MUNOSIB MEHNAT MIGRATSIYASI: JARAYONLAR, MUAMMOLAR VA ISTIQBOLLAR

Bugungi globallashuv va ijtimoiy-iqtisodiy transformatsiyalar sharoitida mehnat migratsiyasi nafaqat iqtisodiy omil, balki muhim ijtimoiy, madaniy va demografik jarayon sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun bu hodisa ko‘plab oilalar hayotining ajralmas qismiga aylangan. O‘zbekiston misolida ham mehnat migratsiyasi hayotiy zarurat, iqtisodiy strategiya va ijtimoiy ehtiyojlarning kesishgan nuqtasida joylashgan murakkab tizimdir.
Bugungi kunda O‘zbekiston aholisining, ayniqsa, yoshlar qatlamining xorijga borib ishlashga bo‘lgan intilishi ortib bormoqda. Ushbu intilishlar ortida turli omillar – iqtisodiy daromadni ko‘paytirish, uy-joy xarid qilish, turmush sharoitini yaxshilash, mustaqil hayot boshlash, oilaviy farovonlikni ta’minlash singari ehtiyojlar yotadi. Chet eldagi ish o‘rinlari ko‘plab yurtdoshlarimiz uchun hayotni o‘zgartirish, iqtisodiy erkinlikka erishish vositasiga aylanmoqda.
O‘zbekistonlik migrantlar asosan qurilish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish, parvarish va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritmoqdalar. Ular orasida malakali mutaxassislar bilan bir qatorda oddiy jismoniy ishchilar ham bor. Bu holat nafaqat mehnat resurslarining xorijga chiqayotganini, balki ularda mavjud kasbiy salohiyatning ham chet elda foydalanilayotganini anglatadi. E’tiborlisi, mehnat migratsiyasi orqali yurtdoshlarimiz yangi texnologiyalar, kasbiy ko‘nikmalar, til va madaniyatlar bilan tanishadi. Ular orttirgan tajriba, ayniqsa, vatanga qaytgach, jamiyat taraqqiyotiga foydali bo‘lishi mumkin.
Aynan shu kontekstdan kelib chiqib, “munosib mehnat migratsiyasi” tushunchasi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Mazkur tushuncha migratsiya jarayonlarining inson sha’ni, huquq va xavfsizligi asosida tashkil etilishini anglatadi. Mehnat migrantlari nafaqat daromad topishi, balki qonuniy, xavfsiz, ekspluatatsiyadan holi va ijtimoiy himoyaga ega muhitda faoliyat yuritishi kerak. Afsuski, amaliyotda bu tamoyillarga to‘liq rioya qilinmayapti. Xorijda ayrim yurtdoshlarimiz noqonuniy, og‘ir, insoniy qadr-qimmatga zid sharoitlarda mehnat qilishga majbur bo‘layotgani achinarli haqiqatdir.
Eng jiddiy muammolardan biri bu – huquqiy himoya yetishmovchiligi. Til bilmaslik, yuridik savodsizlik, ishonchsiz vositachilarga aldanish kabi holatlar ularning ijtimoiy xavfsizligini zaiflashtiradi. Natijada ayrimlar o‘z mehnat haqini ololmaydi, hujjatlari yo‘qligi sababli deportatsiya qilinadi yoki mehnat ekspluatatsiyasi qurboniga aylanadi. Mehnat migratsiyasi albatta shaxsiy manfaatlar asosida amalga oshirilsa-da, u davlatlararo siyosiy, huquqiy va ijtimoiy mexanizmlar bilan tartibga solinishi zarur.
Mehnat migratsiyasi shuningdek, oilaviy hayot va jamiyat barqarorligiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Uzoq muddatli ayriliqlar natijasida oilaviy munosabatlar zaiflashadi, farzandlar tarbiyasida bo‘shliqlar yuzaga keladi, psixologik muammolar kuchayadi. Ayniqsa, ota-onasidan biri xorijda ishlayotgan oilalarda bolalarning axloqiy va ijtimoiy rivojlanishi izdan chiqishi mumkin. Shunday sharoitda vaqtinchalik moddiy yordam o‘z-o‘zidan yetarli emas, balki ijtimoiy va psixologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlar zarur bo‘ladi.
Shu bilan birga, mehnat migratsiyasini butunlay to‘xtatish real emas. Aksincha, bu jarayonni tartibga solish, qonuniylashtirish va manfaatli yo‘nalishga yo‘naltirish zamonaviy talabdir. O‘zbekiston hukumati bu borada muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda: Migrantlarga ko‘mak berish markazlari tashkil etilgan, xorijiy mamlakatlar bilan ishchi kuchini yuborish bo‘yicha ikki tomonlama bitimlar imzolanmoqda. Biroq bu faqat boshlanishidir.
Migratsiyani samarali boshqarish uchun faqat xorijda emas, balki ketishdan oldin fuqarolarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratish lozim.
Bu tayyorgarlik kasbga yo‘naltirish, til o‘rgatish, huquqiy savodxonlikni oshirish, madaniy moslashuv bo‘yicha kompleks yondashuvni talab etadi. Ana shundagina mehnat migratsiyasi nafaqat daromad manbai, balki jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan samarali ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmga aylanishi mumkin.
Gulmurodov Kamoliddin Abduqodir o‘g‘li
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti katta o‘qituvchisi