YOSHLAR ONGINI YOT G‘OYALARDAN HIMOYA QILISHDA IJTIMOIY IMMUNITETNI SHAKLLANTIRISH VA MA’NAVIY-MA’RIFIY TARBIYANING O‘RNI

Yanvar 23, 2025 - 00:52
Iyun 14, 2025 - 00:53
 0  9
YOSHLAR ONGINI YOT G‘OYALARDAN HIMOYA QILISHDA IJTIMOIY IMMUNITETNI SHAKLLANTIRISH VA MA’NAVIY-MA’RIFIY TARBIYANING O‘RNI

Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama barkamol voyaga yetishi, ularning ulug‘ ajdodlarimizga munosib vorislar bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlar tashkil etib kelinmoqda. Yurtimizning turli hududlarida barpo etilayotgan muhtasham ta’lim muassasalari, sport inshootlari va boshqa imkoniyatlarning barchasi yoshlarimizning jismonan sog‘lom, ma’naviy yuksak bo‘lib kamol topishiga qaratilgan. Bunga javoban yoshlarimiz erishayotgan yutuqlar ham oz emas. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, bugungi kunda globallashuv sharoitida ma’naviy tahdidlar kuchayib borayotganiga ham e’tibor qaratish lozim. Ular birinchi navbatda yoshlarni o‘z domiga tortishga qaratilgan. Shunday sharoitda yoshlarni yot g‘oyalardan himoya qilish faqat taqiq va cheklovlar bilan emas, balki ularning ongida ijtimoiy immunitet va mustahkam ma’naviy-ma’rifiy poydevor shakllantirish orqali amalga oshirilishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev yoshlar ongini yot g‘oyalardan himoya qilishdan iborat bu siyosatni jamiyatning barcha bo‘g‘inlarida — oiladan akademik va ijtimoiy maydonlargacha — metodik va institutiyonal darajada amalga oshirilishi lozim deb ko‘radi. Bu nafaqat individning balki global tahdidlarga chidamli, ma’naviy barqaror jamiyat qurish uchun strategik zaruriyatdir.

Ijtimoiy immunitet — bu shaxs yoki ijtimoiy guruhning turli tashqi g‘oyaviy, axborotiy, mafkuraviy bosimlarga, ideologik manipulyatsiyalarga ongli, mustahkam ichki pozitsiya asosida qarshi turish qobiliyatidir.

Axborot globallashuvi tufayli turli mafkuraviy ta’sirlar, ayniqsa, yoshlar tafakkurini egallashga qaratilgan g‘arazli xurujlar tobora kuchaygan bugungi davrda bunday xatarlarga qarshi doimo sergak, ogoh va hushyor bo‘lib yashash har birimizning burchimizdir. Yurtimizda yosh avlodning ma’naviy-axloqiy tarbiyasini to‘g‘ri shakllantirish, ularni turli tahdidlardan himoya qilish, ongu tafakkurini yuksaltirish ma’naviy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng asosiy yo‘nalishlaridan biridir.

Hozirgi globallashuv sharoitida dunyoda kuchayib borayotgan turli ma’naviy tahdidlarning oldini olish, “ommaviy madaniyat”ning zararli ta’siridan yoshlarni himoya qilish masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yosh avlod o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlar ongini yot g‘oyalar ta’siridan asrash, axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, jinoyatchilik, huquqbuzarlik, giyohvandlik, diniy ekstremizm va terrorizm illatlarining oldini olishga ko‘maklashish hamda yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish lozim.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, Mamlakatimizda  “Vatan kelajagi yoshlar qo‘lida” loyihasi asosida “Internet madaniyati va axborot xavfsizligi – muhim vazifamizdir” hamda “Biz vayronkor g‘oyalarga qarshimiz” “Jaxolatga qarshi ma’rifat” kabi mavzularida tadbirlar ko‘p joylarda o‘tkazilib kelinmoqda. Shu ishlarni faol a’zosi sifatida aytishim mumkinki, bu kabi tadbirlar yurtimiz aholisi, xususan, yoshlar va ayollar ongini zaharlashga urinayotgan kuchlarga aldanmaslik uchun g‘oyaviy immunitetni oshirish va ogoh bo‘lishga xizmat qilishi shubhasiz.

Birinchidan, axloqiy tarbiya. Tarbiyaning bu jihatida yoshlarni asosan rostgo‘ylik, va’daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga yetkazishga ahamiyat qaratiladi. Aynan mana shu fazilatlar kishining odamiyligini ifodalaydi. Shuning uchun ham “Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi”, deganlar (Termiziy rivoyati). Odobli, axloqli farzandgina, avvalo, ota-onaning qadrini ulug‘laydi va xalq va Vatan uchun manfaatli ishlar qiladi. Uning qo‘lidan va tilidan boshqalar zarar ko‘rmaydi. “Yomonligidan qo‘shni ozor chekadigan kishi mo‘min emas”, dedilar” (Buxoriy rivoyati). Bugun yoshlarimizni yot g‘oyalardan himoya qilishni maqsad qilar ekanmiz avvalo, ularni axloqiy tarbiyasini, jamiyatdagi har bir insonni haq va hurmatini o‘z joyiga qo‘yishni o‘rgatishimiz lozim.

Ikkinchidan, jismoniy  tarbiya. Yoshlarning jismonan baquvvat, tanlari sog‘lom, g‘ayratli va shijoatli bo‘lishlarida jismoniy tarbiyaning ahamiyati kattadir. Xalqimiz o‘zining hikmatli so‘zida “sog‘lom tanda sog‘lom aql” deb bejizga aytmaydi. Yoshlarimiz o‘z sog‘lig‘ini saqlash uchun harakat qilishlari ularning har xil behuda ishlardan va yot g‘oyalardan uzoq bo‘lishlariga omil bo‘ladi.

Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘tgan asrning boshidayoq “Dunyoda turmoq uchun diniy dunyoviy ilm lozimdur, zamon ilmidan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lur”, degan haqqoniy fikr bildirgan.

Yosh avlodga milliy istiqlol g‘oyasini singdirishda har bir ota-onaning roli ham juda muhim hisoblanadi. Ota-onalar o‘z farzandlarining maktabgacha tarbiyasi, ularning ruhiy ma’naviy taraqqiyotida qanchalik muhim ahamiyat kasb etishi, bu davr uzluksiz ta’lim va tarbiyaning muhim bosqichi ekanini anglab yetishlari zarur. Bunda oilaning ta’lim muassasalari tizimiga izchil uyg‘unlashuviga erishish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Demak, ota-ona yosh avlodga bevosita ta’lim beruvchi, mafkuraviy tarbiyaning asosiy o‘chog‘i sanalmish barcha ta’lim muassasalari (maktab, litsey, kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlari) bilan hamkorlikda mazkur dolzarb vazifani amalga oshirishga mas’uldir.

 

Sattorova Nasiba G‘anijon qizi
 “Bank ishi” kafedrasi katta o‘qituvchisi,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti