QAYTA TIKLANUVCHI YASHIL ENERGIYA – YANGI O‘ZBEKISTONDA QO‘SHIMCHA QIYMAT YARATUVCHI ISTIQBOLLI INNOVATSIYALAR

Sentabr 25, 2025 - 17:11
 0  60
QAYTA TIKLANUVCHI YASHIL ENERGIYA – YANGI O‘ZBEKISTONDA QO‘SHIMCHA QIYMAT YARATUVCHI ISTIQBOLLI INNOVATSIYALAR

Markaziy Osiyotabiiy resurslarga boy va qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega bolgan kam sonli mintaqalardan biri hisoblanadi. Shu bois, songgi yillarda Ozbekiston iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, uglevodorodlarga bogliqlikni kamaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga bosqichma-bosqich otish boyicha keng kolamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinganYashil iqtisodiyotga otish strategiyasidoirasida 2030-yilga qadar mamlakatda energiya ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi manbalar ulushini 30 foizga yetkazish vazifasi belgilab qoyilgan.

Ulkan maqsadga erishish uchun quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurishga yuzlab million dollarlik investitsiyalar jalb qilinmoqda. Masalan, 2024-yilda Navoiy va Buxoro viloyatlarida yirik quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi, Jizzax hamda Qoraqalpog‘istonda shamol stansiyalarini qurish ishlari olib borilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, mazkur loyihalar ishga to‘liq kirishganda mamlakatda yillik energiya sarfining kamida 10–12 foizi tejaladi. Bu nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki ekologik barqarorlikni ham ta’minlaydi.

Insoniyat tamadduni shiddat bilan rivojlanmoqda va bu jarayon, eng avvalo, energiya manbalari bilan chambarchas bog‘liq. Bugungi kunda tabiiy yoqilg‘ilardan inqilobiy tarzda yashil energetikaga o‘tish taraqqiy etgan davlatlarning ustuvor siyosatiga aylangan. Germaniya, Yaponiya, Xitoy va AQSh tajribalari shuni ko‘rsatadiki, qayta tiklanuvchi energiyaga investitsiya kiritish nafaqat iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlaydi, balki energiya eksporti orqali qo‘shimcha daromad manbai sifatida ham xizmat qiladi.

Yangi O‘zbekistonda ham barcha sohalarda tub o‘zgarishlar, modernizatsiya jarayonlari va raqamli texnologiyalarga o‘tish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Shu qatorida, tabiiy yoqilg‘ilardan olinadigan elektr energiyasi o‘rniga quyosh panellari va shamol turbinalari keng joriy etilmoqda. Davlat muassasalarini quyosh panellari bilan jihozlash, xususiy sektorni quyosh va shamol energiyasiga o‘tishga rag‘batlantirish bo‘yicha soliq imtiyozlari berilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, faqatgina davlat muassasalarida quyosh panellariga o‘tish orqali yiliga 15–20 foiz energiya tejalishi mumkin.

Shu tariqa, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari nafaqat iqtisodiy o‘sish drayveri, balki ekologik barqarorlik va kelajak avlodlar uchun sog‘lom muhitni ta’minlash vositasi sifatida qaralmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning geografik joylashuvi quyosh energiyasi ishlab chiqarish uchun juda qulay. Mamlakatda quyoshli kunlar ko‘p va quyosh radiatsiyasi darajasi yuqori. Bu esa, quyosh elektr stansiyalarining samarali ishlashini ta’minlaydi. Shamol energiyasi ham O‘zbekiston uchun katta salohiyatga ega. Soha mutaxassislari va olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda aniqlangan mavjud tabiiy yoqilgi-energiya resurslari (tabiiy gaz, neft) 100–150 yil ishlatishga yetadi. Shu sababli ko‘plab davlatlarda energiya xavfsizligini ta’minlash va energiya samaradorligini oshirish siyosati qo‘llanmoqda.

