Oʻzbekiston–Serbiya hamkorligi yangi bozorlar, investitsiyalar va qoʻshimcha qiymat sari muhim qadam

may 9, 2026 - 03:39
may 9, 2026 - 03:52
 0  9
Oʻzbekiston–Serbiya hamkorligi  yangi bozorlar, investitsiyalar va qoʻshimcha qiymat sari muhim qadam
Oʻzbekiston–Serbiya hamkorligi  yangi bozorlar, investitsiyalar va qoʻshimcha qiymat sari muhim qadam

Joriy yil 6-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Marko Jurichni qabul qilishi ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarda yangi bosqichni boshlab beruvchi muhim siyosiy voqea sifatida tarixga kirdi.

Oliy darajadagi uchrashuv nafaqat diplomatik muloqotlarning davomi, balki Oʻzbekiston va Serbiya oʻrtasida strategik sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan amaliy qadam sifatida ham katta ahamiyatga ega boʻldi. Ayniqsa, 2025-yil oktabr oyida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi muhokama qilingani tomonlar munosabatlarni uzoq muddatli va barqaror asosda rivojlantirish niyatida ekanini koʻrsatdi.

Uchrashuv davomida ikki davlat oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Serbiya oʻrtasidagi muloqotlar sezilarli darajada faollashib, davlat idoralari, parlamentlar va biznes doiralari oʻrtasidagi aloqalar yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Bu jarayon har ikki mamlakat uchun ham yangi iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bugungi kunda jahon iqtisodiyotida davlatlar oʻrtasidagi raqobat faqat xomashyo yoki tayyor mahsulot savdosi bilan emas, balki qoʻshimcha qiymat yaratish zanjirlarini shakllantirish orqali baholanmoqda. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Oʻzbekiston va Serbiya oʻrtasida mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi va turizm sohalarida kooperatsiyani kengaytirish haqidagi kelishuvlar alohida ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa, qoʻshimcha qiymat yaratishni kengaytirish masalasi mazkur uchrashuvning eng muhim iqtisodiy jihatlaridan biri boʻldi. Chunki zamonaviy iqtisodiyotda faqat xomashyo eksport qilish orqali yuqori iqtisodiy oʻsishga erishib boʻlmaydi. Qoʻshimcha qiymat deganda mahsulotni qayta ishlash, uni yuqori texnologiyali va raqobatbardosh tovarga aylantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va eksport salohiyatini oshirish tushuniladi. Masalan, Oʻzbekiston paxta yoki qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xom holatda emas, balki qayta ishlangan tayyor tekstil, oziq-ovqat yoki sanoat mahsuloti sifatida eksport qilishdan manfaatdor. Serbiya esa Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatlari, farmatsevtika va sanoat kooperatsiyasi boʻyicha muayyan tajribaga ega davlat hisoblanadi. Shu bois ikki mamlakatning iqtisodiy hamkorligi oʻzaro manfaatli ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga xizmat qilishi mumkin.

Ta’kidlash joizki, ikki davlat oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmi hozircha katta emas, ammo soʻnggi yillarda oʻsish dinamikasi kuzatilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga koʻra, ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2025 yil yakunlariga koʻra taxminan 15–20 million dollar atrofida boʻlgan. Bu raqam hali katta emas, lekin hamkorlik imkoniyatlari juda yuqori ekanini hisobga olganda, kelgusi yillarda savdo hajmini bir necha barobar oshirish imkoni mavjud. Uchrashuvda aynan keng koʻlamli kooperatsiya dasturini ishlab chiqish masalasi muhokama qilingani ham buning amaliy ifodasidir. Ayniqsa, qoʻshma korxonalar tashkil etish, texnologiya almashinuvi, innovatsion ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va transport-logistika yoʻnalishlarini rivojlantirish ikki davlat iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Belgrad shahrida joriy yilda Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishini oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishilgani ham muhim ahamiyatga ega. Bu mexanizm iqtisodiy loyihalarni muvofiqlashtirish, investitsiyalarni jalb qilish va biznes uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mehnat migratsiyasi, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlikning kengayishi ikki xalq oʻrtasidagi yaqinlikni mustahkamlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning mazkur uchrashuvi Oʻzbekiston tashqi siyosatining ochiqlik, pragmatizm va oʻzaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslanganini yana bir bor namoyon qildi. Eng muhimi, bu muloqot Oʻzbekistonning xalqaro iqtisodiy munosabatlarda qoʻshimcha qiymat yaratadigan sanoat kooperatsiyasiga tayanayotganini, mamlakat faqat xomashyo eksport qiluvchi davlat emas, balki yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqarishga intilayotganini koʻrsatdi. Bu esa kelajakda mamlakat iqtisodiy barqarorligi, eksport salohiyati va aholi farovonligini oshirishda muhim omil boʻlib rivojlanib boradi.

Xasankhonova Nodira Isametdinovna,
TDIU “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi dotsenti, i.f.d.