MAKROBARQARORLIK VA UNING ORTIDAGI VAZIFA – XVJ KONSULTATSIYASINING ASOSIY XULOSALARI

O‘zbekiston bugungi kunda nisbatan barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atini saqlab qolayotgan davlatlar sirasiga kiradi. Ammo yuzaki barqarorlik orqasida turli tizimli muammolar va hali to‘liq shakllanmagan iqtisodiy tuzilmalarning mavjudligi inkor etib bo‘lmaydi. Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) 2025-yil yozida o‘tkazgan yillik IV modda konsultatsiyasi ana shu ikki qutb – muvozanat va muammolar – o‘rtasidagi real holatni ochib beradi.
XVJ ekspertlari tomonidan taqdim etilgan hisobotda mamlakat iqtisodiyoti 2024-yilda 6,5% va 2025-yilning birinchi choragida 6,8% o‘sishga erishgani e’tirof etildi. Bunday sur’atlar asosan barqaror ichki talab, jadal investitsiya faolligi va qulay tashqi savdo muhitiga tayanmoqda. Biroq bu o‘sishning uzluksiz davom etishi faqatgina chuqur va izchil tarkibiy islohotlar bilan ta’minlanishi mumkin. Muammo shundaki, inflyatsiya darajasi yuqoriligicha saqlanmoqda. 2025-yil aprel holatiga ko‘ra, yillik inflyatsiya 10,1 foizni tashkil etdi. Bu holat energiya tariflarining qayta ko‘rib chiqilishi, davlat xarajatlarining nisbatan kengayishi hamda pul-kredit siyosatidagi muvozanatsizliklar bilan bog‘liq. XVJ prognozlariga ko‘ra, inflyatsiyani 2027-yilgacha 5% darajasigacha pasaytirish mumkin, biroq bu qat’iy monetar siyosat va byudjet intizomini talab qiladi.
Tashqi makroiqtisodiy muvozanatni ta’minlash borasida ijobiy holatlar mavjud: xalqaro zaxiralar 9 oylik import hajmiga teng bo‘lib, bu yetarli darajadagi xavfsizlikni anglatadi. Byudjet taqchilligi 2024-yil yakuniga kelib YAIMga nisbatan 3,2 foizgacha kamaydi. Biroq XVJ hisobotida bu yutuqlar barqaror emasligi ta’kidlanib, jahon xomashyo bozoridagi o‘zgaruvchanlik, global savdo siyosatidagi noaniqliklar va davlat qarzining ortib borishi O‘zbekistonni moliyaviy zaif holatga solib qo‘yishi mumkinligi qayd etilgan.
Shuningdek, hisobotda iqtisodiyotda davlat ishtirokining yuqoriligi va xususiylashtirish jarayonining sustligi tanqid qilingan. Davlat banklarining yuqori ulushi, imtiyozli kreditlar tizimi, samarasiz davlat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash — bularning barchasi xususiy sektor raqobatbardoshligini pasaytiruvchi omillar sifatida ko‘rsatildi. XVJ bu borada davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini tartibga solish, davlat xarajatlarining shaffofligini oshirish va samarasiz subsidiya siyosatidan voz kechishni tavsiya qilmoqda.
Konsultatsiya yakunlarida bank sektorining mustahkamligi alohida muhokama etilgan. Moliyaviy nazoratni kuchaytirish, muammoli aktivlar bilan ishlash, mikromoliyalashtirish segmentini tartibga solish kabi chora-tadbirlar taklif etilgan. Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurash infratuzilmasini rivojlantirish, statistik ma’lumotlar sifatini oshirish va xalqaro standartlarga muvofiq qonunchilikni modernizatsiya qilish zaruriyati ham ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish yo‘lida muhim qadamlar tashlamoqda. Bu boradagi sa’y-harakatlar XVJ tomonidan ijobiy baholandi. Biroq savdo liberallashuvi, narxlar siyosatining erkinligi va davlat xarajatlarining samaradorligi bu jarayonning muhim tarkibiy qismlari sifatida qolmoqda.
Hisobotning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, XVJ O‘zbekistonning hozirgi iqtisodiy holatini ijobiy baholagan bo‘lsa-da, islohotlar jadalligini kuchaytirishni strategik vazifa sifatida ilgari surmoqda. Ayniqsa, iqtisodiyotdagi davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va biznes muhitini erkinlashtirish orqali xususiy sektorga ko‘proq imkoniyat yaratish zarurligi urg‘ulanmoqda.
XVJ konsultatsiyasi O‘zbekiston iqtisodiyotida yuz berayotgan o‘zgarishlarni xolis va tizimli tahlil qilgan hujjat bo‘lib, undagi tavsiyalarni faqat tashqi fikr emas, balki ichki siyosat uchun asosiy yo‘l xaritasi sifatida qabul qilish zarur. Barqarorlik muhim, ammo u islohotlar o‘rnini bosolmaydi. Asosiy vazifa – iqtisodiy o‘sishni uzluksiz, inklyuziv va mustahkam asoslarda ta’minlashdir. Buning uchun davlat va jamiyat hamkorlikda makroiqtisodiy siyosatni yangi bosqichga olib chiqishi zarur bo‘ladi.
Berdivaliyeva Madina Komiljon qizi
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Makroiqtisodiy siyosat va prognozlashtirish kafedrasi doktoranti