E’LON

Oktyabr 31, 2025 - 17:08
Oktyabr 31, 2025 - 17:08
 0  15
E’LON

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan nashrga tavsiya etilgan N.N.  Shamshiyevaning “Oliy ta’lim muassasalarida marketing faoliyatini tashkil etish metodologiyasini takomillashtirish” mavzusida monografiyasi ilmiy jamoatchilik e’tiboriga havola etilmoqda. Monografiyada muallif zamonaviy oliy ta’lim tizimida marketing faoliyatini samarali tashkil etish, ta’lim xizmatlari bozoridagi raqobat muhitini chuqur tahlil qilish, ta’lim muassasalarining brendini mustahkamlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlash masalalariga ilmiy asosda yondashadi.

Monografiyada marketing faoliyatining nazariy va amaliy asoslari, marketing boshqaruvi mexanizmlari, raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish imkoniyatlari hamda innovatsion yondashuvlar orqali oliy ta’lim muassasalarining raqobatbardoshligini oshirish yo‘llari atroflicha yoritilgan.

Shuningdek, asarda xalqaro tajribaga tayanilgan holda, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi sharoitida samarali marketing strategiyalarini ishlab chiqish, talabni prognozlash, ta’lim xizmatlarini diversifikatsiyalash hamda abituriyentlar va ish beruvchilar bilan barqaror aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim ilmiy-amaliy tavsiyalar keltirilgan. Kitobning ilmiy va uslubiy ahamiyati shundaki, u marketing faoliyatini boshqarish sohasida fundamental bilimga ega bo‘lishni istovchi tadqiqotchilar, iqtisodchi olimlar, professor-o‘qituvchilar hamda amaliyotchi mutaxassislar uchun muhim qo‘llanma vazifasini bajaradi.

Monografiyada taklif etilgan yondashuvlar va tahlillar nafaqat ta’lim muassasalari boshqaruvini takomillashtirish, balki ta’lim xizmatlari sifatini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va innovatsion rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda ham amaliy ahamiyat kasb etadi. Ushbu ilmiy nashr Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Kengashining 2025-yil 24-yanvardagi 21-sonli bayonnomasi asosida nashrga tavsiya etilgan bo‘lib, “Tahririy nashriyot” TDIU tomonidan 2025-yilda chop etilgan.

Monografiya oliy ta’lim tizimida marketingning metodologik asoslarini yanada boyitishga, iqtisodiyotni modernizatsiyalash jarayonida ta’lim va innovatsiyalar integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.