O‘ZBEKISTON YO‘LOVCHI TASHISH SOHASIDA KICHIK BIZNES: XAVFSIZLIK VA BARQARORLIK YO‘LIDA

Iyul 24, 2026 - 20:01
 0  2
O‘ZBEKISTON YO‘LOVCHI TASHISH SOHASIDA KICHIK BIZNES: XAVFSIZLIK VA BARQARORLIK YO‘LIDA

Har kuni mamlakatimizda millionlab kishi ishga, o‘qishga va boshqa manzillarga marshrutka, avtobus hamda taksilar orqali qatnaydi. Ushbu xizmatlarning asosiy qismini aynan kichik va o‘rta biznes subyektlari ta’minlaydi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, avtomobil transportida yo‘lovchi tashish xizmatlari hajmida kichik tadbirkorlikning ulushi so‘nggi yillarda 90 foizdan yuqori darajada saqlanib kelmoqda. Bu ko‘rsatkich sohaning xavfsizligi, xizmat sifati va barqaror rivojlanishi ko‘p jihatdan aynan ushbu tadbirkorlarning faoliyatiga bog‘liqligini yaqqol namoyon etadi.

So‘nggi yillarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida muhim natijalarga erishildi. Mamlakatimizda har yili o‘rtacha 8–9 mingta yo‘l-transport hodisasi qayd etilayotgan bo‘lsa-da, ularning og‘ir oqibatlari izchil kamaymoqda. Masalan, 2015-yilda yo‘l-transport hodisalari oqibatida jabrlanganlar soni qariyb 13 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib bu ko‘rsatkich 8,6 ming nafargacha kamaydi. Aholi soniga nisbatan jabrlanish darajasi ham sezilarli pasaydi: 2014-yilda har 10 ming aholiga 4 nafar jabrlanuvchi to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 2,3 nafargacha tushdi. E’tiborlisi, shu davrda avtomobillar soni deyarli ikki baravar ortib, har 100 kishiga to‘g‘ri keladigan avtomobillar soni 6–7 tadan 12 tagacha yetdi. Demak, transport oqimi ortganiga qaramay, xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar o‘z samarasini bermoqda.

Mazkur ijobiy natijalar izchil davlat siyosati bilan chambarchas bog‘liq. So‘nggi yillarda yo‘l qurilishi va rekonstruksiyasiga 61 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi, bu esa 2017-yilgacha bo‘lgan davrga nisbatan 3,5 baravar ko‘pdir. Ko‘plab hududlarda tezlik cheklovlari qayta ko‘rib chiqildi, foto va video kuzatuv vositalari kengaytirildi, sun’iy intellekt asosidagi nazorat tizimlari joriy etildi. Hududlar kesimida yo‘l-transport hodisalari ko‘rsatkichlari turlicha bo‘lib, eng yuqori ko‘rsatkichlar Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida kuzatilayotgan bo‘lsa, Sirdaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida nisbatan past darajada saqlanmoqda. Bunday tafovut aholi zichligi, transport oqimi, infratuzilma sifati va nazorat tizimlari bilan izohlanadi.

Transport infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar ham izchil oshib bormoqda. 2025-yilda ushbu sohaga 25,8 trillion so‘m investitsiya jalb etildi, bu esa 2020-yildagi ko‘rsatkichdan 3,3 baravar yuqoridir. Yangi avtomobil va temir yo‘llar, logistika markazlari hamda transport infratuzilmasining modernizatsiyasi kichik biznes uchun yangi imkoniyatlarni yuzaga keltirmoqda. Buning natijasida 2025-yilning birinchi yarmida avtomobil transportida 3,23 milliard yo‘lovchi tashilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,1 foizlik o‘sishga erishildi.

Shu bilan birga, kichik biznes subyektlari faoliyatida ayrim muammolar saqlanib qolmoqda. Eng dolzarb masalalardan biri transport vositalari va ularga xizmat ko‘rsatish uskunalarini xarid qilish bilan bog‘liq moliyaviy cheklovlardir. Transport vositasini o‘z mablag‘i hisobidan sotib olish korxonaning aylanma mablag‘larini kamaytiradi va moliyaviy yukni oshiradi. Ijara mexanizmi esa har doim ham samarali yechim bo‘la olmaydi, chunki transport vositalaridan foydalanish sifati va texnik xizmat ko‘rsatish darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Tijorat banklaridagi kredit foizlarining yuqoriligi va garov talablarining qat’iyligi ham tadbirkorlar imkoniyatlarini cheklaydi. Shu sababli transport vositalarini lizing asosida moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish sohani qo‘llab-quvvatlashning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Transport sohasida ekologik barqarorlikni ta’minlash masalasi ham tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Parij iqlim kelishuviga qo‘shilgan holda issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish bo‘yicha majburiyatlarni amalga oshirmoqda. Qayta tiklanadigan energiya manbalarining rivojlanishi, elektrobuslar va elektromobillarning bosqichma-bosqich joriy etilishi transport xizmatlarining ekologik ta’sirini kamaytirishga xizmat qilmoqda. Kichik biznes uchun bunday texnologiyalar uzoq muddatda yoqilg‘i va ekspluatatsiya xarajatlarini qisqartirish hamda raqobatbardoshlikni oshirish imkonini yaratadi.

Raqamli texnologiyalar transport xizmatlarini yanada samarali va xavfsiz tashkil etishda muhim vositaga aylanmoqda. GPS-monitoring, elektron to‘lov tizimlari, onlayn marshrutlarni boshqarish va avtomatlashtirilgan nazorat platformalari transport vositalarining harakatini kuzatish, yoqilg‘i sarfini optimallashtirish, texnik holatini nazorat qilish hamda yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirish imkonini bermoqda.

Mamlakatimiz taraqqiyot strategiyasida ham transport tizimini modernizatsiya qilish va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Xususan, “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da xususiy sektorning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, transport infratuzilmasini kompleks rivojlantirish va barcha transport turlarini yagona tizimga integratsiya qilish vazifalari belgilangan. Bundan tashqari, davlat dasturlari doirasida kichik biznes subyektlariga imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va maslahat xizmatlari ko‘rsatilib, ularning iqtisodiy faolligini rag‘batlantirish choralari amalga oshirilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston yo‘lovchi tashish sohasining bugungi rivojlanishi xavfsizlikni kuchaytirish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bilan uzviy bog‘liq. Statistik ma’lumotlar yo‘l-transport hodisalari oqibatlari kamayib borayotganini, investitsiyalar hajmi va yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlari esa izchil o‘sayotganini tasdiqlaydi. Endilikdagi ustuvor vazifa transport vositalarini yangilashni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, lizing mexanizmlarini rivojlantirish, raqamli boshqaruv tizimlarini ommalashtirish hamda ekologik toza transport vositalaridan foydalanishni rag‘batlantirishdan iborat. Aynan shu yo‘nalishlardagi izchil islohotlar kichik biznesning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash bilan birga, mamlakat transport tizimining barqaror va xavfsiz rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadi.

Sevara Aytieva,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti

iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)