O‘ZBEKISTONDA “YASHIL” IQTISODIYOTNING RIVOJLANISHIDA AYOL TADBIRKORLARNING O‘RNI

Iyun 11, 2025 - 00:31
 0  11
O‘ZBEKISTONDA “YASHIL” IQTISODIYOTNING RIVOJLANISHIDA AYOL TADBIRKORLARNING O‘RNI

So‘nggi yillarda barqaror rivojlanish g‘oyasi jahon miqyosida strategik ustuvorlikka aylanganidek, O‘zbekistonda ham iqtisodiyotni ekologik xavfsiz, resurs tejamkor va qayta tiklanuvchi manbalarga asoslangan tizimga o‘tkazish yo‘lida bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda aholining barcha qatlamlari, xususan, ayollar ishtirokini ta’minlash, ularning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatda “yashil” iqtisodiyot yo‘nalishidagi faoliyat turlari – qayta tiklanuvchi energiya, organik qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik, agroturizm, biozararsizlantirish, atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan xizmatlar va mahsulotlar ishlab chiqarish sohalarida – jadal rivojlanmoqda. Ana shu yo‘nalishlarda faol bo‘lgan tadbirkor ayollar o‘z tashabbuslari bilan nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratmoqda, balki jamoalarda ekologik madaniyatni shakllantirishga, mahalliy xomashyoni qayta ishlash orqali mahsulot qiymat zanjirini kengaytirishga hissa qo‘shmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ayollar tadbirkorligini keng qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa “yashil” iqtisodiyot sohasida ayollarning faol ishtirokiga sharoit yaratish zarurligini bir necha bor ta’kidlagan. Jumladan, davlat rahbari alohida qayd etgan:

“Hududida daraxt ekkan, ishlab chiqarishda ekologik toza uskuna va materiallardan foydalanganlarga ‘yashil tadbirkor’ maqomi beriladi. Ular tashqi bozorlarga chiqishi uchun ‘yashil sertifikat’ olish, bozor topishda har tomonlama yordam beriladi.”

Bu siyosiy irodaga asoslangan holda, “yashil” faoliyat yurituvchi tadbirkorlarni, xususan ayollar qatlamidan chiqqan tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlashda aniq institutsional mexanizmlar shakllantirilmoqda.

Bundan tashqari, “Har bir oila   tadbirkor” dasturi doirasida 126 mingga yaqin ayollarga imtiyozli kreditlar ajratilgani ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishda muhim omil bo‘ldi. Shuningdek, “Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish kengashi” tashkil etilib, unda ayollar tomonidan minglab ish o‘rinlari yaratilgan. Ushbu kengash ayollarning tashabbuslarini mustahkam institutsional asosda davlat siyosatiga integratsiyalashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar – xususan, “Yashil rivojlanish strategiyasi – 2030”, “Gender tengligi milliy strategiyasi” hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari – ayollar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Mamlakatda faoliyat yuritayotgan “Ishbilarmon ayollar markazlari”, ta’lim dasturlari, grant va imtiyozli kredit mexanizmlari orqali ko‘plab ayollar “yashil” tadbirkorlikka qadam qo‘ymoqda.

Ayollar, ayniqsa, qishloq hududlarda eko mahsulotlar ishlab chiqarish, quyosh energiyasi asosida ishlaydigan maishiy texnika, atrof-muhitga bezarar o‘ram materiallari, bioyechimlar va agrar xizmatlar sohasida faoliyat boshlamoqda. Bu kabi tashabbuslar mahalliy bozorlarda ehtiyoj yuqori bo‘lgan, ekologik toza va barqaror mahsulotlar yetkazib berishni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, muammoli nuqtalar ham mavjud. Jumladan, ayollarning moliyaviy savodxonligini oshirish, huquqiy maslahat xizmatlarini kuchaytirish, zamonaviy texnologiyalarga yetishuvini yengillashtirish va bozorga chiqishda logistik qo‘llab-quvvatlash zarurati hanuz dolzarb hisoblanadi. Bunday masalalarda tizimli yondashuv va davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalar ayollar faoliyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, ayol tadbirkorlarning “yashil” iqtisodiyotdagi o‘rni faqat iqtisodiy emas, balki ijtimoiy va ekologik nuqtai nazardan ham strategik ahamiyatga ega. Prezidentimiz tashabbuslari va aniq islohotlar natijasida yaratilayotgan sharoitlar ayollarning bu sohadagi faolligini yanada rag‘batlantirmoqda va O‘zbekistonning barqaror kelajagini ta’minlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

Doniyorova Zuhrabonu Alisher qizi
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Yashil” iqtisodiyot kafedrasi v.b. dotsenti, PhD