O‘ZBEKISTONDA TURIZM SOHASI JADAL RIVOJLANMOQDA

Iyun 26, 2026 - 13:00
 0  3
O‘ZBEKISTONDA TURIZM SOHASI JADAL RIVOJLANMOQDA

So‘nggi yillarda O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy mehmonlar soni ortib, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi tarixiy va zamonaviy shaharlar yanada gavjumlashmoqda. Aeroportlar, mehmonxonalar, ziyorat maskanlari va sayyohlik yo‘nalishlaridagi faollik mamlakatimizda turizm sohasi yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda. Bu jarayon nafaqat boy madaniy merosimizni dunyoga tanitish, balki iqtisodiyot, xizmat ko‘rsatish, transport, tibbiyot va tadbirkorlik sohalari rivojiga ham sezilarli turtki bermoqda.

2026-yilning dastlabki oylarida ham O‘zbekiston turizm sohasi izchil o‘sish sur’atlarini saqlab qoldi. Turizm infratuzilmasining takomillashuvi, xalqaro hamkorlikning kengayishi, transport va xizmat ko‘rsatish sifati oshishi natijasida mamlakatimiz mintaqaviy va xalqaro turizm bozorida o‘z o‘rnini yanada mustahkamlab bormoqda. Ayniqsa, kiruvchi va chiquvchi turistik oqimlarning ortishi sohada amalga oshirilayotgan islohotlar amaliy natija berayotganini ko‘rsatadi.

2026-yil yanvar–aprel oylarida O‘zbekiston fuqarolarining xorijga turistik safarlari sezilarli darajada oshdi. Ushbu davrda jami 2 200 530 nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda xorijga safar qilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 83,7 ming nafarga ko‘pdir. An’anaga ko‘ra, o‘zbekistonliklar eng ko‘p qo‘shni davlatlarga safar qilmoqda. Ro‘yxat boshida 899 004 nafar bilan Qirg‘iziston, undan keyin 388 452 nafar bilan Tojikiston va 354 859 nafar bilan Qozog‘iston turibdi. Uzoq mamlakatlar orasida Saudiya Arabistoni 138 113 nafar va Rossiya 115 094 nafar ko‘rsatkich bilan yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda Turkiya, BAA, Xitoy, Tailand va Misr qayd etilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekistonga kiruvchi turizm ham barqaror o‘sish ko‘rsatkichlariga ega bo‘ldi. 2026-yil yanvar–aprel oylarida mamlakatimizga jami 4 048 417 nafar xorijiy turist tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 930,8 ming nafarga yoki 29,9 foizga ko‘pdir. Bu borada ham qo‘shni davlatlar yetakchilik qilmoqda: Qirg‘iz Respublikasidan 1 141 581 nafar, Tojikistondan 965 488 nafar, Qozog‘istondan esa 935 003 nafar mehmon kelgan. Shuningdek, Rossiyadan 341 842 nafar, Afg‘onistondan 161 537 nafar turist tashrif buyurgan. Xitoydan kelganlar soni 132 240 nafarni tashkil etib, ushbu yo‘nalishdagi o‘sish alohida e’tiborga loyiqdir. Ro‘yxatni Turkmaniston, Turkiya, Hindiston va Koreya Respublikasi davom ettiradi.

Turizm sohasining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan tibbiy turizm ham tobora rivojlanib bormoqda. Hisobot davrida O‘zbekistonga 24 176 nafar xorijiy fuqaro davolanish maqsadida kelgan. Ularning asosiy qismini qo‘shni davlatlar — Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasi va Qozog‘iston fuqarolari tashkil etadi. Bu esa mamlakatimizda tibbiy xizmatlar sifati va ularga bo‘lgan ishonch ortib borayotganidan dalolat beradi.

Shuningdek, 2026-yil yanvar–aprel oylarida Ispaniyadan O‘zbekistonga 6550 nafar turist tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 26,5 foizga oshgan. Ularning aksariyati sayohat maqsadida kelgani mamlakatimizning Yevropa turizm bozoridagi tanilishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Umuman olganda, 2026-yilning dastlabki oylarida O‘zbekiston turizm sohasi barqaror o‘sish tendensiyasini namoyon etmoqda. Kiruvchi va chiquvchi turistlar oqimining ortishi, tibbiy va madaniy turizmning rivojlanishi, Yevropa va Osiyo mamlakatlaridan kelayotgan sayyohlar sonining ko‘payishi mamlakatimiz turizm salohiyati izchil kengayib borayotganini tasdiqlaydi. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi mavqeini yanada oshiradi.

Xushnazarova Maxzuna Gulamdjanovna,
TDIU “Turizm va mehmonxona biznesi” kafedrasi
PhD, katta o‘qituvchi