SPORT BILAN BAXTLI HAYOT SARI

TDIU xotin-qizlari “Yangi Oʻzbekiston ayollar olimpiadasi”da faol ishtirok etdi

Iyun 30, 2026 - 21:19
 0  2
SPORT BILAN BAXTLI HAYOT SARI

Mamlakatimizda xotin-qizlar sportini rivojlantirish, ularning jamiyatdagi ijtimoiy faolligini oshirish hamda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Bu borada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarning amaliy ifodasi sifatida joriy yilning 15-iyun kuni poytaxtimizdagi muhtasham Olimpiya shaharchasida “Yangi Oʻzbekiston ayollar olimpiadasi”ning respublika bosqichi yuqori saviyada oʻtkazildi.

“Sport bilan baxtli hayot sari!” shiori ostida tashkil etilgan mazkur nufuzli sport anjumanida mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan faol xotin-qizlar, olima ayollar hamda talaba-qizlar bir maydonda jam boʻldi. Musobaqa dasturidan oʻrin olgan shaxmat, shashka, stol tennisi va yengil atletika boʻyicha bellashuvlar ishtirokchilarning bilim, mahorat va jismoniy tayyorgarligini namoyon etdi. Tadbir doirasida oʻtkazilgan “Besh ming qadam” yurish marafoni esa sport bayramiga yanada koʻtarinki ruh bagʻishladi.

Mazkur nufuzli musobaqada Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalari xotin-qizlar maslahat kengashlari raislari qatorida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasi ham munosib ishtirok etdi. Xususan, universitet Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi, pedagogika fanlari doktori, professor M.F. Hakimova hamda TDIU–Pendidikan xalqaro qoʻshma taʼlim dasturi fakulteti xotin-qizlar masalalari boʻyicha dekan maslahatchisi F.T. Xoldarova boshchiligidagi jamoa sportning intellektual va jismoniy tayyorgarlikni talab etuvchi yoʻnalishlarida faol qatnashdi.

Sport nafaqat salomatlik garovi, balki yetakchilik, qatʼiyat va iroda maktabidir. Bugungi olimpiada xotin-qizlarimiz oʻz kasbining fidoyi vakillari boʻlish bilan birga, sport maydonlarida ham faol va tashabbuskor ekanini yana bir bor namoyish etdi, — deydi professor M.F. Hakimova.

Shuningdek, TDIU–Pendidikan xalqaro qoʻshma taʼlim dasturi fakultetining 1-bosqich talabalari O. Dusmatova va M. Nematjonova ham mazkur sport bayramida faol ishtirok etib, universitet jamoasining munosib vakillari sifatida eʼtibor qozondilar.

Bunday sport tadbirlari xotin-qizlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish, jismoniy faollikni oshirish, iqtidor va salohiyatni roʻyobga chiqarish hamda sportni kundalik hayotning ajralmas qismiga aylantirishda muhim oʻrin tutadi.

Bugungi kunda sport xotin-qizlar hayotida nafaqat salomatlik manbai, balki oʻziga ishonchni mustahkamlovchi, qatʼiyat va iroda fazilatlarini shakllantiruvchi, jamiyat hayotida faol ishtirok etishga undovchi muhim omilga aylanmoqda. Shu bois bunday tashabbuslar sogʻlom va faol avlodni tarbiyalash, xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Xoldarova Fariza Tixtabayevna
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Iqtisodiyot va menejment” kafedrasi dotsenti v.b., PhD
Xotin-qizlar masalalari boʻyicha dekan maslahatchisi