O‘ZBEKISTONNING GLOBAL MOLIYA ME’MORCHILIGIDAGI YANGI O‘RNI

Iyun 21, 2026 - 00:38
 0  1
O‘ZBEKISTONNING GLOBAL MOLIYA ME’MORCHILIGIDAGI YANGI O‘RNI

Joriy yil 18-iyun kuniToshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga tashrif buyurgan Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ilk qarashda bu odatiy diplomatik tadbir bo‘lib tuyulishi mumkin. Ammo iqtisodiy nuqtayi nazardan qaralganda, mazkur uchrashuv O‘zbekistonning global moliya tizimidagi o‘rni mustahkamlanib borayotgani hamda rivojlanishni moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilishga qaratilgan izchil siyosatning mantiqiy davomi sifatida namoyon bo‘ladi.

Avvalo, Yangi taraqqiyot banki haqida qisqacha to‘xtalib o‘tish joiz. Ushbu ko‘p tomonlama moliya instituti 2015-yilda BRIKS davlatlari — Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika Respublikasi tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, bosh qarorgohi Xitoyning Shanxay shahrida joylashgan. Bankning asosiy vazifasi rivojlanayotgan mamlakatlar va o‘sib borayotgan bozorlarda infratuzilma hamda barqaror rivojlanish loyihalarini moliyalashtirish uchun resurslar jalb qilishdan iborat. Tashkil etilganidan buyon bank tomonidan umumiy qiymati qariyb 42 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan 139 ta loyiha ma’qullangan. Shu jihatdan u an’anaviy moliya institutlariga muqobil bo‘lgan va rivojlanayotgan iqtisodiyotlar manfaatlarini hisobga oluvchi muassasa sifatida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston joriy yilning 5-iyun kuni mazkur bankning to‘laqonli a’zosiga aylandi. Bu bilan mamlakatimiz bankning o‘ninchi a’zosi hamda Markaziy Osiyodan birinchi ishtirokchisi maqomini qo‘lga kiritdi. A’zolikka qo‘shilish jarayoni parlamentning har ikki palatasida ma’qullanib, davlat rahbari tomonidan tegishli qonun imzolanishi bilan yakunlandi. Natijada O‘zbekiston yirik infratuzilma va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtirishning yangi manbaiga ega bo‘ldi.

Mazkur qadamning iqtisodiy ahamiyati bir nechta jihatlarda namoyon bo‘ladi. Eng avvalo, rivojlanishni moliyalashtirish manbalarining kengayishi mamlakatning moliyaviy barqarorligini mustahkamlaydi va iqtisodiy siyosat yuritish imkoniyatlarini oshiradi. Kredit resurslari manbalarini diversifikatsiya qilish iqtisodiy xavfsizlikning muhim sharti hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotining so‘nggi yillardagi barqaror o‘sishi xalqaro moliya institutlari uchun mamlakatimizni ishonchli hamkor sifatida namoyon etmoqda. Xususan, 2025-yilda yalpi ichki mahsulotning 7,7 foizga o‘sgani va kelgusi yillarda ham yuqori o‘sish sur’atlari saqlanishi prognoz qilinayotgani bu ishonchni yanada mustahkamlaydi.

Yangi taraqqiyot bankining muhim afzalliklaridan biri loyihalarni milliy valyutalarda moliyalashtirishga bo‘lgan intilishidir. Bu esa qarz oluvchi mamlakatlar uchun valyuta kurslari o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, milliy xarid tizimlaridan foydalanish va ekologik xatarlarni baholash mexanizmlarini qo‘llash kabi yondashuvlar ham bank faoliyatining muhim jihatlaridan sanaladi.

Uchrashuv yakunida bank ekspertlari ishtirokida o‘rta muddatli qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu loyihalar energetika, suv xo‘jaligi, transport va muhandislik infratuzilmasi, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy sohani rivojlantirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Bu sohalar mamlakat iqtisodiyotining strategik ahamiyatga ega va katta hajmda investitsiya talab qiluvchi tarmoqlari hisoblanadi.

Ayniqsa, suv xo‘jaligi sohasi O‘zbekiston uchun muhim strategik ahamiyatga ega. Suv resurslarining cheklanganligi va iqlim o‘zgarishi ta’siri kuchayib borayotgan bir sharoitda sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish dolzarb vazifaga aylanmoqda. Ilgarigi muzokaralarda ham aynan shu yo‘nalish bank bilan hamkorlikning ustuvor sohalaridan biri sifatida belgilangan edi.

Transport va logistika sohasiga alohida e’tibor qaratilishi ham tabiiy holdir. Dengizga bevosita chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirish va tranzit salohiyatini oshirish iqtisodiy taraqqiyotning muhim omillaridan hisoblanadi. Bu yo‘nalishda amalga oshiriladigan loyihalar nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy integratsiyasi va o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin.

Uchrashuvda ekologik transformatsiya dasturlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda investitsiyalarning samaradorligi nafaqat iqtisodiy natijalar, balki ekologik barqarorlik mezonlari asosida ham baholanmoqda. Yangi taraqqiyot bankining “yashil” moliyalashtirish va ekologik xatarlarni boshqarish bo‘yicha tajribasi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bu mamlakatimizda energiya tejamkor va resurslardan oqilona foydalanishga asoslangan iqtisodiyotni shakllantirish jarayonini qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, Yangi taraqqiyot banki bilan hamkorlikni kengaytirish O‘zbekistonning moliyaviy diplomatiyasidagi muhim va strategik qadam hisoblanadi. Biroq ushbu hamkorlikning amaliy samarasi loyihalarning sifatli tayyorlanishi, institutsional salohiyatning oshirilishi va ajratilgan mablag‘lardan oqilona hamda shaffof foydalanilishiga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Shu bois mazkur hamkorlikni faqat qo‘shimcha moliyaviy resurs sifatida emas, balki zamonaviy boshqaruv tajribasi, xalqaro standartlar va ilg‘or yondashuvlarni o‘zlashtirish imkoniyati sifatida ham baholash maqsadga muvofiqdir.

Zaynutdinova Umida Jalalovna
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
“Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi dotsenti.