Bugun Yangi O‘zbekiston energetika tizimida ham mamlakat energiya xavfsizligini ta’minlash, energiya samaradorligini oshirish va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror energiya bilan ta’minlash borasida ulkan loyihalar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning energiya sig‘imini yanada qisqartirish, mahsulot tannarxini kamaytirish va “yashil energetika” siyosatini amalga oshirish, ya’ni qayta tiklanadigan energiya manbalaridan, jumladan, quyosh, shamol va suv energiyasidan foydalanishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Birinchidan, qayta tiklanuvchi energiya resurslaridan keng foydalanish orqali yoqilg‘i muvozanatini diversifikatsiya qilish, ya’ni an’anaviy yoqilg‘i turlarini qayta tiklanadigan energiya turlariga almashtirish hisobiga tabiiy yoqilg‘ilar (tabiiy gaz, ko‘mir)ning elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarishdagi hissasini kamaytirish e’tiborga olingan.

Ikkinchidan, iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarishning energiya sig‘imini qisqartirish hamda sanoat hududlarining ekologik holatini yaxshilash vazifalari belgilab berilgan.

Rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan biri bo‘lgan quyosh energiyasi amaliyotda yaxshi o‘zlashtirilgan. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari — quyosh, shamol, gidro va geotermal energiya ishlatilganda, an’anaviy yoqilg‘ilar kabi issiqxona gazlari ajralmaydi yoki juda kam miqdorda ajraladi. Bu esa iqlim o‘zgarishining asosiy sababi bo‘lgan karbonat angidrid (CO₂) va boshqa gazlarning atmosferaga chiqarilishini kamaytirishga yordam beradi.

Ko‘mir va neft kabi yoqilg‘ilar yoqilganda, havoga zararli moddalar, jumladan, azot oksidlari, oltingugurt dioksidi va zarrachalar tarqaladi. Bu moddalar nafas olish yo‘llari kasalliklari, yurak-qon tomir kasalliklari va boshqa salomatlik muammolariga olib kelishi mumkin. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari bunday ifloslanishning oldini oladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari cheksizdir. Quyosh nuri, shamol va suv kabi manbalar doimiy ravishda mavjud bo‘lib, ularni ishlatish yer osti boyliklarini qazib olish zaruratini kamaytiradi va tabiiy ekotizimlarni saqlashga yordam beradi.

Qolaversa, qayta tiklanuvchi energiya sohasi tez sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda va ushbu sohada yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Quyosh panellarini o‘rnatish, shamol elektr stansiyalarini qurish va ularga xizmat ko‘rsatish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya texnologiyalarini ishlab chiqish va tadqiq qilish kabi sohalarda yuqori malakali mutaxassislarga talab ortib bormoqda.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalariga investitsiya kiritish mamlakatning energiya manbalariga qaramligini kamaytiradi. Bu borada “Acwa Power”, “Masdar”, “Linde”, “Shanghai Environment”, “Total Energies” singari yetakchi kompaniyalar 8 milliard dollardan ziyod investitsiya kiritib, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda.

Investitsiyalar, mahalliy energiya manbalaridan foydalanish energiya ta’minotidagi uzilishlar va narxlarning o‘zgarishi kabi xavflarni kamaytiradi. Qayta tiklanuvchi energiya loyihalari qishloq hududlarida iqtisodiy faollikni oshirishga yordam beradi. Masalan, shamol elektr stansiyalari fermerlar va yer egalari uchun qo‘shimcha daromad manbaini yaratishi mumkin.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish oson jarayon emas. Ba’zi muammolar, jumladan, energiya ishlab chiqarishning o‘zgaruvchanligi (quyosh va shamol energiyasi ob-havo sharoitiga bog‘liq), yuqori dastlabki investitsiyalar va infratuzilmaning yetarli emasligi kabilarni hal qilish kerak. Akkumulyatorlar va boshqa saqlash texnologiyalari quyosh va shamol energiyasidan olingan ortiqcha energiyani saqlab, talab yuqori bo‘lgan vaqtlarida undan foydalanish imkonini beradi.

Bu borada soliq imtiyozlari, subsidiyalar va boshqa rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlar qayta tiklanuvchi energiya loyihalariga investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish ekologik barqarorlikka erishish, iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va energiya xavfsizligini ta’minlash uchun muhim qadamdir. Garchi muammolar mavjud bo‘lsa-da, mavjud yechimlar va texnologiyalar qayta tiklanuvchi energiyani kelajak uchun ishonchli va samarali energiya manbaiga aylantirish imkonini beradi. Har bir inson, hukumat, biznes va jamiyat qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tish jarayonida o‘z hissasini qo‘shishi kerak.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari muqobil energiya manbalarini rivojlantirish uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Mintaqa nafaqat energiya resurslarini barqaror yetkazib berishni ta’minlay oladigan, balki uglerodni qisqartirish bo‘yicha global jarayonga ham katta hissa qo‘sha oladigan ishonchli hamkorga aylanishi mumkin.

Markaziy Osiyo mamlakatlari ishtirokida amalga oshirilayotgan Kaspiy va Qora dengiz orqali Yevropaga “yashil strategik yo‘lak” barpo etish loyihasida hamkorlik uchun ulkan salohiyat mavjud. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi o‘zaro manfaatli energetik bog‘liqlikning mustahkam asosini yaratadi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidan Yevropaga elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha xalqaro loyihani to‘liq qo‘llab-quvvatladi. Samarqandda shu yil may oyida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo–Yevropa Ittifoqi sammiti arafasida ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli bitim ratifikatsiya qilindi.

Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab elektr kabelini o‘tkazish bo‘yicha Qozog‘iston–O‘zbekiston–Ozarbayjon qo‘shma uch tomonlama loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, O‘zbekiston 2030-yildan boshlab ortiqcha elektr energiyasini Yevropaga eksport qila oladi. Yevropaga “yashil energetika yo‘lagi”ning qiymati 2 mlrd dollardan ortiqka baholanmoqda.

Loyihaga binoan, 2030-yilga borib O‘zbekiston Yevropa davlatlariga 10–15 mlrd kVt/soat elektr energiyasi eksport qila oladi. Shu yilning 1 iyul kuni Ozarbayjonning “Azerenerji” OAJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Qozog‘istonning “KEGOS” AJ vakillari Bokuda faoliyat yuritadigan “Green Corridor Alliance” MChJ qo‘shma korxonasini ta’sis etish va uning ustavini tasdiqlash to‘g‘risidagi bitimni imzolashgani bu yo‘ldagi dastlabki qadam bo‘ldi.

Loyihaning amalga oshirilishi mamlakatlar uchun energetik xavfsizlikni ta’minlash, barqaror rivojlanish maqsadlari va Yevropaga “yashil energiya” eksportini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, 2024-yil 13-noyabr kuni Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tgan COP-29 xalqaro iqlim sammiti doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon prezidentlari o‘rtasida “yashil energiya”ni rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi.

O‘zbekistondan boradigan elektr energiyasi Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimi orqali Qozog‘istondan Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab kabel orqali Ozarbayjonga, u yerdan Gruziyaga, so‘ngra Qora dengiz tubidagi kabel orqali Ruminiya, Vengriya va Bolgariyaga yetkaziladi.

Ayni paytda O‘zbekiston va mintaqadagi boshqa davlatlar qayta tiklanuvchi energetika salohiyatini faol kengaytirmoqda. “Yashil” energetika va iqlim sohasidagi loyihalarni amalga oshirish Markaziy Osiyoda “uglerod kreditlari” bozorini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu mexanizm korxonalarga ekologik toza texnologiyalarga investitsiyalar jalb qilish imkonini beradi, shuningdek, uglerod kvotalari savdosi sohasida xalqaro hamkorlik platformasiga aylanadi.

Masalan, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 14 ta yangi quyosh va shamol elektr stansiyalariga qo‘shimcha ravishda umumiy quvvati 24 ming megavatt bo‘lgan 50 dan ortiq shunday loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Boz ustiga, yaqin besh yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazish maqsad qilingan. Bu issiqxona gazlari chiqishini qariyb 16 million tonnaga qisqartirish imkonini beradi va O‘zbekiston Parij kelishuvi doirasida issiqxona gazlari chiqindisini 35 foizga kamaytirish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni muddatidan oldin bajarilishiga imkon beradi.

Yana bir muhim yo‘nalish energetika tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘lib, bu ularning samaradorligini oshiradi va uglerod izini kamaytirishga xizmat qiladi. Kompaniyalar “yashil” energiya, chiqindilarni qayta ishlash, elektr energiyasini saqlash, “yashil” vodorod ishlab chiqarish kabi ilg‘or sohalarda yangi loyihalarni boshlaganini alohida ta’kidlash joiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 23 iyun kuni yirik sanoat korxonalarini “yashil” energiya bilan ta’minlash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishuvi chog‘ida ham mamlakatimizda muqobil energiya quvvatlarini kengaytirish masalasiga yana bir bor to‘xtaldi.

