BARQAROR RIVOJLANISH MAQSADLARI — O‘ZBEKISTONNING INVESTITSION RAQOBATBARDOSHLIGI ASOSI

Iyun 18, 2026 - 02:45
 0  13
BARQAROR RIVOJLANISH MAQSADLARI — O‘ZBEKISTONNING INVESTITSION RAQOBATBARDOSHLIGI ASOSI

Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) — BMT tomonidan 2015-yilda qabul qilingan va 2030-yilga qadar moʻljallangan 17 ta global maqsad tizimi — bugungi kunda koʻplab davlatlar siyosatining markaziy oʻqiga aylanmoqda. Oʻzbekiston uchun bu maqsadlar nafaqat xalqaro majburiyat, balki milliy taraqqiyot yoʻlidagi aniq harakat dasturi hamdir. Mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar bilan BRM oʻrtasidagi uygʻunlik Oʻzbekistonni xalqaro investorlar uchun ishonchli va barqaror hamkor sifatida namoyon etmoqda.

Xalqaro baholashlarga koʻra, barqaror rivojlanishga yoʻnaltirilgan investitsiyalar anʼanaviy kapital qoʻyilmalarga nisbatan uzoq muddatli samaradorlikni taʼminlaydi. Sogʻliqni saqlash, taʼlim, infratuzilma va ekologik texnologiyalarga yoʻnaltirilgan sarmoyalar iqtisodiy oʻsish bilan bevosita bogʻliqdir. Ayrim baholashlarga koʻra, 2030-yilga qadar BRM bilan bogʻliq global investitsion imkoniyatlar hajmi 12 trillion dollarga yetishi mumkin. Oʻzbekiston ushbu global oqimdan oʻz ulushini olish uchun jiddiy raqobatbardosh imkoniyatlarga ega.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston BRM yoʻnalishida eʼtiborga sazovor qadamlar tashladi. Kambagʻallikni qisqartirish (BRM-1) boʻyicha «Kambagʻallikdan farovonlik sari» dasturi doirasida ijtimoiy himoya tizimi isloh qilindi. Sifatli taʼlim (BRM-4) sohasida maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish va oliy taʼlim tizimini modernizatsiya qilish boʻyicha dasturlar amalga oshirilmoqda. Toza energiya (BRM-7) yoʻnalishida esa yangilangan «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasiga muvofiq, 2030-yilga qadar qayta tiklanadigan energiya quvvatini 25 ming MVtga yetkazish va uning elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushini 40 foizdan oshirish maqsadi belgilangan. Bu islohotlar xorijiy investorlar uchun ishonchli signal vazifasini oʻtamoqda.

Oʻzbekistonning investitsion jozibadorligi soʻnggi yillarda sezilarli darajada oshdi. Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 50 foizdan ortiq oʻsib, 11,9 milliard dollarga yetdi. Erkin iqtisodiy zonalar, IT-parklar va maxsus investitsion hududlar investorlar uchun qulay muhit yaratmoqda. Ayniqsa, agrosanoat majmuasi, turizm va energetika sohalarida investitsion talab ortib bormoqda. Mamlakatning xalqaro reytinglardagi oʻrni ham yaxshilanmoqda. Jumladan, 2026-yilgi Iqtisodiy erkinlik indeksida Oʻzbekiston 14 pogʻonaga koʻtarilib, «oʻrtacha erkin» iqtisodiyotlar guruhiga kirdi. Bu islohotlar samaradorligining muhim koʻrsatkichlaridan biridir.

Oʻzbekiston tajribasi shuni koʻrsatadiki, BRM va milliy taraqqiyot maqsadlarining uygʻunligi investitsion jozibadorlikning mustahkam poydevoriga aylanadi. Islohotlarning izchilligi, institutsional muhitning takomillashuvi va xalqaro hamkorlikning kengayishi mamlakatni 2030-yilga qadar mintaqaning yetakchi investitsion markazlaridan biriga aylantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratmoqda. Bu yoʻlda erishilgan natijalar shunchaki statistik raqamlar emas, balki milliy iqtisodiyotning sifat jihatidan yangilanayotganidan dalolat beradi.

Toʻxtayeva Xurshida Farxodovna

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Mehnat iqtisodiyoti kafedrasi katta oʻqituvchisi

E-mail: x.tuxtayeva@tsue.uz