KIMYO SANOATINI JADAL  RIVOJLANTIRISH VAZIFALARI MUHOKAMA QILINDI

Iyun 4, 2026 - 02:53
Iyun 4, 2026 - 02:56
 0  7
KIMYO SANOATINI JADAL  RIVOJLANTIRISH VAZIFALARI MUHOKAMA QILINDI

Prezident raisligida tarmoqni rivojlantirish va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishi bo'lib o'tdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2-iyun kuni kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish vazifalariga bag'ishlangan videoselektor bo'lib o'tdi. Yig'ilishda tarmoqning hozirgi holati tahlil qilinib, ishlab chiqarish tarkibini o'zgartirish, qo'shilgan qiymatni oshirish va energiya sarfini kamaytirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Yig'ilishda ta'kidlanganidek, mamlakat iqtisodiyoti izchil rivojlanmoqda, so'nggi yillarda sanoat tarmoqlarida 3 ming turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Bundan atigi 9–10 yil avval mamlakat kimyo sohasi asosan mineral o'g'itlar ishlab chiqarish bilan cheklangan edi.

So'nggi yillarda tarmoqqa 8,3 milliard dollar investitsiya jalb etilib, 87 ta yirik ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Polivinilxlorid (PVX), "yashil" vodorod, ko'pikli polipropilen va BOPP-plyonka kabi yuqori qo'shilgan qiymatga ega 60 dan ortiq yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish o'zlashtirildi. Buning natijasida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida minglab yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarish uchun zarur xom ashyo bazasi yaratildi. Pirovardida tarmoq eksporti 3 barobarga oshdi, sohada band ishchilar soni esa 50 mingdan oshdi.

Shu bilan birga, tarmoqda hali ro'yobga chiqarilmagan katta salohiyat saqlanib qolayotgani qayd etildi. So'nggi to'qqiz yilda respublika sanoati o'rtacha 6,3 foizga o'sgan bo'lsa, kimyo sanoatida bu ko'rsatkich 3 foizga ham yetmadi. Ayni paytda kimyo mahsulotlari importi 4 barobarga ortib, yiliga 4,5 milliard dollarga yetdi.

"O'zkimyosanoat" aksiyadorlik jamiyati o'z tarkibidagi yirik korxonalarga e'tibor qaratib, tarmoqdagi 5 mingdan ortiq korxona bilan tizimli ishlamayotgani, ularning muammo va takliflari o'rganilmayotgani tanqid qilindi. Aynan shu sababli jamiyatni zamonaviy va ilmiy asoslangan

Mamlakatda har yili 1,5 million tonna ammiakli selitra ishlab chiqarilib, bunga 1,07 milliard kub metr gaz sarflanadi. Ilg'or davlatlar esa selitra iste'molini kamaytirib, qishloq xo'jaligida karbamid va suvda eruvchan o'g'itlarga, tog'-kon sanoatida esa g'ovaksimon selitraga o'tmoqda. G'ovaksimon selitra ishlab chiqarishda tannarx ammiakli selitra bilan bir xil bo'lsa-da, qo'shilgan qiymat ikki barobarga oshadi. Shu sababli mas'ul shaxslar va korxona rahbarlariga bunday loyihalarni kengaytirish bo'yicha jiddiy o'ylab ko'rish topshirildi.

Shuningdek, "Navoiyazot"da tonnasi 3,7 ming dollardan ishlab chiqarilayotgan sian tuzidan yelim tayyorlansa, mahsulot qiymati 8 ming dollargacha yetishi mumkinligi qayd etildi. Mas'ul shaxslarga "Navoiyazot" yonidagi klaster hududida umumiy qiymati 1 milliard dollarlik 10 ta kam tonnali kimyo loyihasini amalga oshirishga kirishish vazifasi yuklatildi.