Qisqa davrda bu sohaga qariyb 6 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib kelishi natijasida yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi avvalgi 59 milliarddan hozirda 82 milliard kilovatt-soatga yetdi. 2030-yilga borib, yurtimiz aholisi 41 milliondan, iqtisodiyot hajmi 200 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Tabiiyki, bu elektr energiyasiga qo‘shimcha talab tug‘diradi. Shu sababli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng ishga solish choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, yil yakuniga qadar 12 ta quyosh va 4 ta shamol elektr stansiyasi, 12 ta energiya saqlash tizimi ishga tushiriladi. Ularga investitsiya hajmi jami 5 milliard dollardan ziyod bo‘lib, sal kam 9 milliard kilovatt-soat quvvatga ega bo‘ladi. Shuningdek, bu yil umumiy qiymati 7 milliard 200 million dollarlik yana 11 ta loyiha qurilishi boshlanadi.

Energiyani nafaqat ishlab chiqarish, balki tejash ham juda muhim. Davlatimiz rahbari tomonidan energiya isrofini kamaytirish, ayniqsa, yirik sanoat korxonalarida tejamkor uskunalar o‘rnatish vazifasi qo‘yilgan. Yurtimizda jami elektr iste’molining uchdan bir qismi 18 ta tarmoqqa to‘g‘ri keladi. Masalan, suv xo‘jaligidagi nasoslarga yiliga 6,5 milliard kilovatt-soat elektr sarflanmoqda. Shu bois 12 ta yirik nasosni modernizatsiya qilib, har biriga 75–100 megavattli quyosh stansiyasi hamda 50 megavattli saqlash qurilmasi o‘rnatish vazifasi belgilandi. Natijada nasoslarning elektr sarfi yiliga 2 milliard kilovatt-soatga kamayib, 4,5 milliard kilovatt-soatga tushadi.

Neft-gaz korxonalarida ham 240 megavattli quyosh stansiyasi va 300 megavattli saqlash qurilmalari o‘rnatib, kamida 600 million kilovatt-soat elektr olish imkoniyati bor. 2035-yilda yurtimizda elektr iste’moli 121 milliard kilovatt-soat bo‘lishi hisob-kitob qilingan. Shu bois uzoqni o‘ylab, energetikaning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. 2030-yilga borib, jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Bunda eng salohiyatli yo‘nalishlar suv va atom quvvatlaridan foydalanishdir. Xususan, 2025–2026-yillarda umumiy quvvati 167 megavatt bo‘lgan 2 983 ta mikro GES barpo etish belgilangan. Ushbu loyihalar natijasida 500 million kilovatt-soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 151 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Qurilish davrida 1 200 nafar, loyihalar ishga tushganidan keyin 520 nafar fuqaro ishli bo‘ladi.

Bu yil quvvati 65 megavatt bo‘lgan 1 185 ta mikro GES barpo etiladi. Ularning aksariyati tadbirkorlar tomonidan ishga tushiriladi. Kelgusida atom energiyasi ham bazaviy manbalardan biriga aylanishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda yurtimizda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurish loyihasi ustida ish olib borilmoqda.

Bo‘lajak stansiyaning har bir bosqichi – loyihalashtirishdan to bitgungacha Xalqaro atom energiyasi agentligining qat’iy nazorati ostida bo‘ladi, jahonning eng ilg‘or tajribalari va xavfsizlik talablari tatbiq etiladi.

Tan olish kerak, O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishga o‘tish, iste’moldan ortiqcha energiyani eksport qilish borasida dadil qadamlar tashlayapti. Xususan, infratuzilma loyihalariga investitsiyalarni ko‘paytirish, xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi qonunchilikni Yevropa Ittifoqi standartlariga muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda. Agar bu vazifalar muvaffaqiyatli bajarilsa, kelajakda O‘zbekiston xavfsiz, arzon, ekologik toza “yashil” energiyaga ega salohiyatli davlatga aylanadi.

Mukhiddin KALONOV
Navoiy davlat universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.