3 ming nafar xodim doimiy bandlikka ega bo‘lib, hozirgi kunda qiymati 35 million AQSH dollariga teng 3 ta yirik loyiha amalga oshirilgan.

Natijada, “Urganch klaster” yiliga 5,4 ming tonna ip-kalava, 5,2 ming tonna trikotaj mato va 3,6 million dona tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ldi. Korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli tayyor kiyim-kechak mahsulotlarining asosiy qismi eksportga yo‘naltirilgan bo‘lib, yillik eksport hajmi 28 million AQSH dollarini tashkil qilmoqda. Korxonaning mahsulotlari xalqaro standartlarga to‘la mos keladi va nafaqat eksport salohiyatini kengaytirish, balki import o‘rnini bosish orqali ichki bozorni to‘ldirishga ham xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan soha rivojiga berilayotgan e’tibor tufayli Xorazm viloyatida 2025–2026 yillarda umumiy qiymati 133,9 million dollar bo‘lgan 9 ta yirik loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu loyihalar doirasida gazlama matoni bo‘yash hajmi 77 million kvadrat metrgacha (1,3 barobar o‘sish), trikotaj mato ishlab chiqarish 24,2 ming tonnagacha (1,4 barobar o‘sish), trikotaj matoni bo‘yash hajmi 14,8 ming tonnagacha (1,9 barobar o‘sish) va tayyor tikuv mahsulotlari ishlab chiqarish 92 million donagacha (1,2 barobar o‘sish) yetkaziladi.

Loyihalarning to‘liq ishga tushirilishi natijasida viloyatda 2,6 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi hamda yiliga 45 million dollarlik qo‘shimcha eksport imkoniyati yuzaga keladi. 2025-yilda esa viloyatdagi eksportyor korxonalar sonini 28 taga (112%), eksport geografiyasini 17 ta davlatga (113%) va eksport qilinayotgan mahsulot turlarini 68 taga (112%) yetkazish rejalashtirilgan.

Xulosa qilib aytganda, Xorazm viloyatida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatining jadal rivojlanishi nafaqat hudud iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga, balki aholi bandligini ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish va sanoatda qo‘shimcha qiymat yaratishga katta hissa qo‘shmoqda.

To‘xtayeva Xurshida Farhodovna
Mehnat iqtisodiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti