TADBIRKORLIKDA SUN’IY INTELLEKT, KAPITAL VA BARQAROR O‘SISH

Sentabr 2, 2026 - 01:38
 0  0
TADBIRKORLIKDA SUN’IY INTELLEKT, KAPITAL VA BARQAROR O‘SISH

Zamonaviy iqtisodiyotda tadbirkor shunchaki mahsulot ishlab chiqaruvchi yoki xizmat taklif etuvchi subyekt emas. Yangi ish o‘rinlari, texnologik yangilanish, hududlar daromadi va aholi farovonligi bevosita uning faoliyatiga bog‘liq. Davlat bilan biznes o‘rtasidagi ochiq muloqotning muntazam o‘tkazib kelinayotgani ham xususiy tashabbusga munosabat o‘zgarganini anglatadi. Murakkab global sharoitda tadbirkorlikni barqaror o‘sish yo‘liga olib chiqish, kapitalga kirishni kengaytirish va sun’iy intellekt vositalarini ishlab chiqarishga tatbiq etish iqtisodiy taraqqiyotning hal qiluvchi omillariga aylanmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatida tadbirkorlar bilan o‘tkazgan VI ochiq muloqotida ushbu masalalar atroflicha muhokama qilindi. Anjumanda 500 nafarga yaqin tadbirkor bevosita qatnashdi. Ilk bor tumanlardagi studiyalardan yana 25 mingga yaqin biznes vakili muloqotni kuzatib bordi. Davlat rahbari mamlakat iqtisodiy qudratini mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan 1 million 200 minglik biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi.

Besh yil avval boshlangan ochiq muloqotlar davomida biznes yo‘lidagi minglab masalalar hal etildi. Shu davrda 84 ta qonun hamda 861 ta farmon va qaror qabul qilindi. Bu raqamlar ochiq muloqot oddiy uchrashuv emas, balki tadbirkorlarning amaliy muammolarini aniqlash va ular bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilish maydoniga aylanganini ko‘rsatadi.

O‘tgan besh yilda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb uch karra oshib, 450 trillion so‘mga yetdi. Tadbirkorlar 650 trillion so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi. Ko‘plab biznes vakillari xorijiy banklardan o‘z loyihalariga mustaqil ravishda 1 milliard dollar jalb qildi. Korxonalarning asosiy kapitalga yo‘naltirgan investitsiyalari ham uch karra ko‘payib, 363 trillion so‘mga yetdi.

O‘zgarishlar hududlar iqtisodiyotida ham ko‘rinmoqda. Sanoat ishlab chiqarishi 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga ko‘paydi. Xizmatlar hajmi 1 trillion so‘mlik marradan o‘tgan tumanlar esa 41 tadan 152 taga yetdi. Tadbirkorlar endi faqat biznes boshlash bilan cheklanmay, mavjud kapitalni ko‘paytirish, ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi bozorlarni egallash bosqichiga o‘tmoqda.

Ochiq muloqotda tadbirkorlikning har bir rivojlanish bosqichiga mos yaxlit qo‘llab-quvvatlash tizimi taklif qilindi. Ish boshlayotgan tadbirkorlar uchun “Biznes start”, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar uchun “Biznes lift”, yangi o‘sish bosqichiga o‘tayotgan korxonalar uchun “Biznes yuksalish” dasturlari joriy etiladi. Bunday yondashuv turli darajadagi bizneslarga bir xil talab qo‘yish o‘rniga, ularning haqiqiy ehtiyoji va imkoniyatiga mos vositalarni taklif etadi.