Mavjud geologik zaxiralarni to'liq ishga solish hisobiga ham qo'shilgan qiymatni keskin oshirish mumkinligi ta'kidlandi. Qoraqalpog'iston, Surxondaryo, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida 550 million tonna natriy va kaliy hamda 20 million tonna bentonit zaxiralari mavjud. Ushbu xom ashyoni chuqur qayta ishlab, kaustik soda olinsa, qo'shilgan qiymat 3 barobarga ortadi.

Jizzax viloyati va Qoraqalpog'istonda aniqlangan serpentinit zaxiralari mos ravishda 1,5 million va 500 ming tonnani tashkil etadi. Uni sulfat kislota yordamida qayta ishlash orqali tonnasi 5 ming dollargacha bo'lgan magniy oksidi olish mumkin. Serpentinitni keyingi chuqur qayta ishlash esa elektrotexnika sanoati uchun muhim xom ashyo — nikel, xrom va kobalt olish imkonini yaratadi. Shu munosabat bilan fosforit, galit, mirabilit va serpentinit kabi xom ashyo zaxiralarini 2 barobarga oshirish bo'yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi; serpentinitni qayta ishlash sohasida esa kamida 200 million dollarlik loyihalarni ishga tushirish vazifasi qo'yildi.

 Har yili mamlakatga 300 million dollarlik maishiy kimyo mahsulotlari import qilinadi, mintaqada esa bu bozor hajmi 2 milliard dollarga baholanmoqda. Misol uchun, "Angren" erkin iqtisodiy zonasidagi tadbirkor jahonga mashhur "Henkel" kompaniyasi bilan hamkorlik yo'lga qo'yib, korxona ushbu konsern tomonidan sotib olindi va mahalliy mahsulotni Hamdo'stlik mamlakatlariga yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

Bunday loyihalarni kengaytirish maqsadida poytaxtdagi sanoat zonalaridan birida maishiy kimyo tashabbuslari uchun maydonlar ajratiladi. Bunga 50 million dollar yo'naltirilib, ishga tushirilgan korxonalar brendi bilan birga tayyor foydali biznes sifatida xususiy sektorga sotiladi. Boshqa hududlardagi shunga o'xshash loyihalar uchun Sanoat kooperatsiyasi jamg'armasidan 15 million dollar ajratiladi. Umuman, maishiy kimyo sohasida kamida 100 ta yangi brend mahsulotni ishga tushirish dasturini ishlab chiqish topshirildi.

Yig'ilishda mineral o'g'itlar bozori imkoniyatlari ham tahlil qilindi. Dunyoda mineral o'g'itlarga talab har yili 5 foizga o'smoqda va 2030-yilga borib u 260 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Yangi agrotexnologiyalar joriy etilishi bilan, ayniqsa, suvda eruvchan o'g'itlarga talab keskin ortmoqda. Mas'ul shaxslar va hokimlar oldiga keyingi uch yilda umumiy qiymati 2,8 milliard dollarlik 42 ta loyihani amalga oshirish vazifasi qo'yildi. Buning hisobiga 2030-yilga qadar azotli o'g'itlar ishlab chiqarishni 2,8 million tonnadan 4 million tonnaga, fosforli o'g'itlarni 400 ming tonnadan 900 ming tonnaga, suvda eruvchan o'g'itlarni esa 100 ming tonnadan 400 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Muxtasar aytganda, kimyo sanoatida umumiy qiymati 17 milliard dollarlik 350 dan ortiq loyihani ishga tushirish bo'yicha dastur ishlab chiqish topshirildi. Sohaning ilmiy salohiyatini mustahkamlash maqsadida Mirzo Ulug'bek tumanidagi 60 gektar maydonda kimyo sanoati uchun innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish va ta'lim klasteri tashkil etiladi. Mazkur klasterda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Kimyo texnologiyalari innovatsiya markazi barpo qilinib, unda tajriba-sinov ishlari xarajatlarining yarmi qoplab beriladi.

 

Madina Abdullayeva,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
"Iqtisodiyot nazariyasi" kafedrasi dotsenti,
iIqtisod fanlari nomzodi