QO‘SHIMCHA QIYMAT ASOSIDA INDUSTRIAL TARAQQIYOT: YANGI TOG‘-KON LOYIHALARI DRAYVER SIFATIDA
Bugungi global iqtisodiy muhitda raqobat faqat resurslarga egalik qilish orqali emas, balki ushbu resurslardan qanday samarali foydalanish, ularni qanday qoʻshimcha qiymatli mahsulotga aylantirish orqali hal etilmoqda. Axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, energetika, “yashil iqtisodiyot” va yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlari jadal rivojlanayotgan bir sharoitda mis, uran, litiy va boshqa strategik metallarga boʻlgan talab keskin oshib bormoqda. Ayniqsa, mis bozoridagi ehtimoliy tanqislik va narxlarning oʻsishi kabi omillar Oʻzbekiston kabi resurs salohiyatiga ega mamlakatlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, mazkur yigʻilishda belgilangan vazifalar iqtisodiy siyosatning reaktiv emas, balki proaktiv modelga oʻtayotganini koʻrsatadi.
Joriy yil 16-mart kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif doirasida togʻ-kon sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi. Ushbu yigʻilish mazmun-mohiyati jihatidan oddiy tarmoq masalalarini muhokama qilish emas, balki Oʻzbekiston iqtisodiyotini yangi industrial bosqichga olib chiqishga qaratilgan strategik yoʻnalishlarni belgilab bergan muhim iqtisodiy platforma sifatida namoyon boʻldi.
Ulashov Aliboy Rashid oʻgʻli
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi katta oʻqituvchisi