Yagona raqamli kredit portalida tadbirkor bir marta ariza beradi, banklar esa mijoz uchun o‘zaro raqobat qiladi. Shu tariqa kredit izlab bir bankdan boshqasiga qatnash zarurati kamayadi. Biznesni endi boshlayotgan tadbirkorlar 5 milliard so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirish imkoniga ega bo‘ladi. “Biznes start” dasturiga 100 milliard so‘m ajratilib, tadbirkorlarga tayyor biznes-rejalar va 200 million so‘mgacha garovsiz kreditlar taqdim etiladi. Natijada yaxshi g‘oyaga ega, lekin tajribasi yoki boshlang‘ich kapitali yetarli bo‘lmagan tashabbuskorlar ham o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tadbirkorlikni moliyalashtirishdagi eng og‘ir masalalardan biri — garov ta’minoti. Yangi “kontr-kafolat” mexanizmi aynan shu muammoga yechim sifatida taklif qilinmoqda. 10 milliard so‘mgacha kredit olishda garovning 30 foizini davlat, 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi, 15 foizini bank zimmasiga oladi. Tadbirkorning o‘zi atigi 25 foiz garov taqdim etishi kifoya qiladi.

Bu tartib istiqbolli loyihasi bo‘lsa-da, yetarli mol-mulkka ega bo‘lmagan tadbirkorlarning moliyalashtirish imkoniyatini kengaytiradi. Davlat yordami endi kredit ajratishning o‘zi bilan tugamaydi. Yangi tizim tadbirkorni dastlabki g‘oyadan boshlab yirik biznes darajasigacha olib borishni ko‘zda tutadi. Bunda moliya, maslahat, kafolat, texnologiya va bozorga chiqish imkoniyatlari bitta rivojlanish zanjiriga ulanadi.

Ochiq muloqotda “sun’iy intellekt — boshqaruv samaradorligi — yangi investitsiyalar” ekotizimi uchinchi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Bu bejiz emas. Endi korxonaning raqobatbardoshligi faqat uskuna yoki xomashyo bilan o‘lchanmaydi. Ma’lumotlarni tez tahlil qilish, bozor talabini oldindan ko‘rish, xarajatlarni nazorat qilish va ishlab chiqarishni aniq rejalashtirish ham biznes natijasini belgilaydi.

Tahlillarga ko‘ra, zamonaviy boshqaruv va sun’iy intellekt yechimlarini joriy etgan tadbirkorlarning 54 foizida mahsulotga talab keskin ortgan. Ularning 25 foizida tannarx kamaygan, 40 foizida esa daromadning o‘sishi hisobiga xodimlar ish haqi 10 foizdan ko‘proq oshgan. Sun’iy intellekt shu tariqa faqat murakkab texnologiya emas, balki xarajatni kamaytirish, talabni aniqlash va mehnat unumdorligini oshirish vositasiga aylanmoqda.

“10 ming korxona uchun — sun’iy intellekt hamkor” dasturi doirasida korxonalarning sun’iy intellektni joriy etish xarajatlari 50 foizgacha qoplab beriladi. Yangi mahsulot uchun model yaratishda superkompyuterdan bepul foydalanish imkoniyati ham yaratiladi. Dasturning birinchi bosqichiga kamida 100 million dollar yo‘naltiriladi. Bu mablag‘ sun’iy intellektdan faqat yirik kompaniyalar emas, o‘rta va kichik korxonalar ham foydalanishi uchun imkoniyat ochadi.

Masalan, ishlab chiqaruvchi korxona sun’iy intellekt orqali uskunaning qachon nosozlikka uchrashini oldindan aniqlashi, savdo korxonasi xaridorlarning talabini tahlil qilishi, logistika kompaniyasi esa eng tejamkor yo‘nalishni tanlashi mumkin. Qishloq xo‘jaligida hosildorlik, suv sarfi va ob-havo ma’lumotlarini birgalikda tahlil qilish orqali resurslardan aniqroq foydalanish imkoniyati paydo bo‘ladi. Demak, sun’iy intellekt biznes uchun kelajak haqidagi mavhum tushuncha emas, balki bugunning amaliy boshqaruv vositasidir.

Mahalliy korxonalarni xalqaro kapital bozoriga olib chiqishga qaratilgan akseleratsiya dasturi ham tadbirkorlikni yangi darajaga olib chiqadi. Har yili daromadi 1 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan 50 ta korxona tanlab olinadi. Ularni IPOga tayyorlash va moliyaviy hisobotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish xarajatining yarmi qoplanadi. Shu yo‘l bilan xususiy korxonalarga chetdan yiliga kamida 1 milliard dollar jalb qilish imkoniyati yaratiladi.

IPO korxona uchun shunchaki qo‘shimcha mablag‘ manbai emas. Fond bozoriga chiqish uchun kompaniya moliyaviy hisobotini ochiqlashi, korporativ boshqaruvni tartibga solishi va investorlar oldidagi mas’uliyatini oshirishi kerak. Natijada korxona arzonroq va uzoq muddatli kapitalga ega bo‘lish bilan birga, boshqaruv madaniyatini ham yangilaydi.

Kapital va texnologiya malakali kadrsiz kutilgan natijani bermaydi. Shu sababli yirik investitsiya loyihalariga kadr tayyorlash komponentini majburiy kiritish, texnikumlar bilan biznes hamkorligini qo‘llab-quvvatlash va 1 million yoshni zamonaviy kasblarga o‘rgatish vazifasi belgilandi. Endi yangi zavod yoki ishlab chiqarish liniyasini qurish bilan bir vaqtda, unda ishlaydigan mutaxassislarni tayyorlash ham loyiha rejasining bir qismiga aylanishi kerak.

Xorazm viloyatidagi o‘zgarishlar ushbu siyosatning hududlar iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatishini ochib beradi. Qisqa davrda viloyatga 4 milliard dollar xorijiy investitsiya kirib, 10 mingta yangi quvvat ishga tushdi. “Hazorasp” maxsus iqtisodiy zonasi va 31 ta sanoat zonasi tashkil etildi. Jami 275 megavatt quvvatli elektr stansiyalar barpo qilindi.

Bugun Xorazm iqtisodiyotining 72 foizini kichik biznes yaratmoqda. Eksportdagi kichik biznes ulushi 81 foizga yetib, viloyat ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha respublikada birinchi o‘ringa chiqdi. Hududda infratuzilma, energiya ta’minoti va tadbirkorlik tashabbuslari bir yo‘nalishda rivojlantirilganda iqtisodiy imkoniyatlar aniq natijaga aylanishini ko‘rish mumkin.

Ochiq muloqotda ilgari surilgan asosiy fikr tadbirkorlar sonini ko‘paytirish bilangina cheklanmaydi. Endi mavjud biznesni unumdor, texnologik, kapitalga boy va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi tizimga aylantirish vazifasi turibdi. Bu jarayonda kredit miqdoridan ko‘ra undan qanday foydalanish, korxonalar sonidan ko‘ra ularning bozordagi barqarorligi, ishlab chiqarish hajmidan ko‘ra yaratilayotgan qo‘shilgan qiymat ko‘proq ahamiyatga ega bo‘ladi.

Joriy yilda yalpi ichki mahsulotni 180 milliard dollardan oshirish marrasi ham xususiy sektorning faolligi bilan chambarchas bog‘liq. Tadbirkor barqaror moliyalashtirish manbasiga ega bo‘lsa, sun’iy intellekt asosida boshqaruvni yangilasa, xalqaro kapital bozoriga chiqsa va malakali kadrlarni jalb qilsa, uning faoliyati faqat bitta korxona doirasida qolmaydi. Bunday biznes yangi ish o‘rinlari yaratadi, hudud daromadini oshiradi, eksportni kengaytiradi va iqtisodiyotga yangi texnologiyalarni olib kiradi.

Tadbirkorlikning yangi bosqichi, aslida, kapital, bilim va texnologiyaning bir nuqtada uchrashishidir. Yangi dasturlar ana shu uch omilni o‘zaro bog‘lashga qaratilgan. Ularning amaliy natijasi esa ajratilgan mablag‘ yoki qabul qilingan hujjatlar soni bilan emas, ishga tushgan korxonalar, bozorda mustahkamlangan brendlar, yaratilgan yuqori daromadli ish o‘rinlari va xalqaro maydonga chiqqan mahalliy kompaniyalar bilan o‘lchanadi.

Salimov Baxtiyor Tadjiyevich,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Yashil” iqtisodiyot va barqaror biznes kafedrasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori