O‘ZBEKISTONDA INVESTITSIYAVIY O‘SISHI, RISKLARNI BOSHQARISHDA ZAMONAVIY YONDASHUVLAR

Sentabr 2, 2026 - 01:20
 0  4
O‘ZBEKISTONDA INVESTITSIYAVIY O‘SISHI, RISKLARNI BOSHQARISHDA ZAMONAVIY YONDASHUVLAR

Joriy yil iyun oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida so‘zlagan nutqida yil oxiriga qadar mamlakat yalpi ichki mahsuloti 180 milliard dollardan oshishini ma’lum qildi. To‘rt yil avval o‘tkazilgan ilk forumda 100 milliard dollarlik marra ko‘zlangan edi. Bugungi natija o‘sha davrdagi maqsaddan ancha yuqori bo‘lib, mamlakat iqtisodiy salohiyati qisqa muddatda qanchalik kengayganini ko‘rsatadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,7 foizga o‘sdi va mamlakatga 43,1 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi. 2026-yil yakuniga qadar yalpi ichki mahsulotni 180 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilangan. Yilning dastlabki olti oyidayoq investitsiyalar hajmi 28 milliard dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning investorlar uchun tobora jozibador bo‘lib borayotgani, xalqaro biznes doiralari mamlakatdagi iqtisodiy o‘zgarishlarga ishonch bilan qarayotganini anglatadi.

Yirik raqamlar iqtisodiyotning umumiy manzarasini beradi, uning ichki sifatini esa to‘liq ochib bermaydi. O‘sish qaysi manbalar hisobiga ta’minlanayotgani, jalb qilingan sarmoya qaysi tarmoqlarga yo‘naltirilayotgani, loyihalar qancha muddatda o‘zini oqlashi va ular bilan bog‘liq xavflar qay darajada boshqarilayotgani ham natijaga ta’sir ko‘rsatadi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasining 2026-yil aprel oyida O‘zbekistonda ishlagan missiyasi iqtisodiy o‘sish yuqori sur’atlarda davom etayotganini qayd etdi. Hisobotda protsiklik budjet xarajatlari bosimi, oltin narxlarining o‘zgarishiga bog‘liq xatarlar va imtiyozli kreditlash amaliyotining saqlanib qolayotgani alohida ko‘rsatildi. Davlat investitsiyalarini rejalashtirishda iqlim omillarini hisobga olish energiya samaradorligini oshirish va dekarbonizatsiya maqsadlariga erishishning zarur shartlaridan biri sifatida baholandi. Jamg‘armaning iyun oyidagi xulosasida O‘zbekistonning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari mustahkamligicha qolayotgani va umumiy iqtisodiy rivojlanish dinamikasi ijobiy ekani ta’kidlandi.

Ushbu xulosalarni iqtisodiy o‘sishga qarshi bildirilgan fikr sifatida qabul qilish to‘g‘ri emas. Tez rivojlanayotgan har qanday iqtisodiyotda investitsiya oqimining hajmi bilan birga tarkibini ham kuzatish zarurati tug‘iladi. Uzoq muddatli ishlab chiqarish loyihalariga kiritilgan sarmoya yangi quvvat, texnologiya va ish o‘rni yaratadi. Qisqa muddatli kapital esa bozor sharoiti o‘zgarganida tez chiqib ketishi mumkin. Shu sababli investitsiyalarni faqat umumiy qiymat orqali baholash yetarli emas.

Jahon amaliyotida investitsiyaviy o‘sishni baholashda uchta masalaga ko‘proq e’tibor beriladi. Birinchisi — uzoq muddatli ishlab chiqarish investitsiyalari bilan qisqa muddatli kapital oqimlari o‘rtasidagi nisbat. Ikkinchisi — har bir loyihani moliyaviy, texnologik va institutsional mezonlar asosida chuqur tahlil qilish. Uchinchisi — nazorat va monitoring tizimlarini investitsiyalar hajmiga mos ravishda rivojlantirish. Sarmoya ko‘paygan sari noto‘g‘ri qaror qiymati ham oshadi. Demak, investitsiyaviy o‘sish boshqaruv sifati bilan birga kechishi kerak.

Zamonaviy risk-menejment aynan shu vazifaga yo‘naltirilgan. ISO 31000:2018 xalqaro standarti tashkilotlarda risklarni aniqlash, tahlil qilish, baholash, kamaytirish va doimiy kuzatib borish bo‘yicha umumiy tamoyillarni belgilaydi. Mazkur yondashuvda risk faqat ehtimoliy moliyaviy yo‘qotish sifatida ko‘rilmaydi. U tashkilotning strategik maqsadlariga erishishiga ta’sir qiluvchi har qanday noaniqlikni qamrab oladi.

Masalan, yangi sanoat korxonasini qurishda valyuta kursining o‘zgarishi moliyaviy riskni, uskunaning belgilangan muddatda yetib kelmasligi logistika riskini, yangi texnologiyani boshqaradigan mutaxassislar yetishmasligi kadrlar riskini yuzaga keltiradi. Energiya ta’minotidagi uzilish, xomashyo narxining ko‘tarilishi yoki mahsulotga talab kutilganidan past bo‘lishi ham loyiha natijasiga bevosita ta’sir qiladi. Risk-menejment ana shu ehtimollarni loyiha boshlanishidan oldin ko‘rish va ularga javob choralarini tayyorlash imkonini beradi.

Xalqaro amaliyotda ko‘plab yirik kompaniyalarda risklarni boshqarish Bosh risk menejeri — Chief Risk Officer zimmasiga yuklatiladi. U moliyaviy, investitsiyaviy, operatsion va strategik risklar haqidagi ma’lumotlarni yagona tizimda jamlaydi, rahbariyatga ehtimoliy yo‘qotishlar hamda mavjud imkoniyatlar yuzasidan xolis tahlil taqdim etadi.

O‘zbekiston sanoat korxonalarida risklarni boshqarish vazifalari ayrim hollarda moliya yoki ichki nazorat bo‘linmalariga qo‘shimcha vazifa sifatida yuklatiladi. Bunday tartib kichik korxonalar uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Yirik va murakkab investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan korxonalarda esa alohida risk-menejment tizimiga ehtiyoj kuchayadi. Bosh risk menejeri institutini barcha korxonalarga bir xil shaklda joriy etish shart emas. Korxonaning hajmi, faoliyat turi, investitsiya portfeli va xalqaro bozorlarga bog‘liqligi hisobga olinishi kerak. Mavjud holatni aniq baholash uchun sanoat korxonalari faoliyatiga tayangan empirik tadqiqotlar ham zarur.

Risklarni boshqarishdagi yana bir tanilgan yondashuv — “Uch chiziq modeli”. Birinchi chiziqda korxonaning ishlab chiqarish, savdo, ta’minot va boshqa operatsion bo‘linmalari kundalik faoliyatda yuzaga keladigan risklarni bevosita boshqaradi. Ikkinchi chiziqda risk-menejment, komplayens va nazorat bo‘linmalari ishlaydi. Ular umumiy qoidalarni ishlab chiqadi, ko‘rsatkichlarni kuzatadi va operatsion bo‘linmalar faoliyatini muvofiqlashtiradi. Uchinchi chiziqdagi ichki audit risklarni boshqarish va ichki nazorat tizimlarining qay darajada ishlayotganiga mustaqil baho beradi.

Mazkur modelning qimmati bo‘linmalar sonida emas, vazifalarning aniq ajratilishidadir. Riskni yuzaga keltiradigan qarorni qabul qiluvchi, uni nazorat qiluvchi va butun tizimni mustaqil baholovchi tomonlar bir-biridan farqlanadi. Natijada mas’uliyat mavhumlashib ketmaydi, muammo aniqlanganda uning qaysi bosqichda paydo bo‘lgani ko‘rinadi.

Investitsiya loyihalarini “qabul qilish” yoki “rad etish” tarzidagi ikki javob bilan baholash ham yetarli emas. Ikki loyiha bir xil daromad keltirishi mumkin, ularga xos xavflar esa keskin farq qiladi. Bir loyiha import uskunasiga, boshqasi ichki xomashyoga bog‘langan bo‘lishi mumkin. Birida bozor talabi barqaror, ikkinchisida esa yuqori daromad bilan birga talabning keskin pasayish ehtimoli mavjud bo‘ladi.

