OLIY IQTISODIY TA’LIMNI BOSHQARISHNING INNOVATSION TA’LIM STRATEGIYALARI

may 27, 2025 - 01:16
may 27, 2025 - 22:21
 0  12
OLIY IQTISODIY TA’LIMNI BOSHQARISHNING INNOVATSION TA’LIM STRATEGIYALARI

Oliy ta’lim tizimining iqtisodiy boshqaruv mexanizmlarini modernizatsiya qilish, ilg‘or pedagogik yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish va innovatsion ta’lim strategiyalarini shakllantirish bugungi kunda O‘zbekistonning strategik rivojlanish yo‘nalishlari qatorida markaziy o‘rinni egallamoqda. So‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar chuqur strukturaviy o‘zgarishlar bilan tavsiflanib, milliy ta’lim tizimini global me’zonlar va xalqaro raqobat talablariga moslashtirishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi besh yil ichida iqtisodiyot yo‘nalishida yigirmadan ortiq yangi magistratura va doktorantura dasturlari joriy etilgan. Mazkur yo‘nalishlar orasida moliyaviy texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, yashil iqtisodiyot, xalqaro moliya bozorlari kabi zamonaviy yo‘nalishlar alohida ajralib turadi.

Innovatsion yondashuvlarning muhim jihatlaridan biri sifatida ta’lim jarayonining to‘liq raqamlashtirilishi va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish tendensiyasi kuzatilmoqda. Masalan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida 2024-yilda ochilgan “Raqamli iqtisodiyot boshqaruvi” magistrlik dasturi ushbu yo‘nalishdagi ilg‘or tashabbuslardan biri hisoblanadi. Dastur doirasida talabalar sun’iy intellekt asosida moliyaviy prognozlash, blokcheyn texnologiyalari, katta hajmdagi ma’lumotlar (Big Data) tahlili kabi sohaga oid chuqur bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqdalar.

O‘zbekistonning nufuzli oliy o‘quv yurtlari xorijiy universitetlar bilan qo‘shma dasturlar asosida hamkorlikni kengaytirmoqda. Jumladan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Samarqand davlat universiteti hamda Namangan muhandislik-texnologiya instituti Germaniya, Janubiy Koreya, Singapur va Rossiyaning yetakchi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda o‘quv dasturlarini olib bormoqda. E’tiborga molik tajribalardan biri bu Janubiy Koreya bilan amalga oshirilayotgan “teskari sinf” modeli bo‘lib, bu tizimda talabalar nazariy bilimlarni mustaqil o‘rganadi, dars jarayonida esa analitik fikrlash va amaliy muammolar yechimiga yo‘naltirilgan faoliyat bilan shug‘ullanadi.

Ta’limni modernizatsiya qilishda shaxsiylashtirilgan yondashuvning o‘rni alohida ta’kidlanmoqda. Talabalarga individual qiziqishlari va mehnat bozoridagi real ehtiyojlar asosida moslashtirilgan o‘quv dasturlarini taklif qilish orqali ularning kasbiy tayyorgarligi va mehnatga layoqatliligi oshirilmoqda. Bunda ayniqsa iqtisodiy sohalarda texnik va matematik tayyorgarlikni kuchaytirish, ya’ni STEM fanlari integratsiyasi ta’lim sifati va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Innovatsion ta’lim strategiyalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun professor-o‘qituvchilarning salohiyatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda, raqamli pedagogika, zamonaviy tahliliy vositalar va ta’lim metodikalariga oid trening va seminarlar muntazam tashkil etilmoqda. Xalqaro ekspertlarning ishtirokida o‘tkazilayotgan mahorat darslari pedagoglarga yangi avlod talabalari bilan ishlashda samarali yondashuvlarni qo‘llash imkonini bermoqda.

Bundan tashqari, davlat tomonidan moliyalashtirilayotgan grant dasturlari, innovatsion loyihalar va startap inkubatorlari orqali talabalarning amaliyotga yo‘naltirilgan bilim va ko‘nikmalari mustahkamlanmoqda. Yaratilgan sharoitlar, xususan, innovatsion markazlar va biznes-inkubatorlar orqali talabalar o‘z g‘oyalarini real loyihalarga aylantirib, ularni iqtisodiy muhitda tatbiq etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar. Bu esa oliy ta’lim tizimining nafaqat bilim beruvchi, balki innovatsion salohiyatni rivojlantiruvchi va ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiluvchi institut sifatida shakllanishiga xizmat qilmoqda.

 Muxtasar qilib aytish mumkinki, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimidagi  iqtisodiy innovatsion strategiyalar milliy ta’lim tizimining sifat ko‘rsatkichlarini tubdan oshirmoqda. Samarali yondashuv mamlakatning xalqaro reytinglardagi mavqeini mustahkamlashda  muhim o‘rin tutadi. Kelgusi yillarda raqamli platformalar, sun’iy intellekt texnologiyalari va xalqaro hamkorlik asosida shakllanadigan ta’lim tizimi O‘zbekiston oliy ta’limining  iqtisodiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishi kutilmoqda.

Khasanova Zarina Maxamadalievna
“Xorijiy tillar taʼlimi” kafedrasi katta o‘qituvchisi,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti