“O‘zgarish” mahallasi — zamonaviy taraqqiyot va bunyodkorlik namunasi

Iyul 7, 2026 - 02:16
 0  3
“O‘zgarish” mahallasi — zamonaviy taraqqiyot va bunyodkorlik namunasi

Joriy yil 4-iyul kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi “O‘zgarish” mahallasiga tashrifi davomida hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yer usti metro yo‘nalishi ostida tashkil etilgan savdo hamda xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati ko‘zdan kechirildi.

Ta’kidlash joizki, Yangi O‘zbekistonda mahallani har tomonlama rivojlantirish, aholining turmush sifatini oshirish, hududlarni kompleks obod etish va zamonaviy infratuzilmani shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida mahallalar bugun nafaqat yashash hududi, balki fuqarolarning ijtimoiy faolligi, tadbirkorligi va farovonligini ta’minlaydigan zamonaviy hayot maskaniga aylanmoqda. Poytaxtning jadal rivojlanayotgan hududlaridan biri hisoblangan Sergeli tumanidagi “O‘zgarish” mahallasi buning yorqin misolidir. Bugungi kunda mahallada 45 ta ko‘p qavatli uy va 1 ming 620 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularda 6 ming 700 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Keyingi yillarda hududda 10 ta bolalar maydonchasi, mini-futbol maydoni hamda 2 ta salomatlik hududi barpo etildi. Bu ishlar aholining turmush sifati va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qilmoqda.

Davlat rahbariga hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari yuzasidan batafsil axborot berildi. Xususan, mahallada 1,4 kilometr piyodalar yo‘lagi barpo etilgani, 12 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismi ta’mirlangani, ichki yo‘llarga asfalt yotqizilgani hamda ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 2 ming 720 tup manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekilgani qayd etildi.

Tashrif davomida Prezidentimiz mahallada tashkil etilgan kogeneratsiya markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Umumiy qiymati 5,8 million dollarni tashkil etuvchi mazkur loyiha Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Markaz bir vaqtning o‘zida 2,3 MVt elektr energiyasi va 11 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Loyiha doirasida Germaniyada ishlab chiqarilgan gaz-porshenli agregat hamda ikkita “Bosch” isitish qozoni o‘rnatildi. Natijada yiliga 220 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishi ta’minlanmoqda. Shuningdek, 2 kilometr uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasi qurilib, umumiy tarmoqqa ulandi. Buning hisobiga tuman markaziy elektr tarmog‘idagi yuklama 3 foizga kamaydi. Markaz ishga tushirilishi natijasida 10 ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Mazkur loyiha kuz-qish mavsumida mahallaning issiqlik va elektr energiyasi ta’minoti barqarorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining sifati va samaradorligiga alohida e’tibor qaratdi. Barcha loyihalarda zamonaviy me’moriy yechimlardan foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda aholining ehtiyoj va takliflarini inobatga olish zarurligi ta’kidlandi. Har bir mahallada qulay yashash muhiti yaratish, infratuzilmani yanada takomillashtirish va kommunal xizmatlar sifatini oshirish ustuvor vazifa ekani qayd etildi.

Davlat rahbari mahalla bo‘ylab yurib, “mahalla yettiligi” va hudud faollari bilan muloqot qildi. Ta’kidlanganidek, bu yerdagi o‘zgarishlar aholining munosib hayot kechirishi, mahallani obod va xavfsiz maskanga aylantirish yo‘lida olib borilayotgan tizimli ishlarning amaliy samarasidir. Shuningdek, hududda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishildi. Prezidentimiz aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, ularni kasb-hunarga o‘qitish va daromad manbalarini ko‘paytirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish zarurligini alohida ta’kidladi.

Tashrif yakunida davlat rahbari “O‘zgarish” mahallasida to‘plangan ijobiy tajribani Sergeli tumanidagi qolgan 46 ta mahallaga ham tatbiq etish, profilaktika ishlarini kuchaytirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish hamda yoshlar bilan ishlashning zamonaviy yondashuvlarini joriy etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.

Bugungi kunda “O‘zgarish” mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari Yangi O‘zbekistonda inson qadri ustuvor tamoyilga aylanganining, mahallalarni kompleks rivojlantirish va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlarning amaliy ifodasidir. Mahallaning zamonaviy qiyofasi, yaratilayotgan qulay sharoitlar va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari poytaxtimizning yanada obod, zamonaviy va yashash uchun qulay shaharga aylanib borayotganini yaqqol namoyon etmoqda.

Xolmatov Muhriddin Mo‘min o‘g‘li,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Mehnat iqtisodiyoti” kafedrasi katta o‘qituvchisi