Yashil makon tabiat va jamiyat uyg‘unligi sari qadam

aprel 2, 2026 - 12:43
aprel 2, 2026 - 12:51
 0  5
Yashil makon tabiat va jamiyat uyg‘unligi sari qadam

Joriy yil 1-aprel-kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berdi. Yashil bog‘ tashabbus mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashil hududlarni kengaytirish va tabiat bilan inson o‘rtasidagi uyg‘unlikni mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli strategiyaning amaliy ifodasidir.

“Yashil makon” g‘oyasi mazmunan an’anaviy ko‘chat ekish amaliyotidan ancha keng bo‘lib, u ijtimoiy-ekologik tizimni takomillashtirishga xizmat qiluvchi kompleks yondashuv sifatida namoyon bo‘ladi. Ushbu jarayonda tabiat resurslaridan oqilona foydalanish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va inson salomatligini muhofaza qilish kabi ustuvor yo‘nalishlar uyg‘unlashgan holda rivojlanmoqda.

Dastur doirasida har yili 200 million tup ko‘chat ekilishi, 2 ming gektardan ziyod maydonda 942 ta yashil bog‘ va jamoat parklari barpo etilgani uning institutsional va tizimli xarakterga ega ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, 256 ming gektar o‘rmonlar tashkil etilishi hamda Orol dengizi qurigan tubida 2 million gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari yaratilishi ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatishga xizmat qilmoqda.

Alohida ta’kidlash joizki, mazkur ko‘rsatkichlar faqat miqdor jihatidan emas, balki sifat jihatidan ham muhimdir. Masalan, 60 kilometrlik “yashil belbog‘”lar tashkil etilishi shamol va qum-chang bo‘ronlarining salbiy ta’sirini kamaytirishga xizmat qilmoqda. Bu esa o‘z navbatida aholi salomatligini muhofaza qilish va ekologik muhitni barqarorlashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yashillik darajasining 8 foizdan 14,2 foizga oshgani mamlakatda amalga oshirilayotgan ekologik siyosatning samaradorligini ko‘rsatadi. 2030 yilga qadar ushbu ko‘rsatkichni 30 foizga yetkazish rejasi ilmiy asoslangan strategik maqsad bo‘lib, bu orqali shahar va qishloq muhitini yanada yaxshilash ko‘zda tutilgan.

Ilmiy-innovatsion yondashuvlar ham mazkur jarayonning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Xususan, galofit o‘simliklarini ekish orqali tuproq sho‘rlanishini kamaytirish, “in-vitro” laboratoriyalari va seleksiya markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali o‘simlik turlarini ilmiy asosda ko‘paytirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu yerda “ilm – loyiha – amaliyot” zanjiri o‘zaro bog‘liq tizim sifatida shakllanmoqda.

Xulosa qilib aytganda, “Yashil makon” tashabbusi ijtimoiy jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Mahalla tizimi, fuqarolar va jamoatchilik ishtirokining kengayishi ekologik madaniyatni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Milliy qadriyatlar – “Bir ko‘chat – ming baraka”, “Yaxshidan bog‘ qoladi” kabi hikmatlar amaliy mazmun kasb etmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi mamlakatning barqaror rivojlanishi, ekologik muvozanatni ta’minlash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim strategik yo‘nalishdir. U tabiat va jamiyat o‘rtasidagi uyg‘unlikni mustahkamlash orqali kelajak avlodlar uchun sog‘lom va barqaror muhit yaratishni maqsad qiladi.


Zaynutdinova Umida Jalalovna
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi dotsenti