MAHALLIY SANOAT – EKSPORT VA ISH O‘RINLARI MANBAI

may 27, 2025 - 22:09
may 27, 2025 - 22:31
 0  24
MAHALLIY SANOAT – EKSPORT VA ISH O‘RINLARI MANBAI

Mahalliy sanoat – bu yurtimiz iqtisodiy mustaqilligi va xalqimiz farovonligining asosiy poydevoridir.

O‘zbekistonda sanoat sohasini rivojlantirish mamlakat iqtisodiy salohiyatini oshirish bilan birga, aholi bandligini ta’minlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va tashqi bozorlarga chiqish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

So‘nggi yillarda yurtimizda iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish, mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini oshirish va sanoatni barqaror rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, to‘qimachilik, mebelsozlik, qurilish materiallari, charm-poyabzal va zargarlik kabi tarmoqlardagi faoliyat yanada jadallashmoqda.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning to‘rt oyda mamlakatimizda sanoat o‘sishi 6,3 foizni tashkil etdi. Biroq ayrim hududlarda ishlab chiqarish hajmi pasayib, umumiy ko‘rsatkichlarga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Masalan, 29 ta tumanda ishlab chiqarish hajmi 4,5 trillion so‘mga kamaygan. Shu bois, har bir hududdagi muammolarni “respublika–tarmoq–viloyat–tuman” tizimi asosida o‘rganib chiqish va aniq choralar bugungi kunning asosiy vazifasi ekanligini davlat raxbari o‘zining olib borayotgan islohotlarida ilgari surmoqda.

Alohida e’tibor to‘qimachilik, mebelsozlik va zargarlik sohalariga qaratildi. To‘qimachilik sanoati yurtimizda eng ko‘p ish o‘rinlari yaratadigan va eksportda salmoqli ulushga ega tarmoqlardan biridir. Bu sohada yuzlab yangi korxonalar faoliyat boshladi, zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda, eksport hajmi yil sayin oshmoqda. Biroq, bugungi kunda xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lish, sifatni oshirish va yuqori raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor talab etilmoqda va bu sertifikatlarning yetarli emasligi eksport hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, 1,5 mingdan ziyod korxonadan faqat 244 tasida xalqaro standart talablariga javob beradigan sertifikat mavjud. Bu borada to‘qimachilik sanoatida mahsulot sifatini yanada oshirish, xalqaro bozorlarga chiqish uchun sertifikatlashtirish ishlarini kuchaytirishga zarurat paydo bo‘lmoqda.

Mebelsozlik yo‘nalishida hunarmandlar va yakka tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani yangi ish o‘rinlarini tashkil etishda muhim ahamiyatga ega. Uy sharoitida faoliyat yuritayotgan ko‘plab ustalarni sanoat asosida ishlashga o‘tkazish uchun hududlarda maxsus “Mebel markazlari” tashkil etilmoqda, yosh tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar taqdim etilmoqda. Mebelsozlikda bugungi kunda 920 ta yangi korxona ish boshlagan bo‘lsa-da, ularning ko‘pchiligi xonadon sharoitida ish faoliyatini olib bormoqda. Endi yakka tadbirkorlarga 5 nafargacha ishchi jalb etib, mebel ishlab chiqarishga ruxsat berilishi, ushbu faoliyatni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi.

Shuningdek, zargarlik sohasi nafaqat yuksak badiiy qiymatga ega, balki katta eksport salohiyatiga ham ega sohadir. Bu tarmoqda “soya” iqtisodiyoti ulushini qisqartirish, rasmiylashtirish, yakka tadbirkorlarga rasmiy savdo qilishga ruxsat berish, jahon brendiga aylanadigan milliy zargarlik mahsulotlarini yaratish uchun dizayner va texnologlarni jalb etish va milliy brendlar yaratish kabi ustuvor vazifalar bugungi kunda o‘z yechimini kutayapti.

Milliy brendlarni rivojlantirishda “Mall of Uzbekistan” kabi milliy mahsulotlar savdo markazlarini tashkil etish, xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok xarajatlarini qoplash, sifat belgisi va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan tizimli ishlarni amalga oshirish zarur.

Bunday choralar mahalliy sanoatning rivojlanishi mamlakat iqtisodiyoti uchun nafaqat ustuvor yo‘nalish, balki har bir fuqaro uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Eksportni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va milliy brendlar yaratish — barchasi mahalliy sanoat salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish orqali amalga oshadi va aholi bandligi oshishiga va milliy mahsulotlarimizning jahon bozorida o‘z o‘rnini topishiga xizmat qiladi.

          Ruziyeva Dilobar Isomjonovna

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Yashil” iqtisodiyot kafedrasi professori, iqtisod fanlari doktori