YASHIL IQTISODIYOTGA O‘TISHDA EKOLOGIK BARQARORLIK VA ILG‘OR MUHANDISLIK MAKTABLARINI INTEGRATSIYALASHTIRISH DOLZARBLIGI: MUAMMO VA YECHIMLAR

dekabr 4, 2025 - 12:19
 0  15
YASHIL IQTISODIYOTGA O‘TISHDA EKOLOGIK BARQARORLIK VA ILG‘OR MUHANDISLIK MAKTABLARINI INTEGRATSIYALASHTIRISH DOLZARBLIGI: MUAMMO VA YECHIMLAR

O‘zbekistonда so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar mamlakatning ekologik barqaror rivojlanishi, resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish va yuqori texnologiyali iqtisodiyotga o‘tish jarayonlariga sezilarli turtki berdi. Global iqlim o‘zgarishining kuchayib borayotgani “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishni nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlash vositasi, balki iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, sanoatni modernizatsiya qilish va eksport salohiyatini kengaytirishning strategik omiliga aylantirmoqda.

Joriy yil 3-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiy o‘sish masalalari bo‘yicha komissiyasi, Ekologik partiya fraksiyasi hamda “Yashil iqtisodiyot va taraqqiyot” ilmiy jurnali tashabbusi bilan o‘tkazilgan Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi aynan shu jarayonlarning ilmiy asoslarini kuchaytirishga qaratildi. Tadbirda “yashil taraqqiyot” siyosatini ta’lim, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish integratsiyasi orqali yangi bosqichga olib chiqish, muhandislik maktablarining zamonaviy texnologik yechimlarga tayangan holda rivojlanishini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, bugungi iqtisodiy islohotlar markazida zamonaviy muhandislik yechimlari turishi zarur. Energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport-logistika va raqamli infratuzilma kabi ustuvor yo‘nalishlarda “yashil texnologiyalar”ni joriy etish yuqori malakali muhandislar, kuchli ilmiy maktablar va innovatsion ekotizim mavjud bo‘lgan sharoitda samarali kechadi. Shu sababli ilg‘or muhandislik maktablarini tashkil etish, startaplar va tajriba-eksperimental loyihalar uchun zamonaviy infratuzilma yaratish keng ko‘lamli vazifa sifatida dolzarb bo‘lib bormoqda.

Konferensiyada keltirilgan ma’lumotlar O‘zbekistonda “yashil energiya” yo‘nalishidagi o‘zgarishlar sur’atini yaqqol ko‘rsatdi. So‘nggi uch yil ichida umumiy quvvati 3,5 GVt bo‘lgan 16 ta quyosh va shamol elektr stansiyasining ishga tushirilishi, 35 ta kichik GESning barpo etilishi energiya tizimining diversifikatsiyasini keskin kuchaytirdi. Natijada energobalansda qayta tiklanuvchi manbalar ulushi 16 foizga yetdi. 2025-yilgacha ushbu ulushni 26 foizga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun yana 3,5 GVt quvvatdagi QES va ShESlar, 160 MVtli beshta GES hamda 1,8 GVt quvvatdagi energiya saqlash tizimlari qurilmoqda. Qo‘shimcha tarzda 1 GVtli yangi loyiha portfeli shakllantirilgani kelgusi o‘n yilliklar uchun barqaror energiya ta’minotini kafolatlaydigan mustahkam texnologik poydevor yaratmoqda. Shu bilan birga aholiga va tadbirkorlarga quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish maqsadida 2 trillion so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilgani keng qamrovli o‘zgarishlarning amaliy dalilidir.

“Yashil iqtisodiyot”ning huquqiy va institutsional asoslari bosqichma-bosqich mustahkamlanmoqda. “Yashil energiya sertifikati” tizimining joriy etilishi, davlat muassasalarida issiqlik nasoslari va energiya tejamkor texnologiyalarni keng tatbiq etish, 2030 yilga borib yirik loyihalarning yarmidan ko‘pini “yashil format”ga o‘tkazish rejasining qabul qilinishi xalqaro standartlarga mos transformatsiyani jadallashtirmoqda. Shuningdek, kam-uglerodli loyihalarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlaridan 300 million dollar jalb qilinishi ekologik modernizatsiya jarayoniga qo‘shimcha imkoniyat yaratdi.

Ekologik barqarorlikni mustahkamlashda “Yashil makon” dasturi alohida ahamiyatga ega. Har yili 200 million tup daraxt ekilishi, yuzlab bog‘ va jamoat hududlarining barpo etilishi, Orolbo‘yi mintaqasida 2 million gektar yashil maydon yaratish bo‘yicha ishlar ekotizimning qayta tiklanishiga xizmat qilmoqda. 18 ta ixtisoslashgan o‘rmon xo‘jaliklarining yo‘lga qo‘yilishi, “Yashil olam” platformasi orqali aholiga 123 million ko‘chat yetkazib berilishi, ekologik texnologiyalarni qo‘llayotgan tadbirkorlarga “yashil tadbirkor” maqomi berilishi mamlakatda ekologik innovatsiyalar ekotizimi shakllanayotganidan dalolat beradi.

Anjuman natijalari shuni ko‘rsatdiki, “yashil iqtisodiyot” va ilg‘or muhandislik maktablarining uyg‘un rivojlanishi O‘zbekistonda ekologik barqarorlikni kuchaytirish, iqtisodiyotning texnologik raqobatbardoshligini oshirish va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Muhandislik maktablarini rivojlantirish esa xalqaro talablarga javob beradigan, zamonaviy innovatsion ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlashning asosiy omiliga aylanmoqda. Bu jarayon mamlakatning 2030-yilga qadar belgilangan “yashil energiya ulushi yuqori bo‘lgan, barqaror va raqobatbardosh iqtisodiyot” konsepsiyasini hayotga tatbiq etish uchun zarur bo‘lgan ilmiy va texnologik poydevorni mustahkamlaydi.