Taraqqiyotning tayanchi – ta’lim

may 8, 2025 - 03:01
may 8, 2025 - 13:50
 0  44
Taraqqiyotning tayanchi – ta’lim

Yurtimizning barqaror taraqqiyoti, iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatining yuksalishi, eng avvalo, zamonaviy bilimga ega, ijtimoiy mas’uliyatni his qiladigan, keng dunyoqarashli kadrlarga bog‘liq. Shu bois ta’lim va tarbiya sohasi mamlakat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida e’tiborga ega. Bugungi globallashuv sharoitida ta’lim jarayonlarini xalqaro standartlar asosida isloh qilish, raqobatbardosh, intellektual salohiyatli avlodni shakllantirish davrning dolzarb talabi bo‘lib qolmoqda.


 Joriy yil 5-may kuni Prezident Shavkat MirziyoyevEl-yurt umidijamgarmasi faoliyati, xorijda ta’lim olayotgan iqtidorli yoshlar bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, istiqbolli mutaxassislarni zamonaviy ehtiyojlar asosida tayyorlash boyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

 Davlat rahbari ta’kidlaganidek, har qanday sohaning taraqqiyoti, eng avvalo, yetuk, bilimli, tashabbuskor va zamonaviy yondashuvlarga ega mutaxassislar bilan chambarchas bogliq. Bugungi kunda yoshlarga sifatli ta’lim berish, xorijda oqish va malaka oshirish imkoniyatlarini yaratish davlat siyosatining ustuvor yonalishiga aylangan. Mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar samarasida, “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan hozirga qadar 2 ming 225 nafar iqtidorli yoshlar 45 ga yaqin xorijiy davlatlarning nufuzli ta’lim muassasalariga o‘qishga yuborildi. Bu maqsadlar uchun davlat byudjetidan 1,5 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Bugunga kelib ularning 1 ming 400 nafari Vatanga qaytib, mamlakat iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlarida, ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash va davlat boshqaruvi sohalarida faoliyat yuritmoqda. Ayni vaqtda yana 748 nafar stipendiat “TOP–300” talik reytingdagi universitetlarda tahsil olmoqda. Yoshlar salohiyatini yanada ro‘yobga chiqarish va xalqaro standartlarga mos mutaxassislar tayyorlash doirasida jamg‘arma va davlat xizmatini rivojlantirish borasidagi tashkilotlar o‘rtasida klaster yondashuvi joriy qilinmoqda.

Jumladan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqlbol­li kadrlarni tayyorlash jamg‘armasi sifatida, Davlat boshqaruvi akademiyasi esa Prezident huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi sifatida qayta tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Yangi tizim doirasida xorijda tahsil olish uchun imkoniyatlar yanada kengaytiriladi. Endilikda istiqbolli sohalarda – energetika, transport, arxitektura, texnika, geodеziya, yer munosabatlari, davlat boshqaruvi va dolzarb ijtimoiy yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar, jumladan, davlat xizmatchilari 6 oygacha bo‘lgan maqsadli stajirovkalarga yuboriladi. So‘nggi sakkiz yil ichida O‘zbekistonning xalqaro akademik integratsiyasi sezilarli darajada kuchaydi. Endilikda “TOP–100” talik universitetlarga grant asosida o‘qishga kirgan nomzodlarga “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan tanlovsiz stipendiya beriladi. “TOP–300” reytingidagi universitetlarga kirgan talabalarga esa xalqaro aviachiptalar va turar joy xarajatlari qoplab beriladi.

“TOP–20” talikdagi universitetlarning bakalavriat bosqichiga 50 foiz grant asosida qabul qilingan Prezident maktablari bitiruvchilari ham tanlovsiz stipendiyaga ega bo‘ladi. Taqdimotda, xorijda tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularning ehtiyojlarini o‘rganish va ta’lim jarayonlarida ko‘maklashish maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlarining ota-onalari kengashi tashkil etiladi. Chet eldagi elchixonalar va konsulliklarga esa talabalar bilan ishlash, huquqiy va tashkiliy yordam ko‘rsatish vazifasi yuklatiladi. Malakali kadrlarni tayyorlashda Prezident huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi muhim o‘rin egallaydi. Mazkur dargohda “Hokimlar maktabi”, “Rahbar ayollar maktabi” va “Kelajak liderlari” dasturlari asosida zamonaviy va amaliy kurslar yo‘lga qo‘yilgan.

 Faqatgina o‘tgan o‘quv yilining o‘zida 13 mingdan ziyod tinglovchi ushbu kurslarda malaka oshirdi. Yangi model asosida davlat xizmatchilari uchun uch bosqichli dastur – malaka oshirish, qayta tayyorlash va magistratura ta’lim shakllari yo‘lga qo‘yiladi. Ular Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tayanch tavsiyalari hamda xorijiy hamkorlar bilan tuzilgan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida amalga oshiriladi. Magistratura yo‘nalishlarida “Davlat boshqaruvi”, “Davlat siyosati”, “Hududlarni kompleks rivojlantirish”, “Inson resurslarini rivojlantirish” va “Davlat moliyasini boshqarish” kabi sohalar bo‘yicha chuqurlashtirilgan bilimlar 18 oygacha bo‘lgan muddatda beriladi.

Ta’lim olish istagidagi shaxslar davlat buyurtmasi asosida hamda to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi. Akademiya huzurida ta’lim dasturlari va ilmiy-tadqiqotlar sifatini oshirish, shuningdek, nufuzli xorijiy ilmiy-ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Xalqaro akademik maslahat kengashi tuziladi. Mazkur akademiya qoshida to‘rtta yangi markaz tashkil etilmoqda. Jumladan, Davlat boshqaruvi muammolarini ilmiy-amaliy tadqiq etish markazi davlat xizmatining samaradorligini oshirish, shuningdek, xususiy sektordagi ilg‘or amaliyotlarni davlat boshqaruvida qo‘llash yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi.

Prezidentimiz taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, mazkur tizimlarni yangicha yondashuvlar asosida joriy etish, jamg‘arma va akademiya xodimlarining salohiyatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Iqtidorli yoshlarni izchil aniqlab borish, ularga xalqaro standartlarga mos ta’lim berish va malakali mutaxassislarni islohotlar jarayoniga faol jalb etish muhimligi alohida ta’kidlandi.

 

Laylo XAYITBOYEVA
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
mustaqil izlanuvchi (PhD)