Shu sababli qaror qabul qilishda loyihaning kutilayotgan daromadi, amalga oshirish muddati, moliyaviy barqarorligi, bozor holati, texnologik imkoniyatlari, ekologik oqibatlari va institutsional xatarlari birgalikda tahlil qilinishi kerak. Xavf va kutilayotgan foyda nisbatini raqamli ko‘rsatkichlar orqali ifodalovchi risk-menejment mexanizmlari loyihalarni o‘zaro solishtirishga yordam beradi. Bunday hisob-kitob yakuniy qarorni inson o‘rniga qabul qilmaydi, rahbariyatga qarorning ehtimoliy oqibatlarini oldindan ko‘rish imkonini beradi.

Xalqaro tajribada risk-menejment mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etgan korxonalar kutilmagan vaziyatlarga yaxshiroq tayyorlanishi kuzatiladi. Shunga qaramay, tizimning mavjudligi o‘z-o‘zidan muvaffaqiyatni kafolatlamaydi. Natija rahbariyatning munosabati, ma’lumotlar sifati, xodimlar malakasi, ichki nazoratning mustaqilligi va risklar haqidagi ogohlantirishlarga o‘z vaqtida munosabat bildirilishiga bog‘liq.

Risklar ro‘yxatini tuzib, uni hisobotga ilova qilishning o‘zi risk-menejment hisoblanmaydi. Aniqlangan xavf bo‘yicha mas’ul shaxs, bajariladigan chora, zarur mablag‘ va muddat belgilanmasa, tizim qog‘ozda qolib ketadi. Samaradorlikni investitsiya loyihalarining natijasi, moliyaviy yo‘qotishlar, ishga tushirish muddatining kechikishi hamda rejalashtirilgan va amaldagi ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi farq orqali o‘lchash mumkin.

O‘zbekiston sanoat korxonalarida risk-menejment mexanizmlarini tatbiq etish investitsiya qarorlarining sifatini oshirish uchun yangi imkoniyat yaratadi. Buning uchun xorijiy modelni tayyor holatda ko‘chirib olish emas, uni milliy iqtisodiyot, korporativ boshqaruv va korxonalarning amaliy sharoitiga moslashtirish kerak. Har bir tarmoqning o‘z xavfi bor: energetikada texnologik va ekologik, to‘qimachilikda xomashyo hamda eksport bozori, bank tizimida kredit va likvidlik, qurilishda esa moliyalashtirish hamda muddat riski ustun turadi.

Shu nuqtai nazardan, alohida korxonalarda shakllangan ilg‘or tajribalarni o‘rganish, ularning natijalarini taqqoslash va samarali usullarni boshqa korxonalarga moslashtirish dolzarb ilmiy yo‘nalishdir. Bu jarayon olimlar, davlat idoralari va korxona mutaxassislarining birgalikdagi izlanishini talab etadi. Nazariy tavsiyalar amaliy ma’lumotlar bilan sinovdan o‘tkazilgandagina boshqaruv vositasiga aylanadi.

O‘zbekistondagi yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini uzoq muddatli barqaror natijaga aylantirish uchun yirik investitsiya loyihalarini baholashda ilmiy asoslangan risk-baholash metodikalarini kengroq qo‘llash zarur. Sanoat korxonalarida zamonaviy risk-menejment institutlarini bosqichma-bosqich shakllantirish, xalqaro moliya institutlarining tavsiyalarini milliy sharoitga mos tadqiqotlar orqali o‘rganish va oliy ta’lim muassasalarida risk-menejment bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash shu jarayonning o‘zaro bog‘liq qismlaridir.

Investitsiyalar hajmining ko‘payishi taraqqiyot uchun katta imkoniyat ochadi. Ushbu imkoniyatning barqaror natijaga aylanishi esa har bir loyiha ortidagi xavfni oldindan ko‘ra bilish, uni xolis baholash va o‘z vaqtida boshqarishga bog‘liq. O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish sur’atlari bilan bir qatorda investitsiya risklarini boshqarish sifati bo‘yicha ham kuchli mavqega ega bo‘lishi mumkin. Buning uchun katta sarmoya bilan birga puxta hisob-kitob, professional boshqaruv va mas’uliyatli qarorlar ham zarur.

Sobijonova Nodira Rustamjon qizi
Turan International University
“Biznes boshqaruvi” kafedrasi o‘qituvchisi