DAVLAT ORGANLARI VA TASHKILOTLARINING FUQAROLAR MUROJAATLARI BILAN ISHLASH TIZIMI: AHOLI VA DAVLAT O‘RTASIDAGI ISHONCHLI MULOQOT KO‘PRIGI VA QONUNIY YECHIM MEXANIZMI

Sentabr 2, 2026 - 11:41
 0  0
DAVLAT ORGANLARI VA TASHKILOTLARINING FUQAROLAR MUROJAATLARI BILAN ISHLASH TIZIMI: AHOLI VA DAVLAT O‘RTASIDAGI ISHONCHLI MULOQOT KO‘PRIGI VA QONUNIY YECHIM MEXANIZMI

Fuqarolarning davlat idoralariga qilgan murojaati ko‘pincha aniq bir masalani hal etish ehtiyojidan kelib chiqadi. Kimdir ijtimoiy yordam, kimdir kommunal xizmat, yana kimdir hujjat yoki tadbirkorlik faoliyatiga oid masala yuzasidan murojaat qiladi. Shuning uchun murojaat bilan ishlashda asosiy mezon faqat javob xati yuborilgan-yuborilmagani emas, ko‘tarilgan masalaning qanday hal etilganidir.

Ta`kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi PF-51-son «Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonida murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi, ijro nazorati va rahbarlarning hisobdorligiga doir yangi mexanizmlar belgilandi.

Farmondagi asosiy yangiliklardan biri Prezident Virtual qabulxonasi axborot tizimiga kelib tushgan murojaatlar uchun nazorat vaqti rejimining joriy etilishidir. Belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmagan murojaat avtomatik ravishda yuqori turuvchi davlat organiga ijro uchun o‘tkaziladi. Shu tariqa murojaat muddati o‘tib ketgan holatda fuqaroning yana qaytadan ariza yoki shikoyat yozishiga ehtiyoj kamayadi.

Murojaatlar «shoshilinch», «odatiy» va «maslahat talab qiluvchi» toifalarga ajratiladi. Nazoratga qaytarilgan murojaatlar esa yuqori turuvchi organ tomonidan uch ish kuni ichida qayta o‘rganilishi kerak. Bu tartib murojaatning qayerda va nima sababdan kechikayotganini tizim orqali kuzatish imkonini beradi.

Farmonda rahbarlarning murojaatlar bilan ishlash natijalari yuzasidan hisob berish tartibi ham belgilangan. Joriy yil 1-maydan boshlab davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining bu boradagi hisobotlari Oliy Majlis palatalarida, hududiy rahbarlarning hisobotlari esa Senat yoki mahalliy Kengashlarda har chorakda kamida bir marta eshitiladi.

Vazirlar va hokimlar o‘z faoliyati yuzasidan taqdimot qilganida murojaatlarda ko‘p uchrayotgan masalalar, ularning sabablari va ko‘rilayotgan choralar haqida alohida ma’lumot berishi lozim. Hokimlar esa har chorakda kamida bir marta ommaviy axborot vositalari yoki ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali hududdagi murojaatlar holati haqida jamoatchilikka axborot beradi.

Yana bir yangilik — davlat organlari va mahalliy hokimliklarning murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha reytingi har olti oyda ochiq e’lon qilinadi. Bunda murojaatlar salmog‘i, ularning hal etilish darajasi, muddatlarga rioya qilinishi, qayta ijroga yuborilgan materiallar va takroriy murojaatlar hisobga olinadi.

Bu ko‘rsatkichlar murojaat bilan ishlash sifatini faqat son orqali emas, natija orqali baholash imkonini beradi. Masalan, bir masala bo‘yicha qayta-qayta murojaat kelib tushishi yoki hujjatning yana ijroga qaytarilishi o‘sha yo‘nalishni chuqurroq o‘rganish zarurligini ko‘rsatadi.

Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida yuridik shaxs maqomiga ega Prezident Xalq qabulxonasi tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlardagi Xalq qabulxonalari uning hududiy bo‘linmalari sifatida faoliyat yuritadi.

Prezident Xalq qabulxonasiga davlat organlari rahbarlariga bajarilishi majburiy bo‘lgan talabnoma va ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolati berildi. Murojaatlar to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgan hollarda ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha bayonnoma tuzish va uni sudga yuborish, mansabdor shaxslardan zarur tushuntirish va ma’lumotlarni talab qilish ham uning vakolatlari qatoriga kiradi.

Agar talabnoma, taqdimnoma yoki ko‘rsatma bajarilmasa, tegishli materiallar choralar ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborilishi mumkin. Shu sababli murojaatlar bilan ishlash faqat hujjat aylanishi bilan cheklanmaydi, uning ijrosi ham nazorat ostida bo‘ladi.

Hududlarda Xalq qabulxonalari faoliyatiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shahar hokimlari jamoatchilik asosida rahbarlik qiladi. Ular fuqarolarni muntazam shaxsan qabul qilib, murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni joyida o‘rganishi kerak.

Jamoaviy murojaatlarni ko‘rib chiqishda aholi vakillari va «mahalla yettiligi» ishtirok etishi ham belgilangan. Bunday murojaatlarni o‘rganishda masala faqat idora nuqtai nazaridan emas, murojaat qilgan fuqarolarning fikrini ham hisobga olgan holda ko‘rib chiqiladi.

Davlat organlari va mahalliy hokimliklarda murojaatlarda muntazam uchrayotgan masalalarni o‘rganadigan doimiy ishchi guruhlar tuziladi. Ularga birinchi rahbarlar boshchilik qiladi. Aniqlangan muammolar va ular bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar har uch oyda Vazirlar Mahkamasiga kiritib boriladi.

Xalq qabulxonalarining texnik imkoniyatlarini yaxshilash ham Farmonda nazarda tutilgan. Hududiy qabulxonalarni kompyuter texnikasi, zarur jihozlar va yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash topshirilgan. Bu, avvalo, murojaatni qabul qilishdan tortib uning natijasini qayd etishgacha bo‘lgan jarayonni bir tizimda yuritish uchun zarur.

Murojaatlarni tahlil qilish davlat organlariga aholining kundalik hayotida qaysi masalalar ko‘proq uchrayotganini ko‘rsatadi. Masalan, bir hududdan suv, elektr ta’minoti, yo‘l, transport yoki ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha murojaatlar ko‘paysa, bu holat alohida o‘rganishni talab qiladi. Shunda murojaat faqat bir fuqaroning masalasi sifatida emas, hududdagi umumiy vaziyat haqida ma’lumot beruvchi manba sifatida ham ko‘riladi.

Xususan, PF-51-son Farmon bilan joriy etilgan tartiblar murojaatning kelib tushishi, ko‘rib chiqilishi va natijasigacha bo‘lgan jarayonni aniqroq nazorat qilishga qaratilgan. Avtomatik nazorat, ochiq reyting, rahbarlarning muntazam hisoboti va Xalq qabulxonalariga berilgan vakolatlar orqali murojaatlar bilan ishlash natijalarini kuzatish imkoniyati kengayadi.

Fuqarolar uchun esa eng asosiy natija o‘zgarmaydi: murojaat o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi, undagi masalaga qonun doirasida aniq javob va amaliy yechim berilishi kerak. Yangi tartiblarning samarasi ham aynan shu natija bilan o‘lchanadi.

Rabbimov Anvar Narzullayevich